Rahmat Bobojon (1998)

1998 yil Xorazm viloyati Shovot tumanida tavallud topgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi.
“Iztirob shiviri” (2020, she’rlar), “Moviy qo‘shiq” – Ulviy Bunyodzoda (2020, she’rlar, tarjima), “Xayolimni chaqirdim” – Akbar Qo‘shali (2020, she’rlar, tarjima), “Ismi Lala edi u qizning” – Xosiyat Rustamova (2020, she’riy doston, o‘zbekchadan ozarboyjonchaga tarjima), “Xo‘jali qirg‘ini” – O‘qtoy Ismoiliy (2021, she’riy doston, tarjima), “44 kun” – Xosiyat Rustamova (2021, she’rlar, o‘zbekchadan ozarboyjonchaga tarjima), “Ayriliqlar elchisi, salom!” – Muso Yoqub, Voqif Samado‘g‘li, Romiz Ravshan, Rustam Behrudiy (2022, she’rlar, tarjima to‘plam), “Yorug‘ xayollar” – Chori Avaz (2022, she’rlar, o‘zbekchadan turk tiliga tarjima), “Oltin asr” – Arkadiy Averchenko (2022, hikoyalar, tarjima), “Men doimo hayotda…” – Aziz Nesin (2023, hikoyalar, tarjima), “Ro‘baro‘” (2023, she’rlar), “Relslar uzra yotgan odam” – Ravshan Abdullao‘g‘li (2023, roman, tarjima) kabi kitoblari nashr qilingan.
She’rlari ingliz, rus, ispan, frantsuz, nemis, fors, tojik, turk, arab, ozar va turkman tillariga tarjima qilingan va gazeta-jurnallarda chop etilgan.
Dunyo Yosh Turk yozuvchilari uyushmasi a’zosi.

SAROB

Na sen borsan,
Na g‘amzada dil,
Na dorul Ishq, na dorul Baqo.
Menkim, ko‘ngli umrbod zalil,
Darding qayta ichganim-ichgan.
Etti olam jam bo‘lguncha to —
Kim ruhimga ruhingni bichgan?

Kim Layliga ohdan bergan dars,
Kim Majnunga qayg‘udan ta’lim.
Kim joniga yashab qasdma-qasd,
Kim vujudin asragan salim.
Kimni asir etgan mangu his,
Kimni yo‘qlik qo‘llari quchgan.
Kim o‘ziga kelmagan ilkis,
Kim o‘zidan butunlay kechgan?

Uning ko‘ngli ishq ahliga xos,
G‘ami — telba, g‘ussasi — raso.
Bir darvesh bor, Atodan meros,
Qo‘llarida qaqshagan aso.

Bormi kelar yo‘lingdan belgi,
Bormi ketar yo‘lingdan bir iz.
Qaylardasan, so‘yla, ey sevgi,
Qaylardasan, so‘yla, Havvo qiz?

Lablaringda qon talashar lab,
Ko‘zlaringda jon talashar ko‘z.
Va joningga jonimni xatlab
Qarshing uzra tursam, ayt, beso‘z, —
Qanday tutqun jonimda joning,
Kim ruhingga ruhimni bichgan?
Yolvorsammi sen deb, Xudoning
Men yodidan o‘chganim-o‘chgan.

Na sen borsan,
Na g‘amzada dil…

URGANChGA SAFAR

1

Qarib boraverar asrim yilma-yil,
Milodiy muhabbat,
hijriy muhabbat, —
Urganchda kun ko‘rgan intizor ko‘ngil,
Bir seni izlagan, bir seni, faqat, —
Faqat, og‘ir kelgan g‘amda pishmoq ham,
O‘zini har kimga atab erta-kech,
Birdayin qulamoq, birday uchmoq ham.
Bir shaharda yashab uchrashmaslik hech,
Bir shaharda yashab ayro tushmoq ham.

Ruhidan qayg‘usin aylab badarg‘a,
Masrurlik qidirgan, so‘ngra topgan ranj
Bir yo‘l ko‘rsatmagan Yorga ketarga,
Eskirgan bo‘lsa ham es kirmas Urganch.

Nasib qilolmagan shodlik vaslini,
Minglagan lahzadan yop-yolg‘iz palla.
Ismimga qo‘shmagan Yorning ismini,
Na Dishon qal’ayu,
Na Ichon qal’a.

Men seni kashf etdim.
Yo‘q, undan avval,
Betoqat kunlarning sochi oqardi.
Umrimdan kunlarim uchdi — darbadar.
Endi anglayapman, balki, u mahal,
Hislarimni o‘qiy olmasdi shahar,
O‘g‘uz lahjasida yomg‘ir yog‘ardi.

Sen unda bedoru men bunda bedor,
Sen unda sokinsan va men bunda jim.
Bu yolg‘on umrida bir haqiqat bor —
Men seni izladim,
men seni topdim…

2

Huzuringga chorla,
ayni subhidam,
Ikkimiz kezaylik bu yerlarni to, —
Ko‘nglimga ko‘nglingdan yetti olam jam,
Ruhimdan ruhingga yo‘llar sallamno.

Ko‘ksingda zarracha qolgaymi hasrat,
Axir ketaversak ishqqa sari biz.
Doston qilar edi,
bu shahar — hazrat,
She’rga aylanardi yuraklarimiz.

Hayotiga kirib bamisli oftob,
Qalamidan to‘kib, bir nurni — sahiy.
Bizning ishqimizga axir bobma-bob,
Bag‘ishlov yozardi Munis, Ogahiy.
Qismat birlashtirgan u go‘zal damlar,
Qattiq bo‘lajakdir orzuying, axding.
Qirq kun shodiyona qilar odamlar,
Qirq kun tantansi tugamas baxtning.

Bu yolg‘on umrimda bir haqiqat bor —
Men seni izladim,
men seni topdim…

* * *

Sharifim: G‘amo‘g‘li…
Borligim meros,
Jannatdan bir sakrab tushgan Atodan.
Oshiq-ma’shuqlarning qismatiga xos,
Sen ham xatodirsan, men ham xatoman.

Hayotim: Qorishiq…
Tubsiz xavf-xatar,
Ruhimga teginma — ta’qiq mevasi.
Yashayman sog‘inching iskanjasida.
Mungrayman ismingni aytib har sahar,
Izlayman yaldoli kechalar aro,
Anduhing anglami dard lahjasida,
Ko‘zlaring — men bilmas, qayg‘u shevasi.

O‘zini topolmas Bahorlar bu payt,
O‘zini unutar bechora Kuz ham.
Senga xayolimni yetkazarmi, ayt,
Turkona ohanglar so‘ylagan g‘ussam.

Menga berma, berma meni balog‘a,
Ko‘ksim to‘yib ketar bo‘lsa jonidan.
Sensiz yolg‘izlikka og‘aman, og‘a,
Sensiz tuyg‘ularning sargardoniman.

Osiyman, yuragim baxt istagan kun,
Jannatdan quvildim…
Ishq – jannatma’vo.
Meni qabul ayla, ey dunyoyu dun,
Meni qabul ayla, ey Momo Havvo.

* * *

Brodvey.
Eng ulkan fonus ostida,
Shoshib borarkanman, bildim, shu safar:
She’r bu — sog‘inch asli,
she’r bu — bir sitam,
Uzoqqa cho‘zilmas baxtning talqini.
Oq-qora suratlar — tomoshabinlar,
Bunda jim kuzatar, ikki ko‘zi lo‘q.
Telba daraxtlar tevaragimda
Gitara chalarkan erkalanib, sho‘x.
Ipak yomg‘irlarga o‘rangan shahar,
Yallo aytayotgan ko‘chalar bo‘ylab,
Sen qaydan
bilarding
kezmoq zavqini…

Sen buni bilasan, sen bilasan, yo‘q…
Xayoling do‘nganda ahvolim o‘ylab —
Barcha shodliklarni yig‘ib kelasan,
Iztirob yo‘qotar ranggin ko‘zlardan.
Yugurib kelasan yo‘lkalar bo‘ylab,
Metrolardan shoshib chiqib kelasan,
Tushib kelasan huv avtobuslardan.

Bag‘rimda uyg‘onar sochlaring hidi,
Birma-bir ohista kaftlar qovushar,
Birma-bir ohista lablar qovushar,
Birma-bir ohista taftlar qovushar…
Jim yursang, bu baxtmas, xato bo‘ladi,
Sen gapir.
Bu vaqtda shodlik bolalab.
Qo‘linga tegmoq-chun fido bo‘ladi,
O‘zini bandidan kesgan lolalar.

Men she’rlar o‘qiyman yoningda masrur:
“Bag‘rimda uyg‘onar sochlaring hidi…
Bag‘rimda uyg‘onar sochlaring…
Bag‘rimda uyg‘onar…
Bag‘rimda…”

TUPROQ MONOLOGI

Go‘zal qayg‘ularda anglangan shahar
Oralab ko‘zimdan yosh olib ketding.
Ozod qushcha eding,
mangu darbadar —
Ko‘ngil olib ketding, bosh olib ketding.

Sharafim osiylik,
Bor gunohim — ishq,
Jazoyim — g‘ariblik, qatlim — har kunlik.
Senga muborakdir biridan kechib,
Boshqa bir osmonga go‘zal tutqunlik.

Na Kuz dosh beroldi,
Na chidam Bahor,
Bag‘rim yaraladi guldurak, chaqin.
Sen yaxshi bilarding — men abadiy xor,
Sen yaxshi bilarding — qiyomat yaqin.

Dardmanu, darddan ham ortiqroq bo‘ldim,
Buyuk hasratingni yashirib kelding.
Arsh ostonasida bir tuproq bo‘ldim —
Sen esa poyimga bosh urib kelding.

* * *

Yomg‘irlar yog‘adi
sen bor shaharga,
Yoriqlardan bir-bir sakrab o‘tar tun.
Umringni tilaysan daqiqalarga,
Umring — taloshmi, ayt,
qismat — talotum?
Men esa umringda oniy yildirim,
Gumburlab-sumburlab, chaqnab o‘tarman.
Boru yo‘q ishqimni senga bildirib,
Faqat anglamog‘ing xohlab o‘tarman.

Yomg‘irlar yog‘adi
sen bor shaharga, —
Ikkimiz boramiz yomg‘irlarga do‘st.
Sevgilim, barisi ro‘yo, ichikma,
Jonim, unutilar bari saharda.
Yomg‘irga qo‘shilib maydalanar so‘z:
“Ijara uyingga, borgin, kechikma…”

Panaga gizlanib jon saqlaydi, jon,
Elkasi ivigan minglab halovat.
Odamlar o‘zini urar bekatga,
Sen esa,
ketmaysan, sen esa faqat,
Ko‘kka qo‘ndirasan moviy ko‘zingni, —
Va ko‘zimga boqib to‘ymaysan mening.
Zaminga oqlikni tilanar osmon,
Yomg‘irlar tinmaydi, tomchilar ming-ming,
Yig‘ib ololmayman faqat o‘zimni,
Yomg‘irlar yog‘adi
sen bor shaharga…

Seskanib qo‘yadi mushtoq bag‘irlar,
Yomg‘irlar mavsumi…
Yanvar, fevral, mart.
Axir, sen bilmaysan, balki yomg‘irlar —
Ko‘chada unutib qoldirilgan dard.

Yomg‘ir — baxt.
Baxt bizning yanoqdan o‘pdi,
Yomg‘irpo‘sh ostida qiynalmas joning.
Sen bor shaharlarning yomg‘iri ko‘pmi,
Yomg‘irlari ko‘pmi
sen bor dunyoning?

* * *

Bu shaharning munis kechalarida,
Ming qismat yozig‘i bo‘lar ekan hal, —
Izg‘irin izg‘igan ko‘chalarida,
Bir bor Kuz istadim,
bahordan avval…
Fevral oxirlamay o‘rik gullari,
Ayozda qaltirar betinim dir-dir.
Qorlar yog‘ayotir va yog‘gan sari,
Bahor olislashar bizlardan, axir.

Taqqa to‘xtaymanu, deyman shu yerda:
Masrurlik bormisan, omonmisan-ay.
Men sening ismingni kuyladim she’rda,
Dardim chalsin rubob, sog‘inchimni nay, —
Baxtimni kuylagan
dutordan avval.

Sovuq derazaga bosgancha yuzim,
O‘ylayman.
Yonimda sovigan qahva.
O‘rgatardi tirik qolish sirlarin,
Ishxona.
Mendan talant izlagan og‘a,
Bir dasta qog‘ozdek o‘z tashvishlarin,
Uyidan ko‘chaga, ko‘chadan uyga,
Tashiyotgan odam — bu men, ha, o‘zim.

Bir mahal qo‘ng‘iroq qiladi onam:
— O‘g‘lim, yaxshimisan, siz taraf sovuq.
Qalin kiyindingmi, havotirdaman.
Suratingni ko‘rdim.
Ohista kuldi.
— Kelinim to‘lishgan, ko‘z tegmasin, ko‘z.
Deyman: — U ovqatni yeydi zavq bilan,
Shunga kam yesa ham darrov bo‘lar yuq.
Hazillashar: — Bizni yemasa bo‘ldi,
To‘yingdan oldinroq,
yor-yordan avval.

To‘kilib ketmadim bu qish ham, shukr.
Yuragim gunohi, ko‘ksimning aybi, —
Ishq uchun o‘tlarga kirdim har mahal.
Seni o‘ylayapman, ha, ayni hozir,
Ko‘zingga boqsaydim, qo‘ling tutsaydim, —
Seni uchratsaydim,
bu qordan avval.

Seni uchratsaydim bu qordan avval…

* * *

Masih havolarda gulladi aprel,
Erka og‘ochlarning tolei nigun,
Kulmadi erinchoq shaharga omad.
Sen esa g‘amlarga botib yuz xotir,
Qo‘llaringni ko‘kka cho‘zding jim,
bugun —
Ruhingga jo bo‘ldi qaysi havotir,
Ko‘nglingni injitdi qanday nadomat?

Ehtimol,
o‘ylading, qaqshagan sabr,
Bunda bordir faqat
bechora ko‘klam,
Yuz yillik nayson va yuz yillik hajr,
Yuz ming hijronlarga bandi bir odam.
Birozgina sog‘inch, biroz nim kulgu,
Birozgina armon, birozgina yosh,
Nahotki, men uchun ataganing shu,
Uzlatda adashgan yigirma besh yosh.

Sen kimning davomi tuvakdagi gul,
Sen kimning ko‘ksiga nazar solding moh?
Sen kimning merosi uniqqan ko‘ngil,
Sen kimning farzandi men tanimas oh?

Qismatga muhrini qo‘yganda ul g‘ayb,
Olti taraf birday berganda sado.
Sendan o‘tgan kabi muqaddas bir ayb,
Mendan ham qoladi bu qutlug‘ xato.

So‘nggi nafas bizga xayrixoh bo‘lsa,
Ko‘ngilda qolmasa yorning anduhi,
Amrifarmon bergil,
Ishq gunoh bo‘lsa,
Bizni ham yo‘ldan ur Dajjolning ruhi…

2022

* * *

1

Uyg‘ondim kechalar tavallosida —
Ko‘ngilni yaratdi zavolsevar his,
Etsam bir o‘zimni etdim rasida,
Unutsam o‘zimni unutdim
yolg‘iz.
Na mehr ko‘rsatdi menga telbalik,
O‘ylasam,
o‘y — chirkin, anglovim — tuban,
Og‘ir tushlarimga in qurdi hadik,
Sen ham uyg‘onmading go‘zal uyqudan.
Menga kelganida dard ham kechikmas,
Qayg‘u chohlaridan yakka hatladim,
Ming yilki og‘alik hirkasin yechmas,
Ko‘ksimga tor kelgan uqubatlarim.

Yasharmiz avvaldan intihogacha
Tuyg‘uday to‘lg‘onib, ko‘pirib, tinib,
Nuroniy yog‘dular taratgan kecha
Ko‘zlarga berkitib oy sinig‘ini.

So‘ngra do‘qillaydi.
Sas qaytar asta,
Ruhimga urilgan qo‘hna asodan, —
Bir zumda oshiqman, gadoman, qulman,
Bir zumda to‘g‘riman, odil, rasoman,
Bir zumda osiyman, gumrohman, go‘lman,
Bir zumda dalliman, darbadar, hasta.

Bir zumda umrimga yetishdi zavol,
Kel, haqiqat, bugun dilda ko‘rsat bo‘y.
Meni ham ayama, tabarruk Visol,
Ko‘ksimga muborak qo‘llaringni qo‘y.

2

Men ham ko‘tarmadim sendek g‘alayon,
Bo‘yin tovlamadim qayg‘u doridan.
Nada unutildi,
na poklandi tong,
Osiy oqshomlarning istig‘foridan.

Turfa niqobida hijolat chekib
Hasrat bog‘lar aro kezar ayyor, quv.
Og‘ochlar boshiga elanar sekin
Yulduzlar so‘ylagan mas’um tazarru.

Bizlarga keldiyu qoldi beega
Olisdan yangragan judolik sasi.
Ul zarif lahzalar kechikdi nega,
Nega yarim qoldi oyning tavbasi?
Nega saodatning umri bitmadi,
Nega qaroqlarda unmadi ko‘zyosh?
Nega yuraklardan qo‘rquv yitmadi,
Nega chopilmadi ko‘tarilgan bosh?

Bor bo‘lsang,
atagin, meni unutma,
Oshiq xayolimni qilmagin sazo, —
Qaydadir ko‘zlasin muqaddas rutba,
Qaydadir yaralsin muqarrar Jazo…

2022

* * *

Dahrning taptortmas talotuminda,
Bir sokin ma’voda topmasdan qaror,
Kezdim.
Men bor-yo‘g‘i adashgan bir ruh.
Besaodat kunlar tashrifi aro,
Ishqqa, oshiqlikka tashna zaminga,
Yomg‘ir shevasida maktub yozar ko‘k.

Sevgilim, bormisan, bor bo‘lsang sen ham,
Quloq sol turobning dardi, ohiga.
Yo‘l olar men bilan — ikkita yelkam,
Samoviy samanlar furudgohiga.

Hasratni keltirgay qay xushxabarchi,
Qalovini topgan u qaysi sirning?
Bir quchoq ayozni keltirgan, garchi,
Yo‘rig‘i to‘g‘ridir oktyabrning.

Yaralish o‘ynida mag‘lub taqdirdan,
Eshitilar bunda osiy bir ovoz.
Men ruhman.
Sen to‘g‘ri topding, men ruhman,
Faromush shaharning ruhiman, xolos…

2021

* * *

Yomg‘ir qo‘shiq aytar
bugun shaharda,
Cholg‘uvchi bulutlar tinmas erta-kech.
Bir og‘ir qayg‘udan aylab xabardor,
Umrini almashib soniyalarga,
Yuksakda tug‘ilar tomchilar — darvesh,
Oyog‘im ostida jon beradi xor.

Kesilgan gullarning g‘amiday mayin,
Sakrab-sakrab o‘tar nozik qadamlar
Ko‘klamning lahzalik ko‘lmaklarini.
Yomg‘irpo‘sh ostiga qochar odamlar,
Yomg‘irga tutaman, menchi, atayin,
Sochimni, yuzimni, ko‘ylaklarimni.

Qarzi bor odamday g‘o‘ldirar metro,
Qandayin bebaxtsan, ey yerning osti.
Tashqarida esa kuylaydi yomg‘ir,
Yo‘l berib ming yilki bitmas kadarga,
G‘amini toriga aylagancha jo —
Yomg‘ir qo‘shiq aytar bugun shaharda,
Silkinib, tebranib, ichikib og‘ir.

Gohida xiyobon, undan narida,
Gohida bog‘ aro bilmay sira tin,
Gohida Chorsuning bekatlarida,
Gohida Brodvey tomonda g‘amgin, —
Yomg‘ir qo‘shiq aytar bugun shaharda.

Bu osiy shaharda bugun bizga ham,
Ko‘kning marhamati kengdir, ehtimol,
Aslida yomg‘irlar mendirman bu dam,
Aslida yomg‘irlar sendir, ehtimol,
Aslida yomg‘irlar —
(faromush falak)
Mening yodim bilan tug‘ilgan anduh,
Mening umrim bilan bo‘y yetgan yurak,
Mening ismim bilan jilovlangan Ruh.

Yomg‘ir qo‘shiq aytar
bugun shaharda…

2022

* * *

Umrim Kuzaklardan olis, ko‘p nari,
to‘kilmoqlik nedir,
bilmasdi hanuz.
G‘uncha tugmasimdan biroz ilgari,
meni bu yerlarga keltirgandi Kuz.

Kuz bilan qovruldim,
Kuz bilan yondim,
aylandim yonida yurgan soyaga,
yona turib hamki Kuzga inondim,
sorig‘ quchog‘ida yetdim voyaga.

Menga ta’lim berdi o‘tkinchi xazon,
bahor azobidan ayladi ogoh:
“Gullamoq — oniydir,
gullamoq — yolg‘on,
faqat, abadiydir to‘kilmoq”.

Mening bori umrim shudir, alqissa,
hayot kechgandayin go‘yo oniy xob, —
bugun ko‘z ochmoqda ko‘ngilda g‘ussa,
ruhimda unmoqda yashil iztirob.

Vokif etmagaydir faromush sirdan,
Ayriliq kechasi,
bu hajr tuni.
Men Kuzning eng so‘nggi odamidirman,
bugun-chi Bahorning birinchi kuni…

2022

* * *

Shivirimni yutdi muattar bir tun,
bilmayman,
etdimi senga tovushim?
Iztirob o‘qidi ruhimning hukmin,
sen ham eshitdingmi, homushim?
U kecha ko‘ksimga tig‘ urdi hayot,
angladim,
umrimni gunohlar yengdi.
Menmi qo‘llariga g‘ul ilgan ozod,
faromush g‘amlardan injigan senmi?
Qismatning yo‘rig‘in etdi ko‘p talosh,
balki tasodiflar,
balki xatarlar,
bizlardan kechmadi iztiroblar — yosh,
bizlarni qaritdi qaysi safarlar?

Yo‘l ketdim.
Umrning qaro kuzida,
istig‘for so‘yladi har giyoh, har barg,
tupurdim taqdirning ma’sum yuziga,
va so‘nggi she’rimni qildim juvonmarg.
So‘ngra
ichdi yorug‘ daqiqalarni,
nigohlar og‘ushi dardday bokira,
darbadar kezadi olis shaharni,
ismim-la uyg‘ongan go‘zal xotira.

Qachondir,
etaman, butkul to‘kilsam,
maktublar adashib borgan manzilga,
bir odam kechalar o‘rtanib, mulzam,
so‘qir ko‘zlar bilan termular yo‘lga…
Qachondir,
bu ishdan ko‘ngli yorishib,
bir yo‘l atagaydir ming duoi bad,
yodimni o‘qiydi gunohsevar ishq,
umrimni tahrirlar unutilgan dard.

Havotir olmagin mendan,
o‘ksinma,
kimningdir tilidan yangrar salomim,
og‘rib chiqar faqat har tun ko‘ksingda,
so‘nggiga yetmagan davomim…

2022

* * *

1

G‘amda kun ko‘rasan asosan,
Boqmaysan lek ko‘zlar namiga.
Sen juda tuyg‘usi rasosan,
Va juda yolg‘izsan, kamiga.

G‘aming bitar, alaloqibat,
Ko‘zingga yosh kelar hushdan hush.
Atalsa ham yolg‘izlik — jannat,
Nega bunda turibsan homush?

2

Mening yelkamdagi yagona Malak,
Nega qanotlaring, ayt, muncha qora?
Sen gunoh bo‘lsang gar, menga har qalay,
Gunohsiz yashamoq — haqorat.
Sen bir iblissifat,
Sen bir yovuz ruh,
Talaysan har kecha umrim — ro‘zimni.
Sen Vatan bo‘lsang gar, olis va sovuq,
Surgun qiladirman o‘zimni…

3

Yashamoq bu — ishqdir,
Ishq bu — bir gunoh,
Gunoh esa o‘lim sari eltar yo‘l.

Ko‘ngling goh yuksalar,
Yakson bo‘lar goh,
Ruhingda ilvirar afsus yelkani.
Demakki, yashamoq gunohga botmoq,
Yashamoq — o‘limdan qo‘rqmoq degani.

Mag‘rursan.
Oringga kelolmayman bas,
Buzilmas, qismating — ichilgan qasam.
Nega sen o‘limdan, gunohdan emas,
Yashashdan bu qadar qo‘rqasan?

4

Savdosi qaynagan savdogar kabi
Menga ham mezondan urib berdi Ishq.

Avtobusdagi bir bolakay kabi
Menga ham o‘rnidan joy bo‘shatdi G‘am.

Manzildan adashgan yo‘lovchi kabi
Menga ham kechikib kelgani shu Baxt.

Ilmsiz yashagan murabbiy kabi
Menga ham bir hikmat yuqtirdi Umr.

5

Visoling yomg‘irli kunlardek taxir,
Na kecholgay yurak,
na qilgay toqat.
O‘zimdan o‘zimga bir yo‘l bor axir,
Nega sening isming “mangu arosat?”
Bedor ko‘zlarimdan har kech to‘kilsang,
Ko‘ksimda bir og‘riq, deyolmasman “voh”.
Savdolim, sen agar arosat bo‘lsang,
Qayerdadir behisht,
qayerda do‘zax?

6

Qolar deb biror bir kuniga yarab,
Xushu xayolidan qilmasdan judo,
Har kimning istagi, mayliga qarab,
Iste’dodni bo‘lib berarkan Xudo.
Sen nega ranjiysan
faromush odam,
Iztirob ismingdir, qayg‘u otingdir.
Ayri qolmagansan, axir sening ham,
Yolg‘izlik — eng katta iste’dodingdir.

2022

DENGIZ VA QIZ HAQIDA BALLADA

Namozshom. Tanho qiz. G‘amgin bandargoh,
Dengiz dolg‘alari bilmas ne sukun.
Qizning ko‘zlarida tirilar bir oh:
— Ayt, qachon, seviklim keladigan kun?

Yo‘q-yo‘q, bu kutishlar emasdir najot,
Yo‘q-yo‘q, sevgi yolg‘on, yo‘q-yo‘q, ishq bir lof.
Yo‘q-yo‘q, axir dengiz emasdir hayot —
Qayg‘ulari — teran, tashvishlari — sof.

Chinmi o‘chganligi umid — qaldiroq,
So‘nganligi rostmi yo‘lchi yulduzning?
Namozshom. Tanho qiz. Olis bandargoh,
Ehtimol, ushbu kun ma’suma qizning —
Diliga alamlar yig‘ilgan bir-bir,
Qo‘liga munchoqlar tizilgan saf-saf.
Yigit yo‘lgan tushgan, ha, qayerdadir,
Yoshgina boshiga umrini aldab.
Ehtimol, u qizni butkul unutgan,
Ehtimol, sevgiga qo‘l siltamoqchi,
Manzil yaqinida dolg‘alar yutgan,
Talon-taroj etgan, balki, qaroqchi.

Osmon bu kech battar qovog‘in uygan,
Zamin halovatga yuz tutmas aslo.
Yurakdan sug‘rilib chiqqan bir kuyda,
Qizning alamini kuylaydi dunyo:
O, bunda na qonun,
na adolat bor,
Sen ham, men ham faqat shodlik kutibmiz.
Ikki tarafdagi ikki intizor,
Ikki tomondagi ikki qutbmiz.

Sog‘inchga yondoshdir ismi-sharifi,
Olamdagi ulkan qayg‘uga guvoh,
Iztirobning eng-eng qisqa ta’rifi —
Namozshom. Tanho qiz. Yolg‘iz bandargoh…

Ko‘ksi olovlarga bazo‘r bas kelar,
Qiz bilmas ketmoq yo ko‘zlamog‘ini.
Olis-olislardan dardchil sas kelar,
Bu yigit yo dengiz bo‘zlamog‘imi?

Yo‘q-yo‘q, bu kutishlar emasdir najot,
Yo‘q-yo‘q, sevgi yolg‘on, yo‘q-yo‘q, ishq bir lof.
Yo‘q-yo‘q, axir dengiz emasdir hayot —
Qayg‘ulari — teran, tashvishlari — sof.

2022

ShAHAR HAQIDA G‘AMGIN HIKOYa

Tumanzor ko‘chadan bormoqda
Shahar
halloslab, yuragi hovuch nur istab,
uni mahv etmoqda ming yillik xatar,
talanmoqda ikki yo‘l orasida.
Hansirab o‘tardi aftobuslar jim,
kuzatib qolardi bekatlar — mahzun,
Shahar
orqasiga goh-goh boqardi,
ortidan izma-iz kelar edi tun.

Bu paytda
oqshomni begona bilib,
battar olovlandi qayg‘u jonlarda,
zulmat raqs ayladi
unga qasd qilib,
ko‘chayu xiyobon xonadonlarda…

Bu paytda
tul xotin kabi yulib soch,
bo‘g‘zini yirtguday faryodlar, ohlar,
o‘ljadan ayrilgan bo‘ri kabi och —
olisda uvillar edi qishloqlar.

Bu paytda
tonglarning o‘limin tilab,
tantana qilishdi nur ko‘rmaganlar,
va bitim tuzganlar zulumot bilan,
zim-ziyo kechadan yuz burmaganlar.

Bu paytda
kezarkan zulmat — beqayg‘u,
nomiga zarracha yuqtirmayin gard,
garchi, bilinmadi qishloqlarga u,
Shaharga og‘irlik qildi u faqat.

Bu paytda
kelarkan dard intihosiz,
Shaharlar alamdan ich-etini yeb,
bir-biriga boqdi: ”Nursiz, ziyosiz,
qadimgilar qanday yashaganlar”, deb.

Shahar
o‘sha tunga kelolmadi bas,
bir quchoq armonni bag‘riga bosdi,
qaysidir bekatda rostladi nafas,
shunda ushbu so‘nggi she’rni yozdi.

O‘lay agar, birovga churq etmasman,
bariga guvohman,
bilaman, magar.
…Esimda, o‘sha kun, tongga yetmasdan,
tunning qo‘llarida jon berdi Shahar…

2021

* * *

Men senga yukundim bir umr, Odam,
ming xasu ming gulu jonivor aro.
G‘amni g‘amga tutdim, g‘amga so‘rab g‘am,
Ishq o‘ynida dardni dardga chiyladim,
o‘zimni o‘zimga etdim ro‘baro,
o‘zimsiz qolganda kimni siyladim?
Ko‘ngil yo‘llarida misoli sarob —
yillab yondi yodim — zardushtiylarim.

Bir safar bor olis,
bir safar — ruhga,
jon maktubi, vujud xatim qayerda?
Cho‘kib ketar bo‘lsam teran anduhga,
qayerda yo‘l, arosatim qayerda?
Qayerdadir nadomatning o‘lkasi,
qayerdadir tazarruning darsi, ayt?
Qayerdadir iztirobning ko‘lkasi,
qayerdadir saodatning shamsi, ayt?

Har ko‘zimga Ishq mil tortadir, yohu,
bu millarki bir-biridan alodir.
Haq berari qanday kelar savdoyu,
yor berari qaydan chiqqan balodir?

Ishqfurushlar yonar ortimizdan xush,
zil ketar ichidan, so‘rmas al’omon.
Og‘och gullaganin ko‘rar bu payt tush,
og‘ochga mungrayib qarar olomon.

Ko‘ksimda bir og‘riq bosh ko‘tardi, bosh,
dunyoga yuzlanib so‘ylayman takror:
muncha go‘zal mening ko‘zimdagi yosh,
muncha nafis mening bo‘ynimdagi dor?

2021

* * *

1

Ishq — ruhimga tutilgan maydir,
qaysi manzil bexatar endi?
Yo‘l ketarman, yo‘l tugamaydir,
dil tutarman, dil bitar endi,
Faryodimdan ko‘ksim ko‘char dam,
bo‘g‘zimdagi ohdan aytaymi?
Goh lainu, goh malak odam,
oxiri yo‘q “goh”dan aytaymi?
Aytaymi yo malika tutgan
baxt bilan sirlangan ko‘zadan.
Aytaymi yo qayg‘u unutgan
labimdagi bedor bo‘sadan?

Oshig‘ingning istagiga esh
qalbing yonar, valekin jimsan,
aytgil, nega so‘zlamaysan hech,
Xudo menga buyurgan kimsa.

Qachonlardir Ishq etagidan,
dil — uzilgan bir parcha mato.
Dorulbaqo bizningmas, diltang
bizning faqat bu dorulxato.

Yo‘l ko‘rsatgil, o, ishqiy xobim,
ko‘ksim ichra ko‘rinar bir roh,
bolalasin bul iztirobim,
meni, faqat, ayama Alloh:
g‘amning poydor darvozasiga,
men bosh urib ko‘zyosh qilgan kun,
Ishqdan quygil ruh kosasiga
faqat, uni bir o‘zingga sun.

2

Elkamdagi kimning qo‘lidir,
kim labimga tekkizdi, ayt, suv?
Kim umrimga xatoni ekib,
kim o‘stirdi jazoni barhaq?
Ketdi dilga imzosin chekib:
mening ko‘nglim tariqati — haq,
mening yo‘lim — gunoh yo‘lidir,
mening umrim ismi — tazarru.

Ko‘tar, otib yubor nariga,
dilquduqdan g‘am toshlarini.
Kim sen deya qaroqlarida
eskirtirar ko‘z yoshlarini?

Tushun, axir qahrim toshlanar,
diydor meni jazolamasa.
Tushun, axir umrim boshlanar,
ishq umrimga yakun yasasa.

Kelaqolgil, kelsang qayg‘ulim,
kechalarga aylangaymiz jo,
saharlarga yarashgaymiz xo‘b,
qismat bizni siylagay bo‘yla,
qolib ketdim bu dunyoda ko‘p,
bir sado ber, chorlagin, so‘yla,
qayerdasan baxtiyor o‘lim,
qayerdasan go‘zal intiho?

2021