Sharifa Salimova (1951)

Sharifa Salimova 1951 yili Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan. “Hayot zavqi”, “Mening bahorim” , “Hizr bulog‘i” to‘plamlari nashr etilgan .

* * *

Oltinrang yaproqlar shivirlab yotar…
Oltinrang yaproqlar…oltinlangan his…
Oltinrang yaproqlar qismatni ichar:
– Yashil umrimizda boshlanibdi kuz…
Oh, k u z z z…

Daraxt barglarida oltinlanar nur,
Shamolda hilpirar bir daraxt xazon..
Oltinrang yaproqlar bir-birin quchar:
– Nahot xazon bo‘lmoq shunchalar oson..
Shunchalar oson?

Kuz qushlari qo‘nmas xazonli boqqa,
Ular olislarga olmoqdalar yo‘l.
Oltinrang yaproqlar aytar alvido,
Erdan samo sari uzatgancha qo‘l…
Derlar: Bahorlarga albat yetingiz,
Yashil yaproqlarga qo‘nib o‘tingiz.

Atrofga boqaman: oltindir dunyo,
Atrofga boqaman – xazonlar dengiz.
Oltinrang libosda ajib viqor-la
Mevalarni bir-bir terib olar kuz..
Mevalarni bir-bir terib olar kuz..

Xazonli bog‘larda tentidim uzoq,
Quloqni yorguday kuzning jarangi.
Erdan samo qadar za’faron dengiz…
Nahot shuncha go‘zal iztirob rangi…
K U Z Z Z ….

O N A J O N

Oh…
Yaproqlar uzildi, kuzgi yaproqlar,
Ohim og‘ir bo‘ldi. Tugadi bardosh.
Tonglarni izladim, endi onam yo‘q,
Sen uni ko‘rdingmi, mehribon quyosh?

Tog‘lar qoshida men boshimni egdim,
Onamni sog‘inib yig‘ladim chunon.
Daralar ingradi chekkan ohimdan,
Onamni ko‘rdingmi, aytgil qoyajon?

Daryolar bo‘yida o‘ltirdim uzoq,
To‘lqinlar boshlarin urdi qirg‘oqqa.
Maysalarga bexos yuz bosgan edim
Onam qo‘llari, deb tushdim titroqqa.

Oyning shu’lasida o‘ltirdim behol.
Uning shu’lalari o‘ydi jonimni.
Meni qiynamagin beshafqat dunyo,
Bir bora ko‘rayin, onajonimni.

Sim –sim eshiklari ochilmas mangu,
Tog‘lar ham jonimga kirmaslar oro.
Indamay sajdaga boshimni qo‘ydim,
Men qulingni kechir, parvardigoro…