Oygul Ubaydulla qizi (1962)

Oygul Ubaydulla qizi – 1962 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetida (hozirgi O‘zMU) o‘qigan. Uning “Shahsuvor”, “Yolg‘izlik guli” she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Qayerdasan suluv majnuntol?

Sochlaringni tortqilab sabo,
O‘ynar edi, joningga tegib.
Ko‘zlaringda quvnardi ibo,
Ko‘klamoyning etaklari o‘tsa teginib.

Yayrar edi yashil kokiling,
Maysalarning keltirib rashkin.
Yuvmoq istab bulut tinmasdan
To‘kar edi ko‘zdagi ashkin.

Esingdami, senu men yolg‘iz,
Sirlashardik soatlab tinmay.
Osmondagi hilol-suluv qiz
Kekkayardi nazarga ilmay.

Yurar edi shamol uyalib,
Bizdan sira so‘rolmay uzr.
Yoqar edi senga suyanib,
O‘ylar surish, biram bahuzur.

Etakladi dil, chorladi shahar,
Dilingda yosh kuzatib qolding.
Izlarimdan boqib tong sahar
Sochlaringni uzatib qolding.

Ketib borar sog‘inch sen sari,
Dugonajon, so‘rab qo‘ygin hol.
Ko‘paymoqda sochimning qori,
Qayerdasan suluv majnuntol?

Sahar palla

Olam mudrab boqdi atrofga,
Tun chachvonin ko‘tardi biroz.
Qushlar jo‘shib kuylayverishdi,
Dillarida dilbar sarafroz.
Sahar harir nafasi bilan
Bezayverdi olam yuzini.
Uxlar hanuz miriqib uylar,
Derazalar ochmas ko‘zini.
Daraxtlarning issiq pinjida
Uxlab yotar kurtaklar nozi.
Keng samoda, bog‘ quchog‘ida,
Uchib, quvnar qushlar ovozi.
Tabiatning ustidan oppoq,
Tuman ko‘rpa qolgan ochilib.
Bir-birini bosib bag‘riga,
Uxlar shahar, qishloq qo‘shilib.
Ko‘z yumgani qo‘ymas chiroqqa,
Tuni bilan poyloqchi simlar.
Halqa yo‘lda ko‘zi qizarib,
Zuvillashib chopar moshinlar.

Eslaysanmi, meni kabutar?

Tashqarida qahrli sovuq,
Igna sanchar jonga ayamay.
Chor atrofni chirmar chirmovuq,
Quchoqlagan bag‘rida tinmay.

Derazamning oldiga kelib
Qo‘ndi, ma’yus oppoq kabutar.
Yurakkinam ketdi ezilib,
Tovlanardi ustida oq zar.

Derazamni ochdim. Qo‘limga oldim,
Muzlab qolgan ekan bechora.
Nigohida mo‘ltirar umid,
Topolmayin holiga chora.

Mehr berdim, muhabbat berdim,
Qalbginamdan kechayu kunduz.
Sadoqatning donini berdim,
Ko‘zlarida chaqnadi yulduz.

Sadoqatning donin cho‘qilab,
Ishonchimning ichdi suvini.
Isidi u mehrim bag‘rida,
Quvdim indan hadik – yovini.

Gapirardim har kun hol so‘rab,
Anglar edim ikki ko‘zidan.
Ketgan edi qo‘rquvi nurab,
Kabutar qolmasdi izimdan.

Derazadan qaradi oftob,
Bahor keldi, yashnadi olam.
O‘zini xo‘p oynaga solib,
Kokillarin taradi ko‘klam.

Derazani ochib yubordim:
“Boraqolgin, uchaqol qushim!”
Yuragimda so‘ngsiz iztirob,
Tilda esa, g‘arib tovushim.

Kelib-ketdi oylar karvoni,
Dil sog‘inchim – ochilgan daftar.
Sog‘ingaydir umrimning oni,
Eslaysanmi, meni kabutar?

Kechikdi

Chorlasamda, zor-intiq bo‘lib,
Kelayotgan yo‘lim kechikdi.
Quruq o‘tdek qaqragan vujud
Mehvariga dilim kechikdi.

Imilladi baxtning qadami,
Ko‘zga ilmay sog‘inch tovushin.
Yondirdi xo‘p alam otashi,
Qiyin bo‘ldi dilning sovushi.

O‘tib ketdi yonimdan sevgi,
Ko‘z yoshimga parvo qilmayin.
Yuz-ko‘zimga qo‘nmadi kulgi,
Iltijomni ko‘zga ilmayin.

Chorladi dil, ishqning nafasi,
Kelganida bo‘lgan edi kech.
Tomirimda hijron g‘avg‘osi
Oqib yotar hamon sokin, tinch.

Ko‘p intizor kutdim quvonchni,
Qiyin bo‘ldi ko‘rmoq bo‘yini.
Hali hanuz, ko‘zim o‘ngida
Tugamadi qismat o‘yini.

Sabr dilda o‘sgan terakdek
O‘rlatadi ko‘kka sepini.
Simyog‘ochga ilingan varrakdek
Uzolmadim taqdir ipini.