Omon Matjon (1943-2020)

Omon Matjon 1943 yil 14 fevralda Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1993). Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1969). «Karvon ko‘ng‘irog‘i» (1973), «Quyosh soati» (1974), «Yonayotgan daraxt» (1976), «Yarador chaqmoq» (1977), «Seni yaxshi ko‘raman» (1981), «Daraxtlar va giyohlar» (1984), «O‘rtamizda birgina olma» (1990), «Odamning soyasi quyoshga tushdi» (1991), «Qush yo‘li» (1993), «Iymon yog‘dusi» (1994), «Ardaxiva» (2000), «Xoja Ahror eiyoratlari» (2002) va boshqa she’riy asarlar muallifi. «Haqqush qichqirig‘i» (40 afsona, 1979) she’rlar kitobi, «Gaplashadigan vaqtlar» (1986) qissasi, shuningdek, Xorazmdan chiqqan buyuk siymolar xaqida dramatik dostonlar («Pahlavon Mahmud, 1975 va boshqa) ham yozgan. «Ming bir yog‘du» (1982) asari Alisher Navoiy «Xamsa»si ta’sirida yozilgan. F. Shiller, Sh. Bodler kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).
Omon Matjon 2020 yil 29 oktyabr kuni vafot etgan.

* * *

Ochil, ey gul, gul vaqting bo‘ldi,
Uyg‘on, ey dil, dil vaqting bo‘ldi.

Etar ming bir kecha ertaga,
Tong sirlarin bil, vaqting bo‘ldi.

O‘z haqqini bilmagan quldir,
Shukr etgan ham qul, vaqting bo‘ldi.

Noming aziz, o‘zingga bek bo‘l,
El bo‘l endi, el vaqting bo‘ldi.

Ogoh etar soatsiz qismat,
Harakating qil, vaqting bo‘ldi.

Tilni qutqar tillar bandidan,
Tilga kirgin, til vaqting bo‘ldi.

O‘zbekiston, falak burjiga
Yuragangni il, vaqting bo‘ldi.

* * *

O‘rtamizda birgana olma –
Olam ichra yumaloq ilinj.
O‘rtamizda birgina olma –
Balki g‘am u yo balki sevinch.

O‘rtamizda birgana olma,
Yarmi qizil, yarmi och-yashil.
Hayo tug‘yonidan qizil u,
U sog‘inchning ramzidir asil.

O‘rtamizda birgina olma,
Barmoq uchi tegsa tovlanar.
Alvon iffat, yashil tashnalik
Bir senga, bir menga dovlanar.

O‘rtamizda birgina olma,
Gard tegmagan, biram pokiza.
Hozircha u rangin bir havas,
Lab tegsa boshlanar mo‘jiza…

* * *

Yaratganga shukur, sen yana kelding,
Hamma qonunlarning o‘zgardi kuchi.
Men senga uzundan uzun ot qo‘ydim:
«Ey, eski dardlarni yangilatuvchi!»

Barmoqlar barmoqlar uchini sezdi,
Ko‘ngil bir ilohning kuchini sezdi,
Yurak allanening o‘chini sezdi,
«Ey, uzoq yo‘llarni yaqinlatuvchi!»

Yana ikki ko‘zdan sirqildi namlar,
Billurni yuvdilar pokiza g‘amlar.
Qani ul Sir, Amu mavj urgan damlar,
Ey, sen dengiz tubin dolgalatuvchi?!

Asli, qayda bo‘lsang, men ko‘ngli to‘qman,
Kunchiqarim ishqdir, nur o‘chsa – yo‘qman,
Bilaman, kimgadir juda suyukman,
Ey sen, xotirani poklantiruvchi!

Kim aytdi, yo‘l ancha o‘tildi deya,
Kelgan ketdi, kutgan kutildi deya,
Shodman – yana menga duch bo‘ldi deya,
Ishqi omonlarni yashartirguvchi!

Yaratganga shukur, sen yana kelding,
Hamma qonunlarning o‘zgardi kuchi.
Senga men uzundan uzun ot qo‘ydim:
«Ey, ko‘hna dardlarni yangilatuvchi!»

* * *

Dilimning rangini gul bilsa bo‘ldi,
Mening kimligimni el bilsa bo‘ldi.

Olis yulduzlarga sirrim aytmiram,
Nolishimni tonggi yel bilsa bo‘ldi.

Ucharga har qushdan par topinmadim,
Parvozlar hadisin dil bilsa bo‘ldi.

Jaholat mehrobi toshin o‘pmadim,
O‘shal bafi toshim til bilsa bo‘ldi.

Damlar shikvasiga uchma, omon bo‘l,
Fazlu kamolingni el bilsa bo‘ldi.

* * *

Charx avzoyi bu dam avvalgilarg‘a o‘xshamas,
Kotibu davru raqam avvalgilarg‘a o‘xshamas,
Endi inson qadri ham avvalgilarg‘a o‘xshamas,
Ko‘nglum ichra dardu g‘am avvalgilarg‘a o‘xshamas,
Kim ul oyning hajri ham avvalgilarg‘a o‘xshamas.

Ne uchar yulduzlar o‘tdi chalg‘itib elni juda,
Necha avlod yo‘li-yu umidin aylab behuda,
Davr mezoni bilan tortay bu kun o‘zimni-da,
Ne sitamkim qilsa rahm maxfiy erdi zimnida,
Emdi qilsa ne sitam avvalgilarg‘a o‘xshamas.

Bul Jahon tun birla tong bahs etar bir hujrakim,
Voh, quyosh savdosig‘a shamlar nechuk bo‘ldi hakim,
Ishq, bu – o‘z umrim, anga nechuk qasamlar ichmakim,
Demangiz Shirinu Layli oncha bor ishq ichrakim,
Xo‘blikda ul sanam avvalgilarg‘a o‘xshamas.

Qay kishikim bir ulug‘ ishga etibdi jon nisor,
Shiddati pastu baland kelganda ham bo‘lmaydi or,
Ey falak, hech kimni etma besamar yo‘llarda xor,
Javridin erdi alamlar, emdi tutmish o‘zga yor,
O‘lmishamkim, bu alam avvalgilarg‘a o‘xshamas.

Ona Sharq tojin kiyur! Zulmatda ushlatmang meni,
Bodayi haq mastiman, yolg‘onga uyg‘atmang meni,
O‘z xayolimg‘a qo‘ying, o‘zgaga ishlatmang meni,
Ishq aro Farhod ila Majnung‘a o‘xshatmang meni,
Kim bu rasvoyi dajam avvalgilarg‘a o‘xshamas.

Har kima har xil yozur Arsh Mirzosi sana,
Aylanur oyina bu, hech bitta ish topmas pana,
Nafs ipiga bog‘lidur ruh iplarin uzgan tana,
Ko‘yining ehromidan ko‘nglimni man etmang yana,
Kim anga azmi haram avvalgilarg‘a o‘xshamas.

So‘kmak o‘tganlar ishin notavonlar rasmikim,
O‘z zamonin rost etar qavmi marddir asli kim,
Shu hayot tilsimlarin ochmoq omonlar kasbikim,
Ey Navoiy qilma Jamshidu Faridun vasfikim,
Shoh G‘oziyga karam avvalgilarg‘a o‘xshamas.

TO‘RTLIKLAR

* * *

Tong otdi, olamda ming rasm ko‘rdim,
Mehrli ko‘zlarni pok, ma’sum ko‘rdim.
Hech kim zahar sepib, bol yiqqan emas,
Gul kirgan uylarda tabassum ko‘rdim.

* * *

Ey zot, xanjar bilan sen dam talashma,
Olam uyindasan, olam talashma.
Mening o‘z dardimdir elimning dardi,
O‘z darding bo‘lmasa, qalam talashma.

* * *

Birlik – ko‘ngil bilan gulning birligi,
Birlik – vijdon bilan tilning birligi.
Birlik – to‘qson ikki bovli o‘zbekning –
Ertadan umidvor elning birligi.

* * *

Olam ko‘zgusida ming sinar ko‘zgu,
O‘zimniki emas, hatto tush, uyqu…
Bu nurlarga tartib kim berar ekan,
Qachon bir idishga tushar bor og‘u?!

* * *

Yo‘q derlar, ishi bor bor bilan yo‘qning,
Bo‘shliqdan o‘tar-ku yo‘li har o‘qning,
Kuchlilar kuchsizga qo‘l uzatsalar,
Qadri ortar edi har yengan cho‘g‘ning.

* * *

Bu yo‘lda biz necha qo‘rg‘ondan o‘tdik,
Adirlar, qumlardan, darg‘ondan o‘tdik.
Shoshmay, lekin qaytmay, haq deb har doim,
Bizdan ancha oldda borg‘ondan o‘tdik.

* * *

Taning hech tinmasin o‘rgangan ishdan,
Ko‘ngling – o‘zi suygan, o‘rtangan ishdan.
Aqling elab tursin bori olamni,
Shunda umring tinmas yangilanishdan.

* * *

Shimolda biz yozdan xazonga tushdik.
Bu – janub. Yana «Yo ramozon!»ga tushdik.
G‘arbga ketdik – tubsiz qozonga tushdik.
Sharqqa yurdik, yana ozonga tushdik.

* * *

Sen meni yolgonchi deding, ey ahmoq,
Shu so‘zdan o‘lishim bilibsan biroq.
Haq deb jon berurlar, sening maqsading
Yolg‘onchi dunyoda ko‘proq yashamoq!

* * *

Dehqon o‘z xirmonin ko‘rmasin hech kam,
Do‘stlar yig‘ilsinlar erta ham, kech ham.
O‘z yer, o‘z joyida yashasin ellar,
O‘z erkin boshqadan so‘ramay hech ham!