Rustam Emin (1962-2023)

Rustam Emin 1962 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini bitirgan. Uning “Rid” (“Ruhimni izlayman dunyoda”), “Ko‘ngil suvratlari”, “Daydi shamollar” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. 2023 yil 11 iyunda vafot etgan.

* * *

Quyoshning nurlari ko‘zimni oldi,
Qalbimga o‘rnashdi, so‘ngra oshig‘ich,
Daraxtning novdasin oldi egallab.

Yashillik barq urdi olamni qamrab,
Bodomning sochlari oqarib ketdi,
Men qoldim boshimni changallab arang.

Bahor kelgan ekan, bilmay qolibman
Mast bo‘lib dunyoning ishvalariga,
Ne qilay, bilmayman, bu boshim garang?

Men, endi, boychechak qidirib har tong,
Tog‘larga to‘shimni uraman siqtab,
Lek, gul ham men bilan uchrashmoqchimas.

Yuragim tubida yonayotgan olov,
Gulning dudoqlarin kuydira boshlar,
Qizg‘aldoq yuragim uzra cho‘lg‘anar.

Ma’yus kuyga o‘xshar, aslida, hayot,
Ham qayg‘u, ham shodlik singiydi unga,
Yolg‘iz men qul misol tentiyman yolg‘iz.

Yolg‘iz men qulingman, yolg‘iz giyohing,
Oyoqlar ostida toptalgan giyoh.

* * *

Kashkulim – sukunat o‘lkasi,
Qalbimning torlari jaranglar,
Quloqqa chalinar Haqqushning sasi.

Sukunat sahrosi naqadar nochor,
Rumiyni sog‘ingan qul misol yig‘lar,
Ko‘zdan yoshlar emas, oqadi g‘amlar.

Men yana sukutning bag‘riga kirdim,
Moziydan bir varaq topdim amallab,
O‘ngimda jonlandi Rumiyning rasmi.

Meros qolgan menga qadimiy kashkul,
Sirlarin o‘ziga olgan yashirib,
Qanday ochishni ham bilmayman uni.

Ko‘zimni yumaman, kunduz-qorong‘i,
Tunda oy nuridan ko‘zlar qamashar,
Qachon ochmoqlikni bilmay garangman.

Ko‘nglimda nima bor, uning qatini
Bir bora ko‘rmoqqa urinmadim ham,
Bir bora kirmadim uning uyiga.

Shundanmi, har kuni yig‘lar bechora,
Har kuni besh bora ko‘kka tikilar,
Bo‘g‘zimga nimadir tiqilar bot-bot.

Bir kuni vulqonday portlaydi, albat,
Tinmayin bo‘g‘zimga tiqilgan sog‘inch,
Shunda, kashkulning ham siri ochilar.

* * *

Olmos qishning qilichi o‘tkir,
O‘tkir hatto mening tilimdan,
Dor yo‘q faqat uning bo‘ynida.

Olmos qishning ko‘rpasi yumshoq,
Gard tegmagan biror yeriga,
Vijdonimdek u hamisha pok.

Olmos qishning libosi yuluq,
Taqdirimga o‘xshaydi u ham,
Igna tekkan ba’zi joyiga.

Olmos qishning shamoli mayin,
Yuzlarimni chimchilab ba’zan
Onamdayin oladi o‘pich.

Olmos qishning o‘zi sal g‘alat,
Ba’zan qahri kelib qoladi,
Otam misol uyadi qavoq.

Olmos qishni balki shuning-chun
Quchoqlagim keladi suyib,
Sovub qolsa hamki badanim.

Olmos qishni sevaman har qish.

* * *

To‘nimning bariga ilindi xazon,
Bog‘dagi sevgiga oshufta dillar
Ertakka mahliyo boshini egdi.

Sevgidan mast ko‘ngil ko‘chaga chiqdi,
Ishkomga ilashdi bir shingil so‘zi,
Sirg‘alib tushdi so‘ng qora marvarid.

Yoshlarin oqizdi, parivash ma’yus
Yoridan yodgorlik zirakni tutib,
Xonaning burchidan bir makon topdi.

Quyosh, havo, yomg‘ir – bari jam bo‘lib
Sochildi dasturxon uzra beminnat,
Bir-bir terib oldi shodon bolalar.

Izg‘irin ninadek sanchildi tanga,
Arqondek cho‘zildi kechagi savlat,
Xazonli to‘nimni yopdi ustiga.

Sevgiga to‘yingan dilning mevasi
Yana sevgisini ulashdi bizga.

* * *

Yomg‘ir yog‘moqdadir, boshda soyabon
Yo‘q, lek, sochim ho‘lmas, sochim ho‘l emas,
Faqat yuragimda to‘plangan yomg‘ir.

Yomg‘ir yog‘moqdadir, atrof tap-taqir,
Sahroi Kabirda yolg‘izman xuddi,
Hech kim yo‘qlamaydi mendek faqirni.

Yomg‘ir yog‘moqdadir, boshimda quyosh,
Otam kabi silar sochim tolasin,
Faqat hech to‘ymayman uning mehriga.

Yomg‘ir yog‘moqdadir, mening qalbimga…