Shuhrat Orif 1981 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan. “Men asli odammas, yor edim” kitobi chop etilgan.
MEN
Men – suluvni ko‘rmagan oshiq
va ko‘rmasdan ketishi ayon.
Ortingizdan yetolmayapman –
Siz halloslab borursiz qayon?
Men – so‘zini yo‘qotgan shoir,
Qayg‘ularni sevuvchi dalli.
Pichirlasam ustimdan kulmang,
Berayapman o‘zga tasalli…
Siz topingan sag‘ir dunyoni
Asrab qolish bilan mashg‘ulman.
Mavlononing chorig‘iman men,
Mashrab tashlab ketgan kashkulman…
Men – Mansurning ko‘zidagi mung,
Men – Isoga atalgan xochman.
Nahot meni tanimayapsiz,
Men o‘shaman, o‘shaman… qochmang.
Sizni izlab kelganman axir,
Nega jimsiz yo‘qlaganimda.
Doimgidek xurram, befarqsiz,
Qarsak chalmang yig‘laganimda…
Yoningizdan besas o‘tyapman,
Tovonimdan qon sizar – chak, chak…
Ming yil meni bilmadi dunyo,
Yana ming yil sezmasa kerak…
SIZ BORSIZ…
Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,
Ko‘zingiz – behishtning darchasi.
Dunyoda bir sizni tanidim,
Notanish barchasi-barchasi…
Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,
Sizsiz hayot – quduqning tubi.
Siz – mening oxirgi ilinjim,
Siz menga tangrining maktubi.
Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,
Tug‘ilgandan sizga zorman men.
Ko‘zimiz to‘qnashsa Yer titrar,
Borman men, borman men, borman men!
Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,
Dunyoning ko‘ziga boqdim tik.
Qarshimda qaltirab turibdi,
Eng buyuk maqomdir – Oshiqlik!
Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,
Barchasiga ko‘nikdim unsiz.
Hajringiz shirindir umrimdan,
Visoldan go‘zaldir qayg‘ungiz.
Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam –
Tomirimda suzib yurgan Erk!
Demakki, Tangriga yaqinman,
Demakki, yashayman Odamdek…
BIR MARTA…
Bir marta ko‘zimiz bo‘ldi ro‘baro‘ –
Fasllar chalkashib, aqldan ozdi.
Go‘yoki hayitlik olgan boladek
Bulutlar o‘zini yo‘qotayozdi.
Nogahon tiriklik isini sezdim,
Men – qismat qo‘lida tizilgan qarta.
Yulduzlar suyunchi oladi Arshdan,
Meni o‘ylasangiz agar bir marta.
Tog‘lar termiladi chordana qurib,
Ularning taqdiri bog‘liqdir sizga.
Ming yilga uzaydi dunyoning umri,
Bir marta sevaman deganingizga.
Ummonlar chayqalib aytadi takbir,
Etti qat ko‘k bag‘ri yog‘duga to‘ldi.
Oling, shu dunyoni men sizga berdim,
Labingiz bir marta entiksa bo‘ldi…
KUZAK
Mendek zerikkanga o‘xshaydi kuzak,
Musicha singari og‘ir xo‘rsinar.
Sochlari ko‘zimga bog‘langan Nargiz,
Sarg‘aygan bog‘imiz kelib ko‘rsinlar.
Xazonlar – oshiqlar qabristoniga
Umidini ko‘mib, qaytar turnalar.
Samoda yuragim suratin chizib,
Sizning ismingizni aytar turnalar…
Bizni bu bekatda hech kim tanimas,
Hayot – men ko‘rishni istamagan tush.
Bilaman qaydadir turibsiz ilhaq –
Sochingiz yelkandek yoyib faromush.
Kimnidir, nenidir kutdim ishonib,
Osmonga termilib o‘tdim terakday.
Xazon bo‘lib hamki ketolmayapman,
Go‘yoki haliyam sizga kerakday…
Yaproqdek omonat tebranadi dil,
Tamaki tutatar yana g‘olib kuz.
Dunyoni bir go‘zal rangga bo‘yardim,
Afsus, sizdan oldin kuz keldi, afsus…
UMRIM
Umrimning qaysidir pillapoyasi
Uzilib tushdimi uchdi qabog‘im.
Balki bu uzlatga ketgan kulgimdir,
Anordek ko‘zlari yorigan ohim…
Yana sochingizni yoydingizmi, yor,
Bezgak tutgandayin titraydi tanim.
Mahshargacha bizga halovat yo‘qmi,
Umrimga tamg‘ami – yetolmaganim…
Ko‘chaga chiqaman bashang kiyinib,
Uchrashuvga ilk bor chiqqan yigitdek.
O‘ttiz yetti yilki qaytaman nochor,
Egasini izlab topmagan itdek…
Zardobdek chakkillab tomadi umrim,
Har bir qatrasida – xurram tikanlar.
Shotutdek to‘kilib borar – bag‘riqon,
Meni ishorasiz anglaydiganlar.
Muallaq yashashga ko‘nikib bo‘ldim,
Odamga o‘xshashga qolmadi chora.
Sharafga ko‘milib borganim sari,
Egilib bormoqda boshim tobora.
Devorga suyanib o‘tarman endi,
Dunyoga suyanish – bulutdek mubham.
Erdek tebranaman qabog‘im uchsa,
Erdek og‘irlashib boryapti shubham…
* * *
Shoxda yolg‘iz qolgan nokdek g‘aribman –
To‘kilmoqqa kelib baxt axtaribman…
Sayr etgali keldim bu dunyosiga,
Bu olam meniki emas: sharifman.
Asrlar ko‘zimga kul sochib o‘tdi,
Ojizman, yupunman, lekin zarifman.
Million kashfiyot va bunyod qildim,
Yuksalib, O‘zimni loyga qoribman.
Bir kecha ko‘ngilga so‘zlagil dedim,
Anordek sachradi – bekor yoribman.
Yor kelar deyishdi tug‘ilganimda –
Boladek emaklab o‘zim boribman.
Yor dedi: “To‘ningdan yor isi kelur”,
Horibman, horibman, juda horibman…
Na banda bo‘loldim va yoki odam –
Siz kabi chalkashgan Shuhrat Orifman…
* * *
Qirqinchi dovonga termulib,
O‘ylayman: to‘rvada nima bor?
Chopqillab chiqishga g‘ayrat yo‘q,
Emaklab borishga qo‘ymas or.
Qismatim – to‘rt dona suratdir,
Oq-qora, oq-qora, oq-qora.
Tovonda xirgoyi qilaman,
Boshimda chalaman nog‘ora…
Qo‘qondan to Toshkanga qadar
Ushoqdek sochilgan umrim bor.
Ko‘ngilning eng chuqur yerida,
Chiroyli bir soqov qumri bor…
Odamga o‘xshayman ba’zida –
Odamga bo‘laman intizor.
Ko‘z ochsam – dunyo bor, ko‘z yumsam –
Uyqu bermaydigan bir qiz bor…
Tuproqdek samimiy habib yo‘q,
Bulutdek omonat do‘stlar bor.
Tishlagim keladi barmog‘im –
Ko‘zlar bor, ko‘zlar bor, ko‘zlar bor…
Otam bor, onam bor – butunman,
Bag‘rimda bir baxtli ayol bor.
Yaxshiyam, yaxshiyam, yaxshiyam –
Xayol bor, xayol bor, xayol bor…
Qirqinchi dovonga termulib,
Aytaman: dunyoda nima bor?
Baxtli kimsalarni yonida
Odamdek yashashga qo‘ymas or…
* * *
Keldingiz… dunyoning rangi o‘zgardi,
Hamma malikalar quladi taxtdan.
O‘zgalar baxt izlab yorini kutar,
Men sizni kutgandim zerikib baxtdan…
Kuldingiz… jon kabi yayradi bu jon,
Sochilib ketgandim qayta butlandim.
Sanoqda adashdim… milyoninchi bor,
Yana qolmoqlikka taraddudlandim.
Qattiq tikildingiz… tezda angladim –
Xayrlashmoq kerak yana qaytadan.
(Sizga salom bilan borib bo‘lmaydi,
Xayrlashib sizga bosaman qadam…)
Bu ne qismat bo‘ldi, bu qanday bitik –
Bir ko‘zim kulguda, biri yig‘ida.
Men sizni hech kimga o‘xshamay sevdim,
Ketmoq va qolmoqning oralig‘ida…