Shahodatbonu Imomnazarova 1982 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat madaniyat institutini tamomlagan. “Rayhon nafasi” nomli she’riy to‘plam muallifi. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutining ilmiy xodimi.
* * *
O‘ksima, ko‘nglim-a, xokisor ko‘nglim…
Orzular armonga ketsa qorishib.
Qo‘rqinchli tushlarga aylansa o‘ngim,
Umidbaxsh tonglarim kelar yorishib.
O‘ksima, ko‘nglim-a, xokisor ko‘nglim…
Yuz burib ketganda do‘stlar birma-bir.
Aldoqchi qismatning makriga ko‘ndim,
Armonlarim uzun, qo‘lim qisqadir.
O‘ksima, ko‘nglim-a, xokisor ko‘nglim…
Quzg‘unday charx ursa boshimda xatar.
Men seni so‘nggi bor kelganda ko‘rgim,
Paymonam to‘lsa ham, to‘lmasang agar…
O‘ksima…
* * *
Kechir, seni tashlab ketganim uchun,
Erda qololmayman…
Umidingni uz.
Yarador baxtimning bag‘riday yupun
Osmon kelgan chog‘da menga yuzma-yuz.
Havoga aylanib ketaman – ketsam,
Yodimni bezaydi shaffof xayollar.
O‘rtangan dilimning dodiga yetsam,
Mening faryodimni tinglar shamollar.
Yo‘llarim uzundir, bilmas nihoya,
Shahrizoda aytgan ertaklar misol.
Yorug‘ kunlarimdan so‘ylar hikoya,
Sening yo‘llaringni yoritgan hilol.
Osoyish axtarma jonu tanamdan,
Suvsiz sohillarday yoysam qo‘limni…
Tiriklik ko‘ziga qanday qarayman,
Sog‘intirolmasam bitta o‘limni?..
Kechir…
* * *
Bo‘g‘zimni alamlar qamragan,
So‘zlaring kuydirar ko‘ksimni.
Xudoga xush yoqqan bandaman…
Armonga to‘ldirar ko‘nglimni.
Sukutdan yaralgan fig‘onsan,
Ko‘z yoshi nigohni tig‘laydi.
Tonggacha tonglarga ishongan,
Bo‘sh beshik o‘rtada yig‘laydi…