Shahriyor Shavkat (1998)

Shahriyor Shavkat 1998 yilda Shahrisabz shahrida tug‘ilgan. «O‘zbekiston bahori-2019» ijod festivali g‘olibi, Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari ishtirokchisi. «Duel» ijodiy tanlovining g‘olibi.

* * *

Quyundek aylanur idishda qahvo…
Shaharning ko‘ziga qo‘na boshlar chang.
Deraza ortida quyuq mojaro –
Boradir kun va tun o‘rtasida jang…

Men seni o‘ylayman, g‘izolim!

Kiradir janggohga oy qo‘shinlari,
Qarolig‘ urilur shashti nujumga.
Chaqmoqdek zulumot ko‘ksini yorib,
Bashashvor bulutlar o‘tar hujumga!

Men seni o‘ylayman, g‘izolim!

O‘jar tun sulhga ko‘nmaydi chog‘i,
Kunchiqar tomonga yo‘llaydi josus.
Ilinib qoladir oyning o‘rog‘i
Tillarang zardoli shoxiga tuyqus…

Men seni o‘ylayman, g‘izolim!

Ko‘zimdan jilmaydi munis qiyofang,
Baribir xulosam uzlatga kotib.
Baribir tinmaydi bu muqaddas jang,
Baribir zardoli ostida yoti-ib,

Men seni o‘ylayman, g‘izolim!

* * *

Sollanar shotutning barglari,
Shaharning uyqusi bug‘lanar.
Kishvarim,
Savsarim,
Qaysarim,
Elkamni keltirdim –
Yig‘lama!..

Banoras bulutlar bir sipo,
Tomchilar havoda tig‘lanar.
Shundog‘am fususim behisob,
Elkamni keltirdim –
Yig‘lama!..

Xayolning sochlari
sarsari
shamolning shavqida dog‘lanar.
Ey maning ko‘zyoshi kavsarim,
Elkamni keltirdim –
Yig‘lama!..

Adirda aprelning naysoni
Taqmoqda sabuhiy sirg‘alar…
Shabnamim,
G‘izolim,
Sha’bonim,
Elkamni keltirdim –
Yig‘lama!..

* * *

Men oshiq emasman
va yoki shoir,
Deyishim ham qiyin «raso insonman».
Bir dam o‘zingizni o‘rganmoq uchun
Sizga yuborilgan parcha imkonman.
Kulasiz.
Ranjiysiz.
Tuyasiz tahqir.
Men chidab beraman bari-bariga.
Hamma havas bilan qaraydi axir
Umrida ko‘rmagan havo shariga.
Ba’zan bug‘lanadi tafakkur bahsi,
Echimlar janglarning homilasidir.
Ehtimol sevgi ham sevgimas asli
Hissiy xohishlarning hosilasidir…
Men oshiq emasman
Va yoki shoir,
O‘rganib yuribman dunyoni, xolos.
Menga taqdim etar bir olam fikr,
Bir qadar ziddiyat,
Qatra ehtiros.
Fe’lim shu –
Barchaning zavqiga hokim
Bo‘lmoq ilinjida aytmoq qo‘shiqlar,
Ammo bir pand bersa menga biror kim,
Unga yopiladi barcha eshiklar!
Poyonsiz bo‘shliqda adashar idrok,
Obro‘ deb ruhingni qiynamoq nechun?!
Menga hamroh kerak fikru zikri pok
Eng toza turkular kuylamoq uchun!

* * *

Hali siz gullarni o‘pganingiz yo‘q,
Bir malak sochini hidlamadingiz.
Daryolar bo‘yida chopganingiz yo‘q,
Yarim oy ko‘ksini butlamadingiz.
G‘ozlarni quchoqlab yig‘lamoqni ham
Ochig‘i, xayolga keltirmagansiz.
Tovonni qitiqlab turganda ko‘klam
O‘pkani havoga to‘ldirmagansiz.
Adirda entikib chopmoq qayoqda,
Kashtador o‘tovda qimiz simirmoq,
Qayoqda uzangi ilib oyoqqa,
Turkona qirlarda qirg‘iy qidirmoq?!
Hali siz dunyoga kelganingiz yo‘q,
Hali siz go‘daksiz
va yoki holsiz,
pastqam bir kulbada beshon, behuquq,
alahsirab yotgan mudroqi cholsiz!
Uyg‘oning, birodar, uyg‘oning endi,
Qisirlatib tashlang umurtqalarni,
Qilichday yigitlik mag‘ribga enib
ketganda,
bir tutam umr qolarmi?!

YoLG‘IZLIK

Shamlarni yoq.
Maktub – stolda.
Maktubni yoq xijolat qilmay.
Tasvirimni chizib xayolda,
Bir lahza jilmay…

Musiqa.
Yarqiroq g‘urubdan
Vujudimga o‘rmalar farah,
Chayqatib, chayqalib turibman –
Qo‘limda qadah!..

Barmoqlarim botar pushtirang
Libosing chirmashgan belingga.
Avval yerga qaraysan arang
Va menga…

Elkamdan sirg‘alar qo‘llaring,
Atringga liq to‘ladi o‘pkam.
Menga qanday jodu yo‘llading –
O‘pganim-o‘pgan?!

Butun umr yashashga shoshdik,
Kipriklardek yaqindir visol.
Bir lahzada mangu tutashdik –
Shu holingda qol…

* * *

Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz,
Tinglaysiz tomchilar navosin,
Ammo nechun bilmaysiz hanuz
Yuragimning obu-havosin?!
Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz,
Men Betxoven emasman afsus,
Ko‘zingizda notalar suzar,
So‘z oqadi tomirimda, So‘z!
Bilamanki, yomg‘irdek kelib,
Bir inja, bir foram, bir nafis,
Yuzimda, labimda, sirg‘alib,
Kuy chalmaydi
Barmoqlaringiz!..
Bilamanki, barchasi behud,
Behudadir hislarim shavqi,
O‘rtamizda tafovut mavjud,
Tafovutki sukut va shovqin…
Kechikkanman, bo‘lar ish bo‘lgan,
Sizda shodlik, menda esa dard.
Ko‘nglingizni mavh etib olgan
Mendan avval aldoqchi Motsart!..
Anglashimcha, barchasi tamom,
Ko‘nglingiz boshqaga erimas,
Siz yomg‘irni yaxshi ko‘rasiz,
Motsartni,
Notani,
…menimas!

* * *

Gar kishan taqsalar qo‘limga bir kun,
Quyoshdan to‘silsa yovqur ko‘zlarim,
Men bitta-bittalab sanashim mumkin
Dastavval sotadi qaysi do‘stlarim.
Va illo qo‘rqmasman,
Yo‘lim haqmi, bas!
Qaro sabuhlarga yetadi kuchim,
«Bir boshga – bir o‘lim» – o‘lim naqlimas,
Jo‘mardning kalomi ekani uchun.
Qadahlar to‘qnashib turibdi hali,
Nigohlar sirtida do‘stona bosim.
Hozircha ixtilof, nifoqdan nari
Adoliq topmoqda silliq marosim.
Baribir bilaman, kimda qaysi o‘y,
Qay sohil ishqida suzmoqda kema.
Ay, fuzul yuragim,
Qichqiriqni qo‘y,
Burg‘ular oldida sibizg‘a nima?!
Va illo demasman,
Umidingni uz.
Turkular kuylanmas kulib, hiringlab,
Turonday vatanni umatgan ulus
Tariqday ovozni tururmi tinglab?!
Ey turkiy do‘stlarim,
Nafasi yovqur!
Yig‘ib qo‘yilmaydi shamolda yelkan.
Avvalo, Turonga bir yurak zarur,
Yurakki, salmog‘i Turondan ulkan!

* * *

Sog‘inganda, Rumiyni o‘qing,
Xilvatgina uyda, jimgina.
Bilmam sizga qay biri yaqin:
Axmatova yoki Marina…

Sog‘inganda, Pushkinni o‘qing,
“Yiroq sohil va o‘zga hayot…”
Turku tinglab, ro‘molcha to‘qing,
Ovuntirsin sizni xayolot.
Istasangiz, Lermontov mana –
“Demon” degan zo‘r dostoni bor.
Tamaraning ko‘ngli – xazina,
Ammo sho‘rlik
Iblisga xushtor…

Manziliga etmaydi qarg‘ish,
G‘azablanish xunuk qoida.
Surat yoqish, xatlarni yirtish,
Sizga aytsam, bermaydi foyda.

Yana shu gap. Bayronni o‘qing,
Boburnimi
Va yoki Mashrab…
Bir xoinni o‘ylashdan ko‘ra,
Tuyuqlarni yodlamoq sharaf!

Faqat o‘qing. Oson yo‘li shu.
Bir ummonmi yoki bir yutum.
Masalan men. Ko‘zni yumdim-u,
Boshqalarni shunday unutdim…

ORZU

To Iskandar ko‘zgusiga boqarman – sen ko‘ringaysan,
Ko‘zim darchalarin qattiq yoparman – sen ko‘ringaysan,
Uzugimni yitirgayman, toparman – sen ko‘ringaysan,
Mayli shodon, mayli horg‘in, ko‘rin menga, ko‘rin, sarvim!

Qo‘llarimni yozib har kun, gir aylandim – soat bo‘ldim,
Gohi yupqa namat bo‘ldim, gohi ming-ming qavat bo‘ldim.
Par o‘rinda noz uyqungga botib turgan no‘xat bo‘ldim,
Har na bo‘lib kechdi umrim, ko‘rin menga, ko‘rin, qumrim!

Yo‘lga tushdim, qoldi jannat, zora zahmat shirin, zora…
Xatm qildim hijroningni qatra-qatra, pora-pora.
Buncha tordir, sitamzordir, qaro g‘ordir bu sayyora,
Bulutlarni kesdi ohim, ko‘rin menga, ko‘rin, mohim!

Bosh egmading, oldim-u bosh, yetti iqlim sari ketdim.
Bog‘da yomg‘ir bo‘ldi talosh, ikki qultum xarid etdim,
Ko‘zlaringda bir tomchi yosh – cho‘kib o‘ldim, shahid ketdim,
Mudom tashna ko‘nglim tusar – ko‘rin menga, ko‘rin, kavsar!

Dilimning to‘rida og‘riq, biroq sendek muhtarammas,
Malham bosay desam – zulmat, ich-ichimdan nur taralmas.
Jonga tegdi manov g‘urbat, boshqa g‘urbat istaram, bas,
Kuyib ketsin, tog‘-u mardum – ko‘rin menga, ko‘rin, dardim!

Uzugimni yitirgayman, toparman – sen ko‘ringaysan…

QURALAYLAR

Xonishimda mojaro,
Og‘ushimda chirmovuq,
Tuzatgani bir xato,
Uzatgani xurmo yo‘q.
Ko‘zlarimga, sanubar,
Bosmading bir bora lab,
Quralaylar ketdilar,
Qarag‘aylar oralab…

Har na dedim, bu taqdir,
U ham o‘zicha haqdir.
Visol – qalin bir kitob,
Balki ikki varaqdir…
Shu so‘qmoqdan o‘tdilar,
Ko‘zlaringni qoralab,
Quralaylar ketdilar,
Qarag‘aylar oralab…

Telba dilim nechun g‘ash –
Garchi menga yor eding.
O, ularning jununvash
Ko‘zlarinda bor eding.
Mung‘ayib ranjitdilar,
Hushni pora-poralab,
Quralaylar ketdilar,
Qarag‘aylar oralab…

Kiyiklarni yupatding,
Giyoh tutib qo‘lingda.
Qancha she’rimni otdim,
Siyoh yutib yo‘lingda.
Men mayli, ular yerga
Qarab kulgisi keldi.
Har biri tanti, erka
Bolang bo‘lgisi keldi…
Qolganidan bexabar
Turaverdim mo‘ralab,
Quralaylar ketdilar,
Qarag‘aylar oralab…