Orif Odilxon (1938-2002)

Orif Odilxon – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. 1938 yilda tug‘ilgan. Toshkent qishloq xo‘jalik institutining (hozirgi TDAU) agranomiya-iqtisodiyot fakultetini bitirgan. “Bahor atri”, “Tog‘da bir chashma”, “Bodom gullari”, “Umid yulduzlari”, “Tog‘lar taronasi” kabi qator she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Shoir 2002 yilda vafot etgan.

MO‘’JIZA ERUR HAYoT

Mo‘jiza erur hayot teranroq solsang nazar,
Aylangan yer kurramiz va bulutli osmonni,
O‘tkinchi vaqt karvoni, aqlin olib har safar,
Hayratga solib turar donishmand bu insonni.

Kishini sehrlovchi kechalar, oq kechalar,
Shabnamlar giyohlarning bo‘ynida dur o‘zgacha.
O‘tganda yomg‘ir yuvib, tog‘larga boqsang agar,
Kamalak ranlarida o‘ynagan nur o‘zgacha.

Somon yo‘li atalmish, qumshakarday to‘kilgan,
Behisob yulduzlarning sirlari kimga ayon.
Kun bo‘yi bulbullarni kuylatib qo‘ygan chaman,
Gullarning tillarini kim berar aylab bayon.

Hayratga solar hali sir bermayin koinot,
Cheksizlik, vaqtu zamon tinmagan bu odamni.
Ochilur inson aqli oldida ko‘p tilsimot,
Yo‘lga solmoqchi bo‘lar aql birla olamni.

TO‘XTAMASDAN

To‘xtamasdan esadi g‘iz-g‘iz
Shafqati yo‘q vaqt shamoli.
Yaxshilikning hikmati cheksiz,
Beg‘arazlik inson kamoli.

Qismatimni ayta olar kim,
Ishonmayman folning bariga.
Ammo, uchar o‘ksik xayolim
Poyoni yo‘q bo‘shlik qa’riga.

TUN ChO‘KDI

Tun cho‘kdi qishloqda, yomg‘ir ham tinmas,
Hech narsa ko‘rinmas. Sovuq, zimiston.
Nechundur bo‘g‘zimga tiqilib nafas,
Qalbimda ingranar qandaydir armon.

Turibman, atrofga quloq solib jim,
Dov-daraxt, tog‘larni yuvmoqda yomg‘ir.
Sen haqda o‘ylayman, yoshlik va sevgim,
Bilaman, qaytmaydi o‘tgan kun, axir.

ARMON BO‘LIB

Alvon rangga bo‘yab olamni
Cho‘kdi osmon tubiga quyosh.
Yoshlikdagi bir dardu g‘amni
Unutmoqqa izlayman bardosh.

Jiyda gulin yoqimli isi
Bog‘ oralab urar dimoqqa.
Ochilmayin ko‘nglim nargisi,
Xayol olib qochar yiroqqa.

Izhori dil etgandi dilbar,
Oydek to‘lib bahor kezlari.
Armon bo‘lib qoldi u kunlar,
Sevgi, hislar bo‘roni bari.

Alvon rangga bo‘yab olamni
Cho‘kdi osmon tubiga quyosh…

U YILLARGA QAYTGUM

Yorishardi ko‘nglum, sen kulsang,
Yog‘ilganday quyosh zarlari.
Yoshlikdagi o‘shal qiyofang
Ko‘z o‘ngimdan ketmaydi nari.

Mehmon edi oy – oydin tunlar,
Quvnab-quvnab kutardik, erkam.
Suvdek oqib o‘tdi u kunlar,
Dilga qo‘ymay g‘ashlik va alam.

Yoshligimiz qolmish uzoqda
Tog‘lardagi jo‘shqin soysimon.
Sen yodimga tushganing choqda
U yillarga qaytgum begumon.

AYTIShGA OSON

Terakzor shivirlar bir ish bo‘lganday,
Sarg‘aygan barglarda alamli fig‘on.
Bir to‘da qush uchib yerga qo‘nganday,
Ohista uzilib, to‘kilar xazon.

Go‘yoki to‘kilar olam baridan
Yoshini yashagan tabarruk inson.
Voz kechib olamning yo‘g‘u boridan,
Hayotni tark etish aytishga oson.

OLAM HARAKATIDA

Olam harakatda,
To‘xtamaydi hech.
Tong otadi,
Tong…
Kirib kelar kech…
Chuqurroq nazar qil,
O‘tmoqda umring.
Befoyda o‘tsa u,
Befoyda o‘kinch.
Olam harakatda,
To‘xtamaydi hech!

TUShLARIMDA KO‘RAMAN SENI

Tushlarimda ko‘raman seni,
Bog‘larda gul terib yurasan.
Yoki anhor bo‘yida meni
Ma’yusgina kutib turasan.

Goho bo‘lib tengsiz bir chaman,
Lolalardan gulxan yoqasan.
Xira ko‘nglim yoritib birdan
To‘lin oydek kulib boqasan.

Qushday uchib tubsiz samoga,
Zuhro bo‘lib porlaysan, erkam.
Va aylanib sirli olamga
Qaylargadir chorlaysan, erkam.

Xayolimdan ketmaysan nari,
Ko‘rinasan: go‘zal va ma’sum.
Go‘yo cho‘kib hijron tog‘lari,
Kuylab olam aylar tabassum.

Tushlarimda ko‘raman seni.

QOR YoG‘AR

Yuvar yomg‘ir, chamanlarga
Falakdan chang, g‘ubor yog‘sa.
Misli yomg‘ir iliq so‘zlar,
Mayli, laylu nahor yog‘sa.

Sovutma hech so‘zlaringni.
Baland tog‘lar muz – qoriday.
Erib ketmas ekan, do‘stlar,
Agar ko‘ngilga qor yog‘sa…

TOG‘LARIM MENING

Tog‘larim bag‘rida muattar yellar
Esarkan bulbullar xonishin olib.
Ranglar jilosidan quvnaydi dillar,
Lovillar uzoqdan lolalar yonib.

Pistayu bodomlar gulini ko‘ring,
Ularda quyoshning nurlari porlar.
Boshida oq salla tog‘larim mening
Mehmondo‘st otadek bag‘riga chorlar.

Jilg‘alar qo‘shig‘i aylaydi asir,
Tinglayman sehridan ko‘zlarimda nam.
Yo nodon toshyurak yoki toshbag‘ir,
Undan zavq olmayin yashagan odam…

SIRLI SUKUNAT

Moviy osmon,
Shovullaydi soy,
Jo‘shqin chashma qaynar beg‘ubor.
Tog‘ bag‘rida nurli bir chiroy,
Sepin yoymish kelinchak bahor.

Qoya uzra aylanar burgut,
Yal-yal yonar lolalar pastda.
Tashvishlarim bo‘lganday unut,
Termilaman atrofga asta.

Yodga tushar yoshlik yillarim
Va dilimni yoqqan muhabbat.
Termilaman atrofimga jim,
El shivirlab, kuylar tabiat.