Sharofat Botirova (1943-2001)

Sharofat Botirova – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. 1943 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat chet tillar institutining (hozirgi O‘zDJTU) frantsuz tili fakultetini bitirgan. “Olovrang ufq”, “Bedorlik”, “Yurakdagi ko‘z” she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Shoira 2001 yilda vafot etgan.

TURKUM

I

Umrimdan yana bir fasl o‘tganin
Tillorang mehri-la tasdiqladi kuz.
Umidla entikib tunni kutganim,
O‘zniki ayladi qasdi borday kuz.

Yomg‘irlar ko‘p bo‘ldi, ko‘pchidi yerlar,
Yo‘qolib bormoqda xazon bosgan iz.
Ro‘molim tortqilab sovuq shamollar,
O‘zniki ayladi qasdi borday kuz.

Quloqqa yaproqni sirg‘aday ildim,
Unida tillazeb aylar hokim – kuz.
Bulutlar podasin bosh uzra ko‘rdim,
O‘zniki ayladi xazonrezgi kuz.

Ko‘k tomon otilar daraxtlar ohi,
Yaprog‘in qatida mung yashar tig‘iz.
Har damda sarg‘ayar hijronning bog‘i,
O‘zniki ayladi shudgorlangan kuz.

II

Vujudim gul to‘la daryo misoli,
Kuznida kuzatib, nurga inaman.
Aldoqchi tuyg‘ular, o‘zniki etmang,
Uch oy kuz, so‘ng, yana bahor, bilaman.

Qishnida kuzatib, oppoq qorlarni,
Boshimga qo‘ndirib, shukrlar qildim.
Kuzatgan bo‘lsamda ko‘p kunlarimni,
Oltin kuz, o‘zingdan fikrlar qildim.

Ne bo‘pti sarg‘aysa so‘lg‘in yaproqlar,
So‘lg‘inlik – aslida yurakning dog‘i.
Mahzunlik ko‘ylagin kiygan firoqlar,
Koshkiydi, men sizga bo‘lsam vaqt chog‘i.

III

Donga to‘la boshoqlar o‘rildi-ketdi,
Kimgadir yetmadi, kimgadir yetdi,
Kimgadir biroz kam, kimni boy etdi,
Shundanmi barchaga teng dunyo emas?

Ming yillik o‘rmonni tark etar qushlar,
Qilichin qayraydi oldinda qushlar,
Nechun alg‘ov-dalg‘ov bugungi tushlar,
Shundanmi ishq-jafo, lek safo emas?

IV

Kechiring, poyingizga tiz cho‘kolmadim,
Lekin bir gul uchun egildi qaddim.
Armonning to‘rida g‘oz chiqolmadim,
Lek, gulga lab bosdim, bu nedir rabbim?

Bir odam qiymati ziroatdan kam,
Yo ko‘kdan balandroq, bu qanday izhor?
Savolning o‘zidan keladi javob:
– Gullardan ko‘ngulga yetmagan ozor.

Kechiring, poyingizga tiz cho‘kolmadim.

V

Tutuni buruqsab turganday kulrang,
Dalalar bag‘ridan ketmoqda ko‘klar.
Sariq yaproqlarning dardi hamohang,
O‘lkani tark etar daydi – turnalar.

O‘rmonlar vovaylo aytarlar haqqa,
Yalang‘och daraxtlar bu tong azador.
Kakkular, to‘rg‘aylar ayrilib to‘pdan,
Uchib ketmoqdalar, bag‘ri g‘ussador.

Hoy, kuzak, bog‘larni buzib kulasan,
G‘oliba onlardan ko‘ksing tog‘ misol.
Boz yana mevalar tutib saylaysan,
Kim telba, senmi yo olammi, alhol?
Bilaman uch oydir taxti bebaqong,
Barglarday yulasan odamlarni ham.
Gulmisol ne kaslar qolsa bevatan,
Tiriklar bu holga chidar qandog‘am?

Men-ku, chiday oldim ayroliqlarga,
Jonga teng jigarlar etsa-da rixlat.
Ko‘z tikma navjuvon go‘daklarimga,
Tayyorman, bo‘lsa gar bunga zarurat!

VI

Uzilgan yaproqda sirli ohlar bor,
Vido bor uning har shivirlarida.
Tuproqdan kuyik hid taralar behol,
Sog‘inch bor otlarning dupurlarida.
Sog‘inch bor.

Yaxshiyam o‘rtada daraxtlar devor,
Ular ham yo‘qotar tinmay yaprog‘in.
Umidla bo‘y cho‘zar zanjirband xayol,
Uning har qatida o‘tli sog‘inch bor.
Sog‘inch bor.

Har gulning nuqsida sariq chizgilar,
Har yaproq ohida ingranadi nur.
Qushlarning galasi inlarin buzib,
Issiq o‘lkalarga soladilar qo‘r.
Sog‘inch bor.

Ushbu tong o‘zim ham nevaram quchib,
Ajdodlar tusiga men zarb turibman.
Umrimning kuzini sezmay yo sezib,
Hadikning bariga yuzim buribman.
Sog‘inch bor.

Sog‘inchlar – daraxtdan to‘kilgan yaproq,
Endi to ko‘klamda yuz ko‘rishguncha
Sog‘inib yashayman yashillikni bot,
Bugunchi, kuzga-da evrildim shuncha.
Ko‘kni sog‘inib.

VII

Kuzning isyoniga dosh bermas hamma,
Hamma ham meningdek uni siylamas.
Dunyoning yetmish bir qavati g‘ammi,
Xazonlar – armonga qaratilgan qasd?

Ildizi ko‘ksimda unadi qayta,
Muhabbat dalasin lolagullari.
Hilolni boshiga ro‘molday qadab,
Laylolar sayr etmish oydin tunlari.

Ruhimga aytaman Qaysning qo‘shig‘in,
Ming bir tomirimda uyg‘onar daryo.
Zuhrolar yig‘laydi menga qo‘shilib,
Sen asli kuzmisan umri qil dunyo?

Kuzning isyonidan sinadi darcha,
Yomg‘irlar shitobla kirar xonamga.
Kimga do‘q uradi tabiat buncha,
Nechun sig‘mayapman bugun olamga?

Labimda uchadi eski oyatlar,
Hijronda yonmoqlik Kumushdan meros.
Nodira tilida bitdim bayotlar,
Tushunib borayapman o‘zimni biroz.

Sarg‘aygan yaproqqa bitilgan ash’or,
Aslida, sog‘inchdan tug‘ilgan hur ishq.
Hijron qismatiga bo‘lmayin dushvor,
Ko‘klamday barg yozsin umidvor qo‘shiq.