Orif To‘xtash (1976)

Orif To‘xtash 1976 yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. “G‘unchalar tabassumi”, “Quyosh yo‘li”, “Ko‘ngilga tashrif” va “Vatan atri” nomli kitoblari chop etilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

QIShLOQ

Husningga hayratim oshib, qaytadan –
Rasmingni yurakka chizgim keladi.
Qaynoq quchog‘ingdan ketolmay, vatan –
Olis qishloqlarni kezgim keladi.

Mo‘jizaga  do‘nar  bunda  har  fasl,
Ko‘zlar qamashadi tarovatidan.
Bahori beqiyos, kuzi serhosil,
Qish qo‘rqar yozining haroratidan.

Bepoyon dalalar, purviqor tog‘lar
Dilimizga solar vatan rasmini.
Suv yoqalab bunyod bo‘lgan qishloqlar,
Erga mehr bermoq – hayot mazmuni.

Mudom ezgulikka ochiq eshigi,
Mehr isi anqir quchoqlaridan.
Dunyoga taralar Vatan qo‘shig‘i –
Mening ozod yurtim qishloqlaridan!


SABOQ

Tabiat – darsxona ekan biz uchun,
Hayot – hikmat ekan, o‘ylab qarasam.
Kuzatib, dedim men:
“Boricha kuchim –
Shu elning koriga men ham yarasam!”

Maysa nish urarkan tuproqni yorib –
Shu maskan ko‘rkiga ko‘rk ulashmoqqa.
Irmoq ham o‘zicha yo‘l topib olib –
Qaqragan yerlarga qarab shoshmoqda.

Neki mavjudot bor, kurashar betin,
Hayotin mag‘zida ezgu bir g‘oya.
Daraxtlar mevalar tugmoqda oltin,
Meva bermagani beray, deb soya.

Teraklar saf tortib turar askarday,
Barq urmoq ko‘yida yo‘q aslo tinchi.
Maqsad – shu el qurgan imoratlarga –
Yaramoqlik, bo‘lib vassa yo sinchi!

Kuzda uchib ketgan shoyi qaldirg‘och –
Qaytib topar ekan eski oshyonni.
Bu holni kuzatib, ko‘nglimda quvonch,
Qushlar olqishlaydi bunday makonni!..

Demak, bizdan talab – bundan-da yuksak,
Shu yurt, shu Vatanni jonday asramoq.
Bayrog‘ini o‘pib, balandroq tutsak,
Va shavkatin ko‘rib, qadni rostlamoq!

Faqat sevish mumkin bunday chamanni,
Endi g‘aflatlarga vidolar kerak.
“Bulbul chaman sevar, odam Vatanni”,
Fidoyilar kerak, fidolar kerak!

Tabiat – darsxona ekan biz uchun,
Hayot – hikmat ekan, o‘ylab qarasam.
Kuzatib, dedim men “qolar iz uchun –
Shu elning koriga men ham yarasam!”

* * *

Ayni bahor edi.
Men seni ko‘rib,
Begona bo‘lganim aql-u hushimdan.
Ko‘nglim ko‘zgusida sochingni o‘rib,
Tongda chiqib ketar eding tushimdan.

Men esa… tushlarim ta’birida mast,
(O‘zim – bashoratchi, o‘zim – munajjim).
Yurardim, dunyolar tovonimdan past,
Er uzra yetguday yozsam qulochim.

Osmonlar meniki edi o‘shanda,
Unga isming yozsam umidlar bilan,
G‘ashi kelmasin deb, ko‘zi tushganda –
Yopib qo‘yar edim bulutlar bilan.

Yillar yildirimday yarq etdi – ketdi,
Olov yoshligimdan qolgani bir cho‘g‘.
Vaslingmas, hajringga g‘arq etdi – ketdi,
Ammo tush ko‘rishdan charchaganim yo‘q.

Umrim tunlari – baxt, kunlar – malolday,
(Kelganga o‘xshayman biroz hushimga).
Ishidan uyiga qaytgan ayolday –
Sen kirib kelasan har kech tushimga!

* * *

“Kel”, desang yetardi.
Yoningda o‘zim,
Mening shiddatimdan orqada Xayol.
Lek barcha ildizni kelganman uzib –
“Ket” desang poyingda o‘laman, AYoL!

* * *

Dunyoga iddao qilurman har dam:
Qovurding-ku deya o‘triklaringda.
Meni eslaganda kelsa yig‘laging –
Demak yashayapman kipriklaringda!

* * *

Bir yon – aql, bir yonda yurak,
Ostonangni o‘par ikki yo‘l.
Sen aqlingga dil ufqin ko‘rsat,
Yurakka ham oqil hamroh bo‘l!


GULBADAN

Senga boshqa ta’rif yo‘q –
Bosh-oyoq gulbadansan.
Ayni o‘n sakkiz yoshda
Chunonam gullagansan.

Sochlaring suvning rasmi,
Qoshlaring qush emasmi?
Visoling tush emasmi?
O‘zing ham bilmagansan!

Kipriklaring qayrilgan,
Ko‘zing hushdan ayirgan,
Yuzing nurga chayilgan,
Soxta zeb bermagansan.

Labingga insa kulgu,
Sochilar qirmiz yog‘du,
Har qalbga tashlab orzu,
Hijronga yo‘llagansan.

Quchog‘ing jannat isli,
Kaftingda hayot misli,
Qo‘llaring qanot misli,
Tirnog‘i tilladansan.

Bir bog‘ga etsam qiyos,
Gullaring yashnar qiyg‘os,
Shoxtalash olma, gilos –
Mevalari ma’dansan.

Qomatlaring rasodir –
Cho‘kkan qalbga asodir,
Poying to‘la asotir,
Tig‘ poshnali qadamsan.

Senga boshqa ta’rif yo‘q –
Bosh-oyoq gulbadansan.
Ayni o‘n sakkiz yoshda
Chunonam gullagansan.

BEShIKDAGI  BOLAJON

“… Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!”
G‘afur G‘ULOM

Aylansin-o o‘zingdan,
O‘zbek elim – jonajon.
Porlab turgan ko‘zingdan!
Beshikdagi bolajon.

Barmoqlaring musht qilib,
Ko‘rsatasan xush qiliq,
Ko‘z tegmasin ishqilib,
Beshikdagi bolajon.

Tinglasam birin-birin,
So‘zing sirli, yashirin,
Islaring buncha shirin?
Beshikdagi bolajon.

Kulgiching yuzga botib,
Qo‘ymasin-ey uyg‘otib!
Nafaslaring bir latif,
Beshikdagi bolajon.

Jilmayishing biram xush,
Bilaklaring juft oq qush,
Tezroq ulg‘ay, pastga tush –
Beshikdagi bolajon.

Hatlagin ostonadan,
Va tashla o‘ktam qadam,
Seni kutmoqda Vatan –
Beshikdagi bolajon.

Kun kelib cho‘zarsan bo‘y,
Vatan nima, bilib qo‘y!
Hozircha oromga to‘y,
Beshikdagi bolajon.

Bag‘rikeng o‘zbek elim,
O‘zbek elim – bolajon.
Kuch-quvvat qo‘shib bering,
Oq sut bergan onajon!

RAShK

“Azizim, baxtiyorim,
Ko‘nglimning taxti yorim.
Yuzingda ko‘z izi bor,
Senga kim boqdi, yorim?!”
Xalq qo‘shiqlaridan

Qalbda olov sevgimning
So‘zimda tafti, yorim.
Poyingdagi maysalar –
Muhabbat kafti, yorim.

Oshiqlaring bir dunyo,
Sening o‘zing sir – dunyo,
Shoir dunyo, she’r dunyo –
Poyingda oqdi, yorim.

Olam yotar g‘aflatda,
Ishqsiz dunyo nafratda,
Bu yel emas, albatta –
Kiprigin qoqdi yorim.

Sevgisiz yashash… balki…
Chidolmas shoir xalqi,
Jonimni yoqsa hamki –
Azobing yoqdi, yorim.

O‘zni ololmam qo‘lga,
Yoqam aylanar ho‘lga,
Ko‘zim sen o‘tar yo‘lga –
Munchoqlar taqdi, yorim.

Tilda sevgim so‘zi bor,
Rashkimning ham ko‘zi bor.
“Yuzingda ko‘z izi bor,
Senga kim boqdi, yorim?”