Shuhrat (1918-1995)

Shuhrat (Alimov G‘ulom Aminjonovich) 1918 yil 19 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1986). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1978). Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti (1936—40)da o‘qigan. Dastlabki asari — «Mexrol» (ertak-doston, 1940). Ko‘plab she’riy («Bizning ko‘cha», 1947; «Hayot nafasi», 1948; «Balladalar», 1958; «Sening sevging», 1961; «Ishqingda yonib», 1964; «Buyuk muhabbat», 1966; «Lirika», 1973; «Shaydo ko‘ngil», 1976; «Hali tun uzoq», 1984 va boshqa) va nasriy («Oila», 1946; «Bir kecha fojiasi», 1976 va boshqa) to‘plamlarini e’lon qilgan. «Mardlik afsonasi» (1959), «Guldursin» (1960), «Quvg‘indi» (1963) singari dostonlar yozgan. «Shinelli yillar» (1958), «Oltin zanglamas» (1965), «Jannat qidirganlar» (1968) romanlari ham bor. «Besh kunlik kuyov» (1970), «Qo‘sha qaringlar» (1971), «Ona qizim» (1973) kabi dramalar muallifi. A. S. Pushkin, V. Shekspir, T. Shevchenko, Lope de Vega kabi yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1995 yil 20 iyunda Toshkentda vafot etgan. Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2003).


ORZULAR, FIKRLAR

Orzuning bo‘lmaydi so‘nggi nuqtasi,
Fikrning muntazam aniq qirg‘og‘i.
Tafakkur – orzuning chin omuxtasi,
Istiqbol mulkining nurli chirog‘i.

Orzusiz yozmaydi fikrlar qanot,
Fikrsiz orzuning qo‘l-oyog‘i shol.
Ikkisi misoli egarlangan ot,
Uddalab minolsang, ufqlarga sol!

Hey, shirin orzular, teran fikrlar,
Qanchalar go‘zalsiz, qanchalar ulkan!
Hamisha ufqlar sizni chaqirar,
Misoli dengizda ochilgan yelkan.

Esimni tanibman, men sizga shaydo,
Siz mening ulfatim, mulkim, xazinam,
Siz uchun umrlar bo‘ladi fido,
Yoshlikday sevaman sizni hozir ham!!!

* * *

Ilhomning yo‘llari uzundan-uzun…
Goh qoya ortidan keladi tolib.
Goh dengiz qa’riga tik urib o‘zin,
To‘fon-la chiqadi hayqiriq solib.

Ba’zida ko‘klarda chaqmokdek yelib,
Ufqdan ufqqa urar nurli bosh.
Ba’zida mushukdek sudralib kelib,
Tizzangga qo‘yadi boshini yuvosh.

Bu bori ilhomdir. Tizginsiz ilhom,
Gohida nomi bor, gohida benom.
Ba’zisi qog‘ozga tushadi asta,
Ba’zisi yuradi hamon havasda!

O, o‘jar, befursat, beqolip ilhom.
Bari bir sen o‘zing sharob to‘la jom!

MEROS

O‘g‘illarim Fikrat, Xondamir, Bobur va qizim Zeboga

Men seni o‘stirdim silab-siypalab,
Edirdim, ichirdim, toza kiydirdim.
Terlasang, manglaydan tering sidirdim,
Qoqilsang, turgizdim ko‘nglingga qarab.

Taqdirdan shikoyat qilmadim senga,
Senga ham shu yo‘lni maslahat berdim.
Adashsang, haq yo‘lin ko‘rsatib turdim,
Poklikdan nur quydim murg‘ak ko‘ksingga.

Shukurki, kamligim yo‘kdir boshqadan,
Birovga tikmadim hasad ko‘zini.
Ikkita qilmadim ustoz so‘zini,
Do‘stlarim safidan uzmadim qadam.

Sochlarim oqardi, yo‘lim qisqardi,
Ba’zi bir tishlarim o‘zimnikimas.
Do‘stlar ham kamaydi, endi but emas,
Kiprikda, qoshimda yo‘llarning gardi.

Goh dilim o‘ynaydi, goh bosim baland,
Goh boshim aylanib, to‘xtab qolaman.
Entikib-entikib nafas olaman,
Dahshatli o‘ylarga fikrim bo‘lib band.

Shunda ham o‘limdan qo‘rqmayman, o‘g‘lim,
O‘limdan qo‘rqmoqlik – nomardning ishi.
Rost aytsam, niyatim chala qolishi
Bag‘rimni qiladi tilim va tilim!

Quloq sol, ey o‘g‘lim, vaqtiki yetib,
Men yorug‘ dunyodan ko‘zimni yumsam,
Demakki, ijoddan to‘xtasam, tinsam,
Uyma-uy izg‘ima zo‘r meros kutib.

Na bordir mol-mulkim, na mo‘may pulim,
Do‘stlarim yasaydi umrimga yakun.
Sen uchun merosim – pok umrim, lekin
Undan ham azizi – o‘z ona tilim!!!

UMID

Men bilaman: u endi kelmas,
Men bilaman: u bo‘lgan qurbon!
Men bilaman: kutmoq endi bas,
Men bilaman: qiynaladi jon.

Lekin kutmay ilojim ham yo‘q,
Umid bilan umr yugurik.
Qalbim deydi: unga tengmas o‘q,
Qalbim deydi: u odam tirik.

Ishonaman bari bir hamon,
Kirib kelar salomat, omon.
Umid bilan tirikman o‘zim,
Yo‘llarida hamisha ko‘zim.

YaXShILIK

O‘z umringda bitta yulduz yoq,
Bir yulduzki, nurli va porloq.
Hech bo‘lmasa bitta chiroq yoq,
Qorong‘ilik siljisin yiroq!

O‘z umringda bitta ariq och,
Shoyad topsa bir nihol rivoj!
Hech bo‘lmasa, ey baxti suluv,
Gullarga quy biron kosa suv!

O‘z umringda bitta ko‘chat ek,
Yashnab tursin kulgan baxtingdek.
O‘z umringda och bitta qalam,
«Tinchlik» so‘zin yozsin bu olam!..

…Gar yaxshilik kelmas qo‘lingdan,
Yaxshi niyat qilgil dilingdan!

TOMChIGA QULOQ SOL

Tomchiga quloq sol, nima deydi u,
U axir yangi bir havasu tuyg‘u,
U tarnov uchidan tomadi bir-bir,
Bahorning nafasi qilibdi ta’sir.

Bahorni yetaklab kelmoqda o‘zi,
Nur bilan to‘ladir ming bitta ko‘zi.
Sen uning kuyiga quloq tut, quloq,
Qish ketib boradi, oyogi cho‘loq!

ShOGIRDGA

Men orzu qilganu yetolmay qolgan
Orzuning bog‘ida men seni ko‘rsam.
Yuz bora intilib o‘tolmay qolgan
Eng baland cho‘qqida men seni ko‘rsam.
Men toshib aytolmay qolgan
So‘zlarim tilingda tursa jaranglab…

IKKILIKLAR

Tun
Yulduz porlab yonsa deb zora,
Yuzlariga tortadi qora!

Oy
Oy – Quyoshning o‘gay farzandi,
Shu sababdan sovuq va bandi.

Umr yo‘li
Egri-bugri tortilgan chiziq,
Kim to‘g‘rilab oladi?! Qiziq!

Vahima
Arslon mag‘rur o‘kirgan chog‘i
Chalishadi otning oyog‘i.

Mehr
Muhabbatga doim zor ko‘ngil,
Kelishidan ketishi yengil.

Hasadgo‘y
Soyda o‘sgan achchiq bir alaf,
Mehribonlik qiladi talab.