Oydinniso (Yo‘ldosheva) 1980 yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Ayni paytda G‘afur G‘ulom nashriyotida ishlamoqda.
* * *
Bu kechmish
kechmoqda mening ichimda.
Bir o‘zim bebaxtman,
bir men baxtiyor.
Meni tushun desam,
Aslo tushunma.
Kel desam, kelma, yor.
Tuman – harir ridom,
bolishim – suho.
Shafaq izlaringga
ko‘zlarim xumor.
Mayliga bil buni,
mayliga bilma,
Sen faqat, kelma, yor.
Bir g‘ulu… bir qo‘rquv…
titroqlarini
ko‘tarolmas dilim,
ko‘targan bir bor.
Yo‘qotmaslik uchun
topmayin seni,
Kel desam, kelma, yor.
* * *
Keldi ertak! Keldi ertak!
Sibizg‘angni chal shabboda,
Nog‘orangni ham chal tak-tak,
Ko‘kdan yog‘ilmoqda boda:
Chak-chak-chak.
Bu borliq mast.
Yo‘qlik ham mast.
Gandiraklab yurar yo‘llar,
Bir-biriga borar ular.
Chirmovuqday chirmashmoqda
Chip yopishib birlashmoqda
O‘ngu so‘llar,
Yo‘llar, izlar…
Qanday ayrilamiz bizlar?
Qanday ayrilamiz bizlar?!
* * *
Meni kuyla, olam,
men bir qo‘shiqman –
Har satridan
yuz yurak ungan.
Chalgin meni,
men bir musiqa –
Tomirlarga
jon bo‘lib ingan.
Yasha meni, olam,
yasha, hayotman –
juvonmarglar
ko‘zida qotgan.
Sipqor to‘yguningcha
men bir nafasman –
oshiqlarning
jonini yoqqan.
Olam, hayqir meni,
men hayqiriqman –
Haqparastlar
ko‘zida balqqan.
Yig‘la meni,
shaffof ko‘zyoshman –
Mag‘rurlarning
bo‘g‘ziga oqqan.
Manglaylarga bitilgan
sirli
taqdirdirman,
ko‘n menga, olam.
Meni tingla,
men bir odamman,
Haliyam dunyoga kelmagan
Odam…
SOYa
Biz yashagan umr
sening umringdir,
Hali yashalmagan
umr meniki.
Biz yuz burgan yo‘llar
sening yo‘lingdir,
Izlab topilmagan
yo‘ldir meniki.
Seniki pushaymon
hamda tantana.
Shuningdek, tabassum va
yig‘i sasi.
Sening g‘ussang erur,
sening quvonching,
Chekkan, tuyganimiz
hamma-hammasi.
Bari berganimiz
sening dilingdir.
Hali sarflanmagan
ko‘ngil meniki.
Biz yashagan umr
sening umringdir.
Yashab ulgurmagan
umr meniki.
* * *
Bir so‘z top.
Mayli, qalqimasin
zaminu osmon,
Oyoqqa turmasin xalq.
Toshyurak ko‘ziga
tepchimasin yosh,
Bir so‘z top haq!
Haq so‘z top
Va shivirlab aytgin.
Yo‘q, aytmagin,
bo‘g‘zingda qotsin.
Bo‘g‘zingga sig‘masa,
sig‘masa,
Mayli,
mayli ichingda yotsin.
Faqat top,
Haq so‘z top!
* * *
Sening boshing toshdan, odamzod,
Sen chidaysan,
qo‘rqmay qarayver.
Qara, osmon qanday lojuvard,
Tong qanchalar musaffo!
Qara, ichib qo‘ysin ko‘zlaring,
Qanday go‘zal raqs tushar sabo!
Qo‘rqma, qara,
etar bardoshing.
Axir, toshdan-ku sening boshing.
Faqat…
ko‘ngling nedan, bilmayman…
* * *
Chiqib ketayapman o‘zimdan, mana.
Hamma eshiklarni berkitib qo‘ydim.
Ayniqsa,
mahkamroq qulfladim ko‘ngilni.
Kalitini topshirdim senga,
Ochmagin uni!
Aytarli hech nima yo‘q unda.
Na Majnun sahrosi,
na Tohir daryosi.
Bir chetida jimgina yashaydi
Sevib-sevilmagan ayolning
umidli dunyosi.
Qo‘y, bu yo‘lga yuzingni burma…
* * *
Men keldim!
Uzib oyog‘imga chirmashgan yo‘lni,
O‘z-o‘zimga yo‘lday to‘shalib.
Xazonday ilinib, maysaday ko‘klab,
Tog‘larday yuksalib, ushalib…
Dunyo bo‘lib keldim, dunyodan kechib,
So‘zga aylanganman yutib so‘zimni.
Nima bo‘lsam bo‘ldim,
men keldim, axir,
Topib ber o‘zingni!
Topib ber o‘zingni!
* * *
Buloq o‘z dardida qaynayotgandi,
Binoyiday sayrab turuvdi qushlar.
Ularni tinchgina tinglayotgandim,
Siz deb g‘oyib bo‘ldi tovushlar.
Nega gapirmaysiz? Achchiqlanmaysiz?
Kuling! Ajablanib qarang kamida.
Indamay tinchimni buzyapsiz axir,
Shovqin ko‘taryapsiz imi-jimida.
* * *
O‘shal tong har bir sas musiqa edi,
Raqs edi har bir harakat.
Xo‘roz qichqirmadi, qo‘shiq kuyladi,
Jo‘r bo‘lishdi yomg‘irlar, yo‘llar.
To‘planishib rosa o‘ynadi
Shamollar, xazonlar, gullar…
Ko‘krak qafasidan mo‘ralab turib
Chapak chalib yubordi yurak.
Va hammani og‘ziga qaratib,
Boshladi biz haqda murodbaxsh ertak:
“O‘shal tun har bir sas musiqa edi,
Raqs edi har bir harakat…”
* * *
Men – erkin qush,
sen – cheksiz osmon,
Qanot qoqsam,
har taraf Sensan!
Ayt,
Jonimiz qolgaymi omon,
Keng bag‘ringda bir yayrab uchsam?
Yomg‘ir, do‘llar,
bo‘ronlar asov,
qizg‘anib
ish tindirmaydimi?
Meni senga eltuvchi
manov
qanotlarim sindirmaydimi?
Yo qalbingni
qizdirgan quyosh
Men o‘rtansam,
kuyib ketmasmi?
Tanga sig‘may
chirpirak uchsam,
Jonginangga ziyon yetmasmi?
Qanot qoqsam,
har taraf Sensan!
Erga qo‘nsam,
qolgaymiz omon.
Lek uchmayin
qanday yashayman?
Axir qushman, Sen esa osmon…
* * *
Yuragimni yulqib olib,
O‘yna, shamol,
o‘yna, shamol!
Chertib ko‘rgin,
otib ko‘rgin,
Uyg‘ot! Uyg‘otib yubor!
Ko‘ksim uzra pufla, shamol.
Pufla,
yonsin uchquni.
Tortqilagin,
yulqilagin,
Tarqab ketsin tuguni.
Ketma, shamol,
jonim shamol.
Tutib bergin bugunni.
Bas qilayin axir endi
o‘ttiz yillik tushimni.