Sanobar Mehmonova (1981)

Canobar Mehmonova 1981 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Davlat jahon tillar universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini hamda O‘zMU qoshidagi Oliy adabiyot kursini tugallagan.
“Xayyomona xo‘rsiniqlar”, “Fano sarhadlari” she’riy to‘plamlari chop etilgan.

* * *

Nigohlar pichirlar bir qadim zorni,
Ey mening balokash oshufta kezim.
Bizga bu savdolar muborak endi,
Oshig‘liq muborak, Shams Tabrizim.

Dunyoni alanga ichiga oldik,
Na aql qoldiyu, na biror sezim.
Olamga sho‘rishu g‘avg‘olar soldik,
Ma’shug‘lik muborak, Shams Tabrizim.

Kimlarda qolmagan bu qadim junun,
Buncha jovdiraysan ko‘klarga ko‘zim?!
Muborak bo‘lsin bu hol otlig‘ funun,
Qo‘shig‘lik muborak, Shams Tabrizim.

Bizdan qolib ketar dunyoga alam,
Xudojon ber unga biz uchun to‘zim.
Tiz cho‘k poyimizga, ey muqaddas g‘am,
Oshig‘lik muborak, Shams Tabrizim.

Qonlarimga tashna qildi bu firoq,
Kelar bo‘lsang kelgin endi xunrezim.
Bunchalar go‘zalsan ey go‘zal qiynoq –
Ma’shug‘lik muborak, Shams Tabrizim.

Hol bilan savdoni nikohlab qo‘ydim,
Jununim boshimga chiqqan shu kezim.
Ishq bilan g‘avg‘oni nikohlab qo‘ydim –
Oshig‘lik muborak, Shams Tabrizim.

RUHIMNING AHVOLI

Tushundi, angladi va his qildi u,
O‘z-o‘ziga to‘ldi paymona bo‘lib.
Yurakning qa’riga chuqur to‘ldi u,
Ketdi o‘shal kundan devona bo‘lib.

Pok yashamoq bo‘ldi farishtalarday,
Ezildi shaytonga hamxona bo‘lib,
Angladi ertakning ertak ekanin –
Ketdi o‘sha kundan afsona bo‘lib.

Yig‘ladi falakning kuyiga maston,
Xudoni izladi giryona bo‘lib.
Angladi, noiloj, anglayolmasdan –
Ketdi o‘shal kundan hayrona bo‘lib.

Nima topding, deya undan so‘rdilar.
U dedi: “Sham topdim parvona bo‘lib,” –
Keyin qat-qatlarin ochib ko‘rdilar,
Voh-voh, kuyib yotar so‘zona bo‘lib.

Sengayam qoyilman, dunyoi qadim,
Baribir, kulding-a, g‘amxona bo‘lib.
Roziman, baribir, go‘zal yashadim –
Sog‘lar orasida devona bo‘lib.

Ertakning ichida afsona bo‘lib.

* * *

Osmonni qo‘y, axtarni qo‘y,
Ummonni qo‘y, gavharni qo‘y,
Hatto obi kavsarni qo‘y –
Kel, san mani ishqimni ich!

Bir ishqki qotili jondir,
Hamisha xavfi iymondir,
U kofirdir, musulmondir –
Olgin, mani ishqimni ich!

Buz olamning kamlarini,
Rad et bor ahkomlarini,
Sindir hamma jomlarini,
Ol, san mani ishqimni ich!

Toki paymona to‘lguncha,
Azal hukmi o‘qilguncha,
To tomguncha, to‘kilguncha,
Kel, san mani ishqimni ich!

Ummon ersang, dur bo‘lursan,
Zulmat ersang, nur bo‘lursan,
Hur bo‘lursan, hur bo‘lursan –
Ol! San mani ishqimni ich!

Kel, san mani ishqimni ich!

* * *

Bilaman, bilaman, bir kuni kelib,
Shamollarday esib, qaytajakman boz.
Ma’yus ko‘zlaringga ma’yus tikilib –
Ko‘zlarim tubida yig‘laydi bir noz.
O‘sha men bo‘laman –
Buni bilaman.

Bilaman, qayg‘uning qayg‘uchil yodi
Yuragimni o‘rtab qiladi nayrang.
Ammo hayotimning barcha burjidan
Qor kabi yog‘adi dilbar qiyofang.
Men unga termulib, senga to‘laman –
Buni-da bilaman.

Bilaman, oshiqlar vaqtday bevafo,
Xushtorlar tilida o‘yindir vido.
Sevgi deganlari oniy kayfiyat,
Bilaman, sen mangu yordirsan Xudo,
Boshimda abadiy bordirsan Xudo!
O‘ylaganim sayin ishqqa to‘laman
Ushbu ishq mangudir buni bilaman.

Bilaman, oshiqlik bandaga esa
Isyonli bir holdir Haqning hukmiga.
Nechun, yuragimga yetmaydi kuchim –
Bilsam ham oshiqman ne uchun, nega?!
Goh kulib yig‘layman,
Goh to‘lib yig‘layman.
Pushaymon bo‘lmayman,
Eh, buni bilmayman, bilmayman!!!