Shoira Shams (1978)

Shoira Shams 1978 yili tug‘ilgan. Urganch davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan.
“Orzular qoyasi”, “Javrikim jondan o‘tar” she’riy to‘plamlari chop etilgan.

* * *

Layli, kel suhbat etaylik ishq uza,
Yig‘lasam ayb etma gar ko‘ngling buza.

Ko‘zlarim ashki ila tun qo‘ynini,
Har kecha to‘ldirdi bir-bir yulduza.

Sen o‘lub mangu topishding Qays ila,
Lek meni davron ayurdi jon uza.

Eltingiz emdi habibim oldig‘a,
Ustuxonim itlarig‘a yeguza.

So‘rsa ul: “Qandog‘ edi miskin?”, deya,
Aytingiz: “Yumdi qabog‘in feruza”.

Ketdi olamdin nihon qalbin olib,
Bo‘lmagay emdi oni hech tirguza.

Ruhi g‘amda qolmasin Shoiraning,
Nolasin mastur etingiz mahfuza.

* * *

Anglaguncham o‘tdi umrim har kalom otingni, Ishq,
Bilmagay olam hamonki javhari zotingni, Ishq.

O‘tdi ul Mashrab Minodin akka yanglig‘ hakkalab,
Dorg‘acha to ko‘ksi choki ko‘rmadi bodingni, Ishq.

Er ila ko‘kka qadar borliq faqat izmingdadir,
O‘n sakiz ming olam aylar har zamon yodingni, Ishq.

Tanni tufrog‘din yaratding, dilni gul atvoridan.
Bilmadim, nedan yaratding ruhi ozodingni, Ishq.

Shoira hamdu sanolar aylagay Mahshargacha,
Shod etursan jovidonda bori noshodingni, Ishq.

* * *

Nega ishonmaysan kulgularimga,
Yoningda batamom baxtliman axir.
Faqat quvonch sizar bu ko‘zlarimda,
Ko‘z yosh dema, tan olmayman baribir.

Qara, kulayapti kipriklarim ham,
Oyning shu’lasidan marvarid taqqan.
Toshlarni o‘ldirar bag‘riga bosib,
Kulguchimdan tushib chopib ketgan g‘am.

Xandalarim quchib qo‘ng‘iroqgullar,
Jaranglayveradi dunyoni tutib.
Ishonadi mening kulgimga ular,
Baxtning neligini bilmasdan turib.

Titrab ketar bir bog‘ mevasin to‘kib.
Hasratda sarg‘aya boshlar bebaxtlar.
Men kulsam, xazonlab jilmayar mayus
Bolalari tashlab ketgan daraxtlar.

* * *

Ko‘zlaring
keladi ismingdan oldin –
Xayolim sochilib ketadi.
Bo‘ying shamollardan oldin keladi –
Vujudim iymanib ketadi.
Oyning yorug‘idan oldin
xayoling
Yoritib yuborar oqshom qo‘ynini.
Mening bedor diydalarimda
raqs etadi
yulduzdan oldin
Ishq yolqinlari…

* * *

Bir qush uyqusidek hayotim aro
kapalakdek qanot yozding sen
Musichadek titrandim
tong-la
to‘kildim…
olovrang edimi ko‘zing
Bilmadim…
Olovrang hislarimmidi?!
Yoding ila aralash yog‘ar
Tanish yomg‘irlar…
Namchil yer hididek qo‘nar
iforing
Balki so‘nggi nafaslarimga…
Mangu nafassizlik hayoti sari
Yo‘llar qo‘shiladi
qadamlarimga.
Bir qush uyqusidek hayotim aro
Kapalakdek qanot yozding sen…

* * *

Olmazorlar mevaga kirdi,
Kun qo‘ynida bog‘larning ko‘rki.
Nigohimni barglarga ulab
Raqs etadi shamollar erkin.
Shu’lalanar moviy samovot,
Oq parqular ilib boshiga.
Injulangan saharlar aro
Qushchalarni chorlar qoshiga.
Jaranglatib shafaq tanburin
Ohanglarda oqarar osmon.
Nag‘malardan sarmast uyg‘ondim
Quyosh ohis mo‘ralagan on.
Maysalardan qizg‘onib ichdim,
Gul labida qalqisa shabnam.
Havolangan ruhimda sindi
Tun bag‘ridan bedor chiqqan g‘am.
Unutaman, yoniq hasratlar
Boshpanasiz qoladi endi.
Qarlug‘ochlar yuragim aro
Bolasiga yemak tashindi.
Olmazorlar mevaga kirdi,
Ko‘kka sapchir yoshargan ko‘nglim.
Qumrilarning nolon soziga
Sassiz kunlarimni ilindim…