Shodmonqul Salom (1980)

1980 yilda tug‘ilgan. Termiz Davlat universitetining kimyo fakultetini tamomlagan. “Yurak iqlimi”, “Ko‘ngil kitobi” she’riy kitoblari chop etilgan. Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida Bosh muharrir vazifasida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tun qorovuli

I

Men – bir tungi qorovulman, tunning qo‘riqchisiman,
Tong ortilgan tun karvonin qo‘riqlayman o‘zimdan.
Qora barqut kiygan oppoq tushlarning soqchisiman,
Go‘daklarning uyqusiga bekitaman ko‘zimdan.

Men – tunlarga yollanma-yu, kunduzlarga musofir,
Vaqtim esa singan pulday behisob-u, bechora.
Tanimayman, bu yerlikmas yo bir qochoq muhojir,
Oftob ko‘rmas, o‘z soyasin hech ko‘rmagan ovvora.

Men – bir tungi qorovulman, tunning karvonsaroyi,
Qoranorlar qo‘zg‘alganda tunni omon ko‘raman.
Chiroqlarni o‘chirmasdan, tunning joyin band etib,
Uyqusida gapiringanlarni yomon ko‘raman.

II

Ey, kunduzning dehqonlari, kechaning mehmonlari,
Ey, orzu qopqonlari, xayolning o‘pqonlari,

Ey, mehmonga parvo qilmay, uxlab yotgan soddalar,
Ey, o‘limdan ming bor qo‘rqqan, lek hayoti bittalar,

Ey, birgacha sanashdan hech nariga o‘tmaganlar,
Ey, ming bora mehmon bo‘lib, bir mehmon kutmaganlar,

Umr bo‘yi qimor chiylab, yo‘q g‘animin yiqqanlar,
Qachonlardir odamlikdan nafaqaga chiqqanlar,

Ey, o‘ziga aqli yetmay, Ollohni kuzatganlar,
Ey, motamda yig‘lashni ham tartiblab, tuzatganlar,

Ey, ming yillik bir kechani o‘n soatga bo‘lganlar,
Kursigami chiqib, bo‘yim buncha baland deganlar,

Ey, dunyoga kelmay turib, mangu yashab qolganlar,
Ey, har yili bir tug‘ilib, asli, tug‘ilmaganlar,

Ey, qo‘llarda iztirobdan to‘lib turgan qadahlar,
Shu g‘ussadan ming bor ichib, mast bo‘lmagan ogohlar,

Ey, shu qadahlar ortidan evrilib ko‘ringanlar,
Alpomishday sarvatlari sovrilib ko‘ringanlar,

Ey, Xudoni taniganlar, ey, Xudo taniganlar,
Ey, yo‘llari tugab qolgach, yo‘lsozni yaniganlar,

Sabr tishi lablariga botib ketgan sobirlar,
Yalovini yuraklarga ilib ketgan botirlar,

Ey, ko‘kragi “oh”ga to‘la, kulib turgan halimlar,
Haqni ko‘rib o‘z-o‘ziga cho‘kayotgan salimlar,

Ulug‘ sozning na’rasini tulpor otday sezganlar,
Asrlarning sirtmog‘iyu jilovini uzganlar,

Ey, Tangrining qabulini kutib turgan qadamlar,
Bir vasldan farishtaga do‘nib ketgan sanamlar,

Ho‘l qanotin quritay, deb, ko‘kdan tushib kelganlar,
Qanotiga o‘t tutashib, shu o‘tga isinganlar,

Ey, ko‘ngilga mahram bo‘lib azob yo‘lin tutganlar,
Va ko‘ksida yurak bilan yuz ko‘rmas bo‘p ketganlar.

III

Ey, kunduzning imonlari, kechaning gumonlari,
Siz ko‘rmagan ko‘p tushlarning jo‘rab, yo‘riqchisiman.
Tongni suygan bandalarning menman kechabonlari,
Men – bir tungi qorovulman, tunning qo‘riqchisiman.

Onamga

Tongu shomning orasinda
Sening umring bigiz-so‘zon.
“Jonim beray soyasinda,
Kuyuk dildan ketsin armon”.
Tongu shomning orasinda
Oqqapchig‘ay shovullaydi.
Supalarda sahar-sahar
Sariq itlar uvullaydi.
“Itlar yesin mening ko‘nglim
Tushlarimni suvlar olsin.
Tongday bolam, daryo bolam,
Shoir bo‘lsin, shoir bo‘lsin!”

Ena, ena, jonim enar,
Sochlarimdan tovonimga.
Bedil davra dardli bo‘lar,
Olib kirsam jahonimga.
Vujudingdan zamingacha
Ming yil kezganga o‘xshayman.
Ko‘zlaringdan yonog‘ingga
Yoshday inganga o‘xshayman.

Jonim onam, ko‘nglim onam,
Beva Barchin yig‘lab bersin.
Chehrangdagi so‘qmoqlardan
Bolaligim qaytib kelsin.

O‘zi ketsa soyasi ham
Birga ketgan onajonim.
She’r aytishni o‘rganganda,
Kuyib ketdi bor jahonim.

Tongu shomning orasinda
Simyog‘ochlar “gukillaydi”.
– Jonim sening ichingdadir, –
Birov shomga un gardlaydi.

Mening ko‘nglim – kuygan dara,
Sening ko‘ngling – yolg‘iz o‘tov.
Daralarni tuman quchdi,
Bahoryurtga tushdi qirov.

Qaysi shonni aytayapsan,
Menga quvonch ergasharmi?
Sening armoningdan keyin
Olamga baxt yarasharmi?

Mangu bog‘cha bolasidir,
Bu dunyoning shoirlari.
So‘rilarda urchuq kabi
Eshilgandir zo‘r she’rlari.

Tongu shomning orasinda
Kuning ko‘klam, yiling xazon.
Bu olamda uch chin so‘z bor:
Sog‘inch, Hijron, keyin Armon.

Tongu shomning orasinda
Yashnaganman, og‘riganman.
Go‘daklarni avf etinglar,
Men onamni sog‘inganman.

Alpomish ekan

1

“Bu savdolar o‘tganda,
Bu dunyolar yosh edi”.
O‘n ming nigoh termulgan,
O‘n ming qaboq-qosh edi.
O‘n ming uyli Qo‘ng‘irot
Kengish tog‘u tosh edi.
O‘n ming uyli Qo‘ng‘irot:
Qon edi, qondosh edi.
Parli yoyday titragan
Ko‘ngillarda yosh edi.
Yuraklarda ko‘pkari
Tuyg‘ular talosh edi.
Chilbir cho‘lidan uchgan
Armon degan qush edi.
Keragaga osilgan
O‘ng kelmagan tush edi.
Oltin taboqda hilol
Qo‘l tegmagan osh edi.
Dil huvillab yotardi,
Dunyo hali bo‘sh edi.
Izillagan singilday
Chanqovuz chirillardi.
Dardin yutgan otaday
Qora uy ingillardi.
Yo‘lda qolgan bo‘taday
Etim dil izillardi.
Beva qolgan suluvday
Qamishlar shovillardi.
Egasiz qolgan yurtday
Shamollar uvillardi.
Davosi kelmas dardday
Jonu tan simillardi.
Yog‘olmagan bulutday
Fasllar imillardi.
Nomardga mag‘lub mardday
Ko‘kragim lovillardi.
Xudo yuborgan shartday
Chora nochor yig‘lardi.
Tugayotgan sukutday
Do‘mbira dirillardi.
Uning bitta torida
Bir el yashab kelardi.
Uning boshqa torida
Chin dunyo yaralardi.

2

Dunyoning boshi edi,
Yurak sirdoshi edi.
Ko‘ngil zindonday teran
Suv tubida tosh edi.

3

Fursat to‘xtab turardi,
Surilmagan davronday.
Norlar g‘amday cho‘kkandi,
Yashalmagan zamonday.
Qismat qo‘lin qayirib,
Chohga otgan sultonday.
Umid kabi eshilib,
“Shart” uzilgan arqonday.
Etmish ikki tomiri
Egilgan Qorajonday.
To‘qson alp yurgan yerday,
G‘ozlar uchgan osmonday.
Tulporlar sezgan sirday,
G‘ofillarga pinhonday.
Nomus uzatgan qo‘lga –
Qo‘l uzatgan imonday.
Tangri atagan shonday,
Qodir qilgan osonday.
Bir dard to‘lib kelayapti,
Bir dard bo‘lib kelayapti,
Qodir aytgan dostonday.
Tosh o‘rga yumalayapti
Ertakdagi imkonday.
Haqdan kelgan farmonday,
Tomirlardagi qonday,
Choparlar yelayapti.
Shamol nay chalayapti.
Nimalar bo‘layapti,
Kim suyunch olayapti?
Marhumlar o‘layapti,
Tiriklar qolayapti.
Ko‘ngli suv to‘la meshday
Otalar kulayapti.
Onalarning ko‘ksiga
Sog‘inch suti kelayapti.
Qaldirg‘och kulayapti,
Oybarchin to‘layapti.
Vatan Vatan bo‘layapti,
Vatan Vatan bo‘layapti.
Ko‘ksimda ot yeldirib,
Alpomish kelayapti!
Alpomish kelayapti!

* * *

Yo‘q, o‘ttizga kirganim yo‘q, bo‘lsam yigirmadaman,
Yasholmagan kunlarimu botmay turgan oylar bor.
Borlig‘imcha sarf bo‘lmadim, qaytim, chegirmadaman,
Ulovimda tik turganlar va bo‘sh turgan joylar bor.

Yo‘q, o‘ttizga kirolmadim, yillarning eshiklari,
Zanglab, muzlab qolganmidi yoki qo‘lim yetmadi.
Yurilmasa, yo‘l unarmi — oylarning siniqlari,
Oyog‘imni tilgan edi, jarohatim bitmadi.

Yo‘q, o‘ttizga kirganim yo‘q, o‘gay edim vaqtga,
Birovlarning kunlarini yashab yurdim, adashdim.
Bir lahzada cho‘g‘ bor edi, qolib ketdim yil bo‘yi,
Shu lahzani bir yil yashab, o‘zim bilan dardlashdim.

Vaqtga teng yurolmadim — davomatim ko‘p yomon,
Hozir kuz-u, lek ayvonda qaldirg‘ochli havolar.
Meni yanib o‘ltiribdi oyga ignasin qadab,
Men tug‘ilmay, marhum bo‘lib, o‘tib ketgan momolar.

Bir kunlarim mayparastdir, birovlari go‘dakdir,
Ikkisi ham talpanglaydi: oldga-ortga yuradi.
Mangu tole oftobiga o‘xshab ketadi otam,
Ham achinib, ham og‘rinib, botmay qarab turadi.

Bir kunlarim Kenja botir, biri esa ajdaho,
Bir kunlarim Alpomishdir, ikkinchisi Ultondir.
Darvesh bo‘lib bir yillarim olam kezib ketdilar,
Bir lahzam bor, ko‘ngli royish yurt so‘ragan sultondir.

…Ammo hali yashamadim: hozirlandim, chog‘landim,
Balki bir visol onda ming bor balqqan quyoshim.
Hech ishonmang, sochlarimni tunga bo‘yab olganman,
Lek o‘ttizga kirganim yo‘q, balki mingdadir yoshim.

VATAN HAQIDA ShE’R

Sendan boshqa uy yo‘qdir, mendan boshqa devona,
Bir hovuch ko‘ngil bergil, ostonangda yuribman.
Shamol o‘chirgan shamga to‘sh uradi parvona:
“Mening ajdodim – olov! Olov so‘rab turibman!”

Sendan boshqa manzil yo‘q, mendan boshqa devona,
Sendan boshqa qo‘shiq yo‘q, mendan boshqa so‘zona,
Sendan achchiq alam yo‘q, mendan g‘arib vayrona,
Sendan keyin matlab yo‘q, men ham sendan nishona,
Ey, sen, qutb yulduzim, men ham nurning o‘g‘liman,
Karvoning bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqning tiliman.
Asrlarning ortida oydek botmay turibman,
Har tun shamolday kezib bo‘yingdan mast yuribman.

Sahroda Budda kabi qum sanaydi asrlar,
Qumlar to‘lib ko‘ziga, sarob eltgan basirlar,
Adashganlar, topganlar, boyonlaru yesirlar,
Kimligimni eslasam, har bir bandim qisirlar,
Sahifalar qatida vayronalar gusirlar,
Lek bir g‘ishti ko‘chmasdan turar qutlug‘ qasrlar,
Tarhini imon chizib, tug‘ qadamish botirlar,
Libosi oy nuridan o‘tib bormoqda pirlar,
Elkalari oqarib, har yelkasi shaharlar,
Men shu shahar bag‘ridan tole so‘rab turibman.

Dubulg‘ayu dovullar sadosi el kezganda,
Qiblasidan adashgan davron bazm tuzganda,
Aziz kitoblarimni noshud kotib buzganda,
So‘ng shahodat barmog‘in lablariga bosganda,
Bobolar manglayidan sharaf qoni izganda,
Va shu el yuragi ham bir g‘ururni sezganda,
Tarix to‘zonlarini Temur tog‘i to‘sganda,
Ey, yurt! Shundan bag‘ringda o‘zlik yeli esganda,
Ko‘kargan chinoringda bir barg bo‘lib turibman.

Ko‘hinurday yarqirar yulduz to‘la osmonlar,
Shu yulduzlar ostida uyur otdek zamonlar,
Tuproq yutgan oltinlar, oltindan qimmat shonlar,
Qo‘llari past kelganlar, yuragi pahlavonlar,
Bobom qilgan armonlar, armon uzilgan onlar,
Ey, chopari ezgulik, ey, ezgulik tomonlar,
Tandirlardan non emas, quyosh uzayotgan jonlar,
Boburning tushlarida har tun o‘sgan dovonlar,
Shul dovondan termulib, bir quvonib turibman.

Sendan boshqa manzil yo‘q, yo‘q meningdek devona,
Bir hovuch tuprog‘ingga jonni elab yuribman.

DIL KEChASI

Oydan keldi yuragimga tovushlar,
Bo‘y qizlardek titrab ketdi qamishlar.
Bir kechada kul qoldirmay yondim men,
Ko‘nolmadim, hech bo‘lmadi qonishlar.
Qabog‘imdan sizgani yo‘q yoshlar-ey,
Boysuntog‘dan yumaladi toshlar-ey.

Mag‘rur tog‘lar bu dam nedan xomushlar,
Zerikkanday, toriqqanday turishlar.
Bolalikni qay gazaga ko‘mgandik,
Eslasangiz, bir ko‘rsating tanishlar.
Bir gardini surtay ko‘zu qoshlar-ey,
Boysuntog‘dan yumaladi toshlar-ey.

Shom qavarib, tong oqargan pallalar,
Ko‘kibiyda chayqalardi dalalar.
To‘g‘donaning shoxida bir belanchak,
Sog‘inch meni uyqu bermay allalar.
Qaytmaydimi shoxdan uchgan qushlar-ey,
Boysuntog‘dan yumaladi toshlar-ey.

Daralarda ozod qulun kunlarim,
Oyni otga taqa qilgan tunlarim.
Qani? Ayting, tushuntiring, yupating,
Og‘alarim, jo‘rayu inilarim.
Taqalangan otman — egik boshlar-ey,
Ko‘kragimda gursillaydi toshlar-ey.

Alpning hidin olib bo‘zlar Boychibor,
Bir otchalik ko‘ngling yo‘qmi ey, shunqor?
Dunyosini bir kissamga joylayman,
Yuragimda mening shunday shavqim bor.
Qumsab turing dilni dunyodoshlar-ey,
Boysuntog‘dan yumaladi toshlar-ey.

ZARBIBI AMMA MATALLARI

Oy — qo‘zisin yo‘qotgan cho‘pon,
Ma’rab ko‘rar nurlari bilan.
Qo‘zichog‘i mening gul ko‘nglim
Achomlashar tushlari bilan.

Oy — ot minib kelayotgan cho‘pon,
Qor oralab yo‘rtar yo‘rg‘asi.
Ayoz — bo‘ri, uvullar, ammo
Ma’ramaydi tog‘lar jilg‘asi.

Qo‘ra olis — ufq ortida,
Cho‘pon dilgir, oti horigan.
Mening esa boshimni silar,
Duduq otam, kafti terlagan.

Sandalgami ko‘ksini berib,
Matal so‘ylar otam qo‘llari.
Bosh barmog‘i — to‘ng‘ich bahodir,
Xazinaga eltar yo‘llari…

Qorachiroq — qushuyqu onam,
Qora tunni qorday kuraydi.
Tushlarimning tashqarisida
Bir qo‘zichoq ojiz ma’raydi.

Samovotda yolg‘iz, salt otliq,
Va minglarcha jondor ko‘zlari.
Goh ba’zisi o‘tadi uchib,
Ko‘kni bir zum tilar izlari.

Ot dupuri… Sergakdir otam,
Uydan chiqib tunga kiradi.
Do‘qillatib etiklarini
Uy sirtiga tomon yuradi.

Elkasidan qorni tushirib,
So‘ng kirishar otam va cho‘pon.
Qo‘llarida mitti qo‘zichoq,
Voy, ko‘zlari qop-qora marjon!

Tushlarimda bahor boshlanar,
Dikir-dikir… O‘tlar qo‘zichoq.
Ayoz, jondor, boychechak haqda
Otam, cho‘pon va qorachiroq,
Suhbatlari bahorday uzoq.