Shavkat Odiljon (1989)

Shavkat Odiljon Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Baxt bekati” nomli kitobi chop etilgan.
Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida faoliyat yuritadi.

SIZ MENI SEVMAYSIZ…

Fasl tanlamaydi muhabbat,
Visol oni bor to‘rt faslda.
Sizni men chin dildan sevaman,
Siz meni sevmaysiz aslida.

Siz meni sevmaysiz, bilaman,
Ey, yalpiz gulining singlisi.
Bir ko‘ngil talpinar siz tomon,
Sevgisi keladi, sevgisi.

Yuzungiz olmosdek tip-tiniq,
Ko‘zingiz tish qayrar qatlimga.
“Sevaman” demaysiz, xo‘rsinib,
Sig‘dira olmayman aqlimga.

Ko‘z-ko‘zga tushadi, yonaman,
Etaman eng ezgu tilakka.
Ko‘zingizdan kirib boraman,
Yurakka…

Bir qizsiz g‘unchadek ochilgan,
Yoqimli jarangdor kulasiz.
Demangu hech qachon “sevaman”,
“Sevmayman” desangiz “ko‘rasiz”.

Jumbushga keladi bu dunyo,
Ishq desang shu to‘rtta faslda.
Men sizni sevaman va go‘yo
Siz meni sevmaysiz aslida.

Yig‘laysiz. Siqtaysiz. Kulasiz –
Balog‘at yoshining belgisi.
Sizni bir ko‘rganlar – bilasiz,
Sevgisi keladi, sevgisi.

***

Sizni asramoqlik kelmadi qo‘ldan,
Suysam, Sizni faqat she’rlarda suydim.
Bag‘rimga ilonlar keldi o‘ng-so‘ldan,
Siz-ku… o‘zimni ham boy berib qo‘ydim.
Uzoq va’z o‘qidim hijronga yonib,
“Qo‘y endi, yurakka shafqat qil, shafqat!”.
U shafqat qilmadi va ketdi tonib,
Sarson qolaverdik men va muhabbat.
Ammo qaysi bekat yodimdan o‘chgan?
Qolmagandi uni topgani sabr.
O‘shanda xayolim kiprikday uchgan,
O‘shanda o‘zimga qilgandim jabr.
Kimdir ushlab qoldi meni yo‘limdan,
“Baxtlimisan”, — dedi.
Dunyoni buzdim.
“Baxtliman!”.
U so‘lg‘in yelkamga qoqib,
Dedi: “Baxt yarimta bo‘lmaydi, do‘stim!”.
So‘ngra tentiradim, kezdim ming asr,
Farishta va shayton izmida bo‘ldim.
Qaytib keldim yashab soqov, kar, basir,
Ming bora tug‘ildim, ming marta o‘ldim.
Yalindim:
Shafqat qil, shafqat qil, Xudoy!
Alpomish qaytganday qaytsin muhabbat.
Koyidi:
Ishq qaytar, chiqqan kabi oy,
Sen ikki dunyoga sag‘irsan, faqat…
Faqat Sizni asrash kelmadi qo‘ldan,
Xudoy yo‘l bermadi, tushundim shuni.
(Yashab yashamadik, o‘lib o‘lmadik),
Faqat alam qilar yeru osmoning
Tirik murdalarga qolganmi kuni?

***

Bog‘ edi, guliston edi chor-atrof,
O‘shanda bor edi ishqning salmog‘i.
O‘shanda har so‘zni qilardim tavof,
Uncha shartmasmidi sevib qolmog‘im.

O‘shanda yulduzga bo‘ylashar edim,
Gullarga suykalar edim o‘shanda.
Tunlari Oy bilan so‘ylashar edim,
O‘zimni erkalar edim o‘shanda.

Kemaxatlar qilib oqizar edim
Va doim ularga bo‘lardim shaydo.
Farishtalar bilan ko‘k kezar edim,
Yangi-yangi dardlar bo‘lardi paydo.

Va nogoh yo‘limda uchrading qanday?
Bir lahza ortiqlik qildi sevishga.
Bir lahza jipslashdik bir tan, bir jonday,
Bir lahza kam bo‘ldi baxtga yetishga.

O‘shanda kelmading kulib, baxt quchib,
O‘shanda qilmading menga muruvvat.
To‘rg‘ayday quyoshga ketyapman uchib,
Uncha shartmasmidi senga muhabbat?

***

Ketmang dedi, uzoq yalindi.
Men o‘zimni soldim lohasga.
Yuragimning yarmi tilindi.
Va o‘zimni irg‘itdim pastga.
Tez orada qaytaman dedim.
Zirqirardi har bitta tolam.
Men o‘shanda juda yosh edim.
Ko‘rinmasdi ko‘zimga bolam.
Qaytaman deb so‘z bering, dedi.
Nimanidir hayqirib aytdim.
Qaytdim,
qaytmoq ko‘p og‘ir edi.
Men o‘zimni yo‘qotib qaytdim.
Endi vijdon qiynaydi meni.
Qanday chiqay axir bu jardan.
Ne farqim bor ming va’da berib.
Urushdan qaytmagan askardan?
Ketmang dedi, qolsaydim shu tob.
O‘ylarimning bari havoyi.
Bolam – she’rim, yalingan – kitob.
Faqat chorlagandi Navoiy.

***

Qachongacha zog‘lar bilan olishaman
Bu tog‘larning sarlochini menman deya.
Qachongacha tog‘lar bilan olishaman,
Cho‘qqi emas, osmonlarga tengman deya.

Yuragimni yerga berib turolmayman,
Halol yengdi meni qizlar, mardlar qolib.
Afsus, endi baxtsizman deb yurolmayman,
Meni baxtlar mag‘lub qildi, dardlar qolib.

Men o‘zimni tanishtirsam, tobutimni
O‘z yelkamda olib yurish qiyin ishmas.
Shavkat Odil bo‘lganlarim bir pul bo‘ldi,
Meni o‘lim shoir qildi, tug‘ilishmas.

* * *

Ona, o‘lma, agar sen o‘lsang,
O‘zim bilmay biror ayb qilmay.
Mehr izlab, shirin so‘z izlab,
Har eshikda sarg‘ayib yurmay.

Ona, o‘lma, agar sen o‘lsang,
Chidolmayman kamu ko‘stimga.
Ushlab turgan osmonni Xudo
Tashlab yuboradi ustimga…

* * *

Unutaman! Imzo chekdim. Muhr qo‘ydim.
Ne g‘am bo‘lsa, ko‘raverdim. Bilaverding.
Axir kimga ko‘ngil qo‘ydim, kimni suydim?
Gulni ko‘rsam sen yodimga kelaverding.

Yuz o‘girsam yuzim qaro bo‘lsin dedim.
Tushlarimda oyday yuzing ko‘zim ochdi.
Axir seni qanday yaxshi ko‘rar edim,
Ko‘rguliklar sabab bugun to‘zim qochdi.

Baxt neligin anglamadim shuncha yashab,
Unutdimi deb qo‘rquvdim, biroq topdi.
Men barini erta qo‘ldan berib qo‘ydim,
Baxt degani meni izlab kechroq topdi.

Hammasiga roziman-ku baxt berolsang…
Sensiz borar manzilim ham toshu chaqir.
Ayb bo‘ladi meni qattiq sevib qolsang,
Sevmay qo‘ysang katta gunoh bo‘lar, axir…

* * *

Dardlarimni ichga yutdim hammasini,
Butun umr go‘yo azob tortgandayman.
Ko‘tarolmay o‘z aksimning hamlasini,
Ich-ichimdan nurab borayotgandayman.

Bilmaysizda menda mayda dardlar emas,
Olamshumul iztiroblar bergan iz bor.
Hayotimda faqatgina gardlar emas,
Olamlarni qamal qilgan bitta qiz bor…

Dard g‘aribi, yuz sorig‘i bo‘ldim netay,
Es-hushimdan, bor-yo‘g‘imdan qilgin judo.
Ich-ichimdan nurab borayotganimda,
Ich-ichimda meni bunyod ayla Xudo!

* * *

Ko‘hna dardlarimni yashirmoqchiydim,
Qo‘ymoqchi emasdim qo‘ldagi torni.
O‘zimni qo‘lingga topshirmoqchiydim,
Yomg‘ir — bevaqt dilni yuvib yubordi.

Yashirchoqchi edim qancha qilmishni,
Saqlamoqchi edim g‘ururni, orni.
Sochlari oq edi o‘sha mish-mishni,
Yomg‘ir — bevaqt qilni yuvib yubordi.

Uzoq yashamoqdan kim o‘zar o‘ynab,
Tog‘larni men kabi sinovchi bormi?
Tog‘larni bir kuni mayda-maydalab,
Yomg‘ir — bevaqt cho‘lga yo‘yib yubordi.

Qarshimda yo‘l ko‘rdim, egasiz va xor,
Xudoyim loyimni shu yo‘ldan qordi.
O‘zing egalik qil, degandi Jabbor —
Yomg‘ir — bevaqt yo‘lni yuvib yubordi.

Bor desa, kel desa, yur desa yo qol,
Bormagan, kelmagan, yurmagan yormi?
O‘nglarda hech narsa topmasa zavol…
Yomg‘ir — bevaqt so‘lni yuvib yubordi.

Yomg‘ir o‘t bo‘lganin ko‘rganmisiz hech,
Toshga do‘nganini manavi qorni.
Yuzimga urilar o‘tday erta-kech,
Yomg‘ir — bevaqt do‘lni yuvib yubordi.

Qo‘limni tekizsam yuzduzga, kuysam,
Jon bersam, ko‘ngildan topsam mozorni.
O‘lsam ham dunyoni shodlatib o‘lsam,
O‘lganimga havas qilguvchi bormi?
Yomg‘ir — bevaqt dilni yuvib yubordi…

ShER HAQIDA ShE’R

Onaizor uzoq yig‘ladi,
Esdan chiqdi hatto kimligi.
Ichi yonar, axir poyida
yotar bolasining o‘ligi.

Oq sut berib o‘stirgan edi,
Ne mashaqqat ko‘rmadi ona.
Axir uni ulg‘aytirguncha,
Hordiq olib yurmadi ona.

Mehr berdi, avaylab, asrab,
Neki topsa ilindi unga.
Qanday tansiq go‘sht topsa barin
tashmaladi bola – tutqunga.

Boshqalarga bermadi tinchlik,
O‘zi ham tinch turmadi ona.
Bu besarhad o‘rmon bag‘rida
ne ishlarni qilmadi ona.

Hamma undan tap tortar edi,
Hamma uni qilardi hurmat.
Tekkanga ham, tegmaganga ham
Bolasi-chun tegardi faqat.

Bir kun nogoh o‘t oldi o‘rmon,
Tirik jon bor qocha boshladi.
O‘sha kuni hayot bolaga
Quchog‘ini ocha boshladi.

Bilmas edi, allaqayerdan
Gala sichqon kelar bezovta.
Mo‘rmalaxday bosar o‘rmonni
Kemirardi ne topsa ovda.

Bugun aza ona sher uchun,
(Qachon kelar farzandning xuni?)
sichqonlardan qo‘rqib qochyotgan
fillar bosib o‘ldirdi uni.

KO‘PDAN BERI SEVAMAN

Ko‘pdan beri sevaman uni,
Lek aytolmam, so‘zlarim mubham.
Ammo u qiz bundan bexabar,
Yuragimni bosar zilday g‘am.

Qaysar deydi: qanday topdingiz?
“Sizni tushda ko‘rganman”, dedim.
O‘ylab qoldim, sizni topdimu,
Lekin qachon yo‘qotgan edim?!

QO‘Y, ALDAMA!

Qo‘y, aldama, bermagin firib!
“Sevaman”, deb gapirma asti.
Axir, qancha yolg‘on gapirib,
Deysan yana “So‘zlarim rostdir”.

Chiroyingga ne bo‘ladi zeb?
Hech narsa yo‘q, ko‘rib turibsan.
“Yuragimni Sizga berdim”, deb,
Chap ko‘ksingda olib yuribsan.

SIZ UChUN…

Osmon olis edi, osmon jim edi,
Soddaman, bilmasdim chaqmoqning kuchin.
Tunov kun yoningda turgan kim edi?
Ko‘nglimni tarjima qildim sen uchun.

Atirgul ko‘klamni tark etdi – firoq,
Ko‘ksimni poralar Momaqaldiroq,
Qachon javob topar abadiy so‘roq —
Ko‘nglimni tarjima qildim sen uchun.

Mag‘lubiyat bo‘ldi mening zafarim,
Sening yuragingga qilgan safarim,
Tunlar eslab senga yetgan mahalim
Ko‘nglimni tarjima qildim sen uchun.

Seni Yesenindan rashk qilgan paytim,
To‘pori bolaydim, o‘zimday baytim,
Hech qaysi so‘zimga bermading qaytim,
Ko‘nglimni tarjima qildim sen uchun.

Kunduz Quyosh guvoh, oqshom Oy guvoh,
Gohi savob qilib, gohida gunoh,
Ming istiholayu, ba’zan tortib oh,
Ko‘nglimni tarjima qildim sen uchun.

BOBOM HAQIDA

Momomning aytishi bo‘yicha bobom
Esini yeb qo‘ygan qari chol edi.
Dadamning aytishi bo‘yicha bobom
Savodi-yu ilmi o‘rta hol edi.

Bobom aso tutdi qarilikka zeb,
Asoni ko‘raman yod qilgan sari.
Ko‘plarga oddiy chol, ammo “Buyuk” deb,
Atashar bobomni og‘aynilari…

Nihol ekib o‘tdi bobom toabad,
Ulug‘vor ko‘rardi qishloq — zamonni.
Zamin nihollarga kuch berdi, faqat
Quchog‘iga oldi sho‘rlik bobomni.

Yalangoyoq chopib tuproq ko‘chada
Qoqilib-yiqilsam hechqisi yo‘q.
Momom koyir edi: esin yeb qo‘ygan
Boboyning bolasisan-da esi yo‘q.

Hammasi yaxshi-ku, dadam ba’zida
Oqshomlari ko‘zin yummay uxlaydi.
Mening nazarimda momom tunlari
Esi yo‘q cholini eslab yig‘laydi.

Bobomni qayirish istadi kimlar,
Sira qulamadi iroda qasri.
Men bugun bobomga qilaman havas,
Esi yo‘qlar buyuk bo‘larkan asli.

AYa

Aya,
Yosh boshimga qildim ko‘p xato,
Biroq xatolarni hech tan olmadim.
Ko‘ngil olishni-ku bilmayman, hatto
Ko‘ngil berishni ham o‘rganolmadim.

Aya,
Yolg‘iz farzand bo‘lish qiyinmas,
Odamlar achinib qaraydi nechun?
Ellik yil men uchun yashadingiz, bas!
Qachon yashagaysiz o‘zingiz uchun?

Aya,
Men bilaman, kuladi tole!
Bir kun ortiq bo‘lib yashayman eldan.
Qay holda, qachonki, sizni o‘ylasam
Xudo ham yodimga tushadi birdan.

Aya,
Ko‘ryapsizmi, so‘zga no‘noqman,
No‘noq so‘zimga ham asir qancha qiz.
Axir, sizga hech ne berolmadim-ku,
Siz esa dunyoni menga berdingiz.

Aya,
Qushlar kabi uch deysiz, lekin
Na yerni, na ko‘kni qucha olmayman.
Mening tuyaqushdan nima farqim bor
Qanotlarim boru ucha olmayman.

TO‘FONGA DUCh KELGAN
KAPALAK MISOL…

To‘fonga duch kelgan kapalak misol
Kuchimning boricha olg‘a yuraman.
O‘qiyman, o‘qiyman va yana alhol,
Xayolimda yangi dunyo quraman.
Ehtimol, aqldan ozganday bilib,
O‘ziga og‘dirib olgandir dunyo.
Ko‘z oldimda dunyo borar sitilib,
Chindan ham aqldan ozdimmikan yo?

O‘qiyman, o‘qiyman yana o‘qiyman,
Bir hodisa bo‘lsa o‘qish so‘ngida!
O‘zimcha qandaydir o‘ylar to‘qiyman,
Mo‘jiza yuz berar ko‘zim o‘ngida.
Shamsu Zuhra yana uchrashar shu tob,
Sohibqiron qayta tug‘ilar, go‘yo.
“Kuch — adolatdadir, qiladi xitob,
Turonni omonat qoldirdim, dunyo”.

Bir er yashab o‘tdi javonmard, yonib,
Nigohlari qancha dor, parda ko‘rdi.
Uning timsolida xalq bir javonib,
Navrasida kabi darparda ko‘rdi.
Biz-chi, nima qildik qavmu qarindosh?
Bobur yo‘qligida yerini bosdik.
Turganida dorga loyiq shuncha bosh,
Qalandar Mashrabni dorlarga osdik.

Ko‘nglimdan ayirding, ko‘nglimdan hurkib,
Usmonni badarg‘a qilganing ozdek,
Yozning o‘rtasida bugundan qo‘rqib,
Ertani o‘ylamay “Yoz” deding, yozdik.
O‘qiyman, o‘qiyman, buzrukvorlarning
Nonimas, yuragi qorday oq edi.
Javdari yesa ham mehribon va teng
Sizu bizdan ancha baxtliroq edi.

Tushunaman, mangu xotiralar bu,
Portlatib bo‘lmaydi, otib bo‘lmaydi.
Ularga xaridor topish mumkinu
Ammo biror narxga sotib bo‘lmaydi.

QISMAT

Kimdir mitti nihol o‘tqazdi yerga,
Parvarish ayladi necha tong, shomlar.
Yillar zamirida o‘sgan daraxtning
Tagiga suv quydi oxir odamlar.

Tarvaqaylab o‘sgan, haybati ulkan,
Mag‘rur ko‘rinardi tik bo‘lgan damlar…
Avval bosh ustiga tom qildi uni,
So‘ng pol qilib bosib o‘tdi odamlar.

Jimgina o‘sgandi daraxt bechora,
Bezabonlik sabab kesilib ketgan.
So‘ng oq qog‘oz bo‘ldi qoralash uchun
Va oxir g‘ijimlab otdilar chetga…

***

Kimlarnidir qoralaganday,
O‘ttizni ham qoraladim, xo‘sh…
Yostig‘imning yarimi kabi
Yuragimning yarmi hamon bo‘sh.
Aslo meni solmang Xudoga,
Demang: bo‘lgan imondan judo.
Axir hamma bir xil Xudoga,
Tarafkashlik qilmaydi Xudo.
Dardingizni qilmang dasturxon,
Barchada bor bu tur “noz-ne’mat”.
Yuragimning yarmi baxtiyor,
Qolgan yarmi esa kamomat.
O‘tmish sizib turar tanimdan,
Goh kelajak tuyular vahm.
Yuragimning yarmida Xudo,
Qolgan yarmi bir parcha lahm…