Qahhor Yo‘lchiyev (1969)

Qahhor Yo‘lchiyev – 1969 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Filologiya fanlari doktori. Ijodkorning “Xurshidiy nigoh”, “Munis nasim” she’riy to‘plamlari; “Postmodernist adiblar” o‘quv qo‘llanmasi; “Poetik olam sirlari” monografiyasi nashr etilgan.

BAHOR

Bahor keldi, dilda hayajon,
Bahor keldi,
yuzda,
ko‘zda nur.
Bahor keldi!
Bahor!..
Onajon,
Bahor asli qaydan boshlanur?

G‘amlardan zax bosgan ko‘ngilni,
Nabiralar kulgisiga tut.
Shunda, tole rang-barang gulin,
Yo‘llaringga sochadi sukut.

Bahor keldi, bamisli otam,
Haj safardan qaytgani kabi.
Haydalgan yer, yam-yashil dalam,
Ajdodlarning munis matlabi.

Gul-chechakning muattar hidi,
Go‘zallikdan mast etib ko‘zni,
Uyalgancha singib havoga,
Urib olar dimoqqa o‘zni.

Entikaman sarxush havodan.
Qanday go‘zal va qanday diydor?
Bahor keldi!
Bahor!
Onajon!
Ezguliklar onasi – bahor!
Savol

Salqin kunlar shabbodasida,
Yashil bog‘lar ranglari siniq.
Suvlar sokin, yuzlari tiniq,
Kimdir yurar mevali bog‘da.

Quyosh keksa. O‘tmaydi so‘zi.
Qushlar qo‘rqib to‘plangan shoxga.
Daydi shamol – ko‘rmaydi ko‘zi,
Bog‘dan chiqib ketadi tog‘ga.

Kimdan qo‘rqib uzilar olma,
Behi bexos hidin taratar.
Qovjiraydi zarg‘aldoq gullar,
Uzun kunlar nechun qisqarar?

Savollarga javob yo‘q bunda,
Hamma qiziq, shoshar qaygadir.
Tushunarsiz yurganim kunda,
Quyosh yuzin to‘sadi kimdir?

* * *

Tuproq – vujud,
Vujud – tuproq.
Kaftimdagi chiziq besanoq –
Meni kutib kezganing yo‘l –
Yolg‘izoyoq.

* * *

Qatorlashib
Bulutlar ketmoqda
Hayot-mamot janggiga.
Kuzatadi tog‘lar,
Bog‘lar,
Suvlar…
Hatto tuproqdan boshini ko‘tardi maysa.

* * *

Uchqur asrimizning shiddatli kuni
Har onni o‘lchovga solar begumon.
Taqdirim shu erur – axbor zamoni,
Bosh qashlab turishga bermaydi imkon.

Saxiy kuz qo‘yniga to‘lgan mevalar
Misoli qalblarda orzular bisyor.
Yagona bir tilda turli shevalar,
Misoli yangraydi jamiki tillar.

Qaytadan tiklanar karvon yo‘llari,
Bir yonda Shanxayu, bir yonda London.
Shimoliy qutbga eltadi bir yo‘l,
Bir yonda afg‘onlar yozar dasturxon.

Dunyoning eng ulug‘ minbarlaridan
Yangraydi o‘zbekcha salomu kalom.
Yurakning ko‘z yetmas chuqurlaridan
Uyg‘onar tuyg‘ular – yurtimda ayyom.

Nihoyat, xalqlarning qutlug‘ uyida
Hilpirab turibdi ko‘k-yashil bayroq.
Har odam yashaydi orzu ko‘yida,
Ko‘zida porlaydi ulkan ishtiyoq.

Bir yonda tiklanar tengsiz shaharlar,
Bir yonda hasharga ulanar to‘ylar.
Vijdonlar daqiqa hisobin so‘rar,
Besamar o‘tgan on – asrga bo‘ylar.

Uchqur asrimizning shiddatli oni
Har kimni o‘lchovga solar begumon.
Yasha, sev, yaratgin chorlab insonni,
Orzular rivojda – tor kelar osmon.

* * *

Sokin tong. Yo‘l bo‘ylab suzadi tuman,
Oyog‘im ostida oh tortar muzlar.
Daraxtlar bezabon, havo yosuman,
Zo‘r maqom avjida – mudraydi tuzlar.

Tabiat qonuni, aslida, shaksiz,
Gumon yo‘q, oh urgan muzning dilida.
Faqat alam qilar, uch kunki rangsiz,
Tumanlar quyoshni boylab yo‘lida.