Tesha Saydaliyev (1933-1972)

Tesha Saydaliyev 1933 yilda tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini bitirgan. “Tuhfa”, “Surxon sadolari”, “Ko‘ngil gavhari” she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Shoir 1972 yilda vafot etgan.

INTIZORDIR QALBIMDA O‘YIM

Derazam ortidan oy qarar yovvosh,
Senmisan deb, boqaman unga?
Tun pardasin yirtib, jilmayar quyosh,
Senmisan deb, boqaman unga?

Gullarning atrini purkar shabboda,
Deyman, sochi silkinar chog‘i.
Sen – menga quyoshsan, oysan dunyoda,
Sen – umrimning gullagan bog‘i.

Shuning-chun ham tezroq kelgin, sevgilim,
Gar kelmasang to‘lmaydi uyim.
Senga intizordir ko‘zlarim, dilim,
Intizordir qalbimda o‘yim.

BU QO‘LLAR

Yo‘q, ipakday emasdir yumshoq,
Qadoqlidir sening qo‘llaring.
Qachon,
Qayda bo‘lmasin,
Har choq
Saboqlidir sening qo‘llaring.

Ularda yo‘q
Manikyur,
Uzuk,
Jozibasi – mehnat qadog‘i.
Do‘stlar derkan:
“Bu qo‘llar tuzuk!” –
Bu ta’rifning bormi adog‘i?

Ochilsin deb, keng, yangi yo‘llar,
Shod etay deb, Vatan, xalqimni,
Baxt yaratar,
Qurar bu qo‘llar,
Shu qo‘llarga beray qalbimni.

JO‘Sh URDI ZAVQIM

Qarashimda bobomlar o‘tqazgan chinor,
Yana bo‘ydor bo‘pti, yana ham serbarg.
Adashdimmi deya, boqaman takror,
Tug‘ilgan uyimdan ko‘rinmas asar.

Borgandim qalbimni etib xumori,
Onam allasining rohatbaxsh kuyi.
Kimni ham qo‘msatmas umr bahori,
Kimni rom etmagay tug‘ilgan uyi?

Tug‘ilgan uyimda xayollar surib,
Suhbat qurolmadim,
Yo‘qdir o‘kinchim.
O‘sha uy o‘rnida bir anhor ko‘rib,
Anhorday jo‘sh urdi zavqim, sevinchim.

DARAK BO‘LMAY JAVOBINGDAN

Kunim tundir, dilim xundir,
Darak bo‘lmay javobingdan
Yo o‘rtash zavqi avlomi bu shaydoi
kavobingdan?

Holimdan gullarim yig‘lar,
Kuyib bulbullarim yig‘lar,
Bu-ku men, tog‘ cho‘kib ketgay ravo ko‘rgan
azobingdan.

Xating malham bu xastangga,
Hamon ko‘ngli shikastangga,
Jonimga jon qo‘shilmay ishq atalmish ul
kitobingdan.

Xating olgach, olib borsam,
Xatingdan o‘rgilib borsam,
Judo bo‘lmasmi bu ko‘ngil: “Keling!” degan
xitobingdan.

“Keling!” desang, g‘amim ketgay,
Quyoshga qo‘llarim yetgay,
Poyimda lola ungay bir tabassum, ming
savobingdan.

HAYRAT

Bir kun gul g‘unchasin taqib o‘tding sen,
Bir kun hayo bilan boqib o‘tding sen,
Bir kun daryo kabi oqib o‘tding sen,
Har gal ishq gulxanin yoqib o‘tding sen.

Bilmadim, qandaydir ko‘yga qoldim men,
Bilay deb, o‘zimni uyga oldim men,
Bu ne deb, tunlari o‘yga toldim men,
Qalbimning urishin kuyga soldim men.

O, go‘zal, sevgidan so‘ylasak birga,
Yangi niyatlarni o‘ylasak birga,
Men ko‘zlagan to‘yni to‘ylasak birga,
Baxtimiz qo‘shig‘in kuylasak birga.

ALANGA

Ishqim avval bo‘lsa ham uchqun,
Harorati jon edi tanga.
Sirlashdimu sen-la o‘sha kun,
Bu uchqundan yondi alanga.

Alangaki, tolmas qo‘l bilan
Senga bog‘lab qo‘ydi dilimni.
Uni ming yil lovullatgayman,
Yoritsin deb, hayot yo‘limni.

TO‘RTLIK

Ko‘zim der, dilbaring ko‘rgan o‘zimman,
Yo‘lingni ul tomon burgan o‘zimman.
Bu yo‘ldan qaytmagin, aslo, adashma,
Shudir baxting, ko‘rib turgan o‘zimman.

O, GULIM

Oydin tun.
Hovlimiz dokaday oppoq,
Qishning par ko‘rpasi yotar yastanib.
Dilimga boqaman, ishqingda yonib,
Qurg‘ur imkon bu kech bunchalar qochqoq?

Shunda ro‘molchangni olaman qo‘lga,
U – dilbar bahorning tirik parchasi.
G‘unchayu gullari, bargi… barchasi
Mehrim choparini yetaklar yo‘lga…

…Tong otar,
Ustida kumush nur o‘ynar,
Qishning par ko‘rpasi yotar yastanib.
Men esa ishqingda o‘rtanib, yonib,
Ishqim parvozila bo‘laman quvnab.

O, gulim,
Ochig‘in aytayin senga:
Ro‘molchangga boqib, seni ko‘rgan dam
Bahor bo‘lib ketar atrof-aylanam,
Seni bir eslash ham
Bahordir menga.