Qudrat Hikmat 1925 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Pedagogika institutini tugatgan (1957). Dastlabki she’riy to‘plami — «Mening Vatanim» (1950). «Baxtli bolalar» (1951), «Obodlik» (1953), «Do‘stlik» (1954), «Uch o‘rtoqning sovg‘asi» (1957), «Nevara mehri», «Chirchiq farzandi» (1961), «Alisher va kitob» (1962), «Ilonshoh va uning amaldorlari xaqida ertak» (1963), «Soatjonning soati» (1964), «Toshbaqalar hujumi» (1965), «Shamol botir» (1966), «O‘g‘lim bilan suhbat» (1970), «Olmos mening yuragim» (1983), «Mening yuragim» (1986) va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan. V. Mayakovskiy, S. Marshak, S. Mixalkov, A. Surkov, M. Bajan A. Barto va boshqa shoirlarning bolalarga atalgan she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1968 yil 10 aprelda Toshkent shahrida vafot etgan.
ERTALAB
Osmon tiniq, zangori,
Beg‘ubor aft-angori.
Yarqirab nur anhori,
Oftob chiqdi olamga.
– Assalom! – der Yer pastda,
– Assalom! – der el asta.
– Qancha orzu-havasda
– Oftob chiqdi olamga.
– Dovon oshib shod-xandon,
Xursand bo‘lib u chandon,
Yashasin deb har bir jon,
Oftob chiqdi olamga.
BAHOR
Uchib yurar mayin shamollar,
Elpib-elpib anhor yuzini.
Qirg‘oqlarda soyabon tollar
Oyna-suvda ko‘rar o‘zini.
Tong yellari o‘ynoqlab sekin,
Jiydazorga kirib yo‘qolar.
Maysa o‘tlar tebranib sekin,
Orqasidan kuzatib qolar.
Chumchuqlarning og‘zida cho‘p-xas,
In qo‘yishar tutlar ustiga.
Ko‘kni quchgan teraklar tinmas,
Oro berar kulrang po‘stiga.
Bedapoya, yam-yashil o‘tloq,
Chinorlarda qushlar chug‘urlar,
Ko‘klam ko‘rkin ko‘rdingmi, o‘rtoq,
Chamanzordek hammayoq gullar.
TOG‘ MANZARASI
Go‘yo ko‘kka ustun tog‘,
Kiygan suvsar, oq qalpoq.
Cho‘qqilari o‘rkachdek,
Tosh gavdasi keng, yalpoq.
Ko‘ksin bezar alvon gul,
Kifti archa – to‘nlari.
Sho‘x qo‘shiqlar aytadi
Shalola – fontanlari.
Har xarsangi ming botmon,
O‘rtasida nil hovuz.
Butalarning tagiga
In qo‘yishgan g‘oz, tovus.
O‘tzorlarda chiyovlar
Qirg‘ovulu tustovuq.
Ba’zan quyosh yilt etar,
Ba’zan tushar tez sovuq.
Chodir – uyni ivitib,
Savalaydi sel, jala,
Hurkib kiyik, jayronlar
Qochishar gala-gala.
ALIShER VA KITOB
Kitobga o‘ch o‘g‘ilcham,
Oltin topgan singari,
Chiqsa yangi bir asar
O‘qir mendan ilgari.
Mayli, bo‘lsin hikoya
Yoki to‘rt yo‘l quvnoq she’r.
Ayvonchada muk tushib,
Sharillatar Alisher.
Qosh qorayib ketkuncha
Qo‘ldan tushmas kitobi.
Unga yoqqan she’rlarning
Hozircha yo‘q hisobi.
Olimdek serharakat,
Ishlar puxta berilib.
Uncha-buncha yoshlardek
Oshib ketmas kerilib.
Turna qator savolga
Soldat kabi doim shay.
Hozirjavob bo‘lmasdi,
Shuncha kitob o‘qimay.
MIX
Qalpoq kiygan askarga
O‘xshaydi mix polvon ham.
Birikadi u bilan
Eshigu rom, narvon ham.
U bor uylar saranjom.
Havas qilar har asbob.
Ko‘rinishdan kamsuqum,
Ro‘zg‘or uchun qulay, bop.
Maxsus katak qutida
Saqlashadi tejalab.
Qurilishda ustalar
Ishlatishar rejalab.
Goh yanglishib ko‘p joyga
Qoqib ayb qilishsa,
Qalpogini qiyshaytib,
Uni mayib qilishsa,
Norozilik bildirib,
Mix qoladi qayrilib.
Deraza ham o‘rnashmas
Kesakidan ayrilib.
Ko‘rsa o‘yinqaroqlar
Tepib, sochib ketadi.
Ko‘zim tushsa nogahon
Jonim achib ketadi.
Turli-tuman buyumning
Pay tomiri o‘shadir.
Bo‘lak-bo‘lak yog‘ochni
Bir-biriga qo‘shadir.
Bir istagim bor, uka,
Mixday to‘g‘ri, o‘tkir bo‘l.
Hurmat qilib do‘stlaring
Shunda senga berar qo‘l.