Nosirjon Toshmatov (1966)

1966 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat madaniyat institutida tahsil olgan. “Sarkash tuyg‘ular” she’riy kitobi muallifi.
Hozirda “Mushtum” jurnali Bosh muharriri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlamoqda.

* * *

Qorong‘u tun.
Mehmonxona.
O‘chdi uyqum –
Chiroq yonar.

– Choy keltirdim,
Iching, qaynoq! –
Choy tutgan jim,
Choyi voh-voh!

Tushmi, o‘ngmi,
Kim bu suluv?
Qalbga singdi:
Titroq, g‘uluv.

Tugmasi yo‘q
Tungi ko‘ylak.
Ko‘zlari sho‘x,
Labi guldak.

Ipak bilak,
Olma dudoq.
Yon! Yon! Yurak!
O‘ch! O‘ch! Chiroq!

Oyning nuri
Kumushdanmi?
Dil huzuri
Kumush tanmi?

Engar oxir
Tunmi, charchoq.
Yonma, ortiq,
Yonma, chiroq.

Tungi mehmon,
Ketdi qayon?
Kumushoyni
Edi osmon.

O‘tdi necha
Yil, hanuz sir.
Qora kecha,
Oppoq asir.

* * *

Manglaydagi yozuq Haqniki,
Yurakdagin muallifi – biz.
Ming yil tutqun yashamoq mumkin,
Yashash azob, bir kun sevgisiz.

Manglaydagi yozuqni banda,
Derlar, tahrir qila olmaydi.
Hijron yoqqan qizil gulxanda
Yurakdagi yozuv yonmaydi.

* * *

Ishqing meni ming bor o‘ldirdi,
Tiriltirdi ming bora yana.
Temirchidek suvda so‘ndirdi,
O‘tga soldi ming bora yana.

Po‘latdanmi, bilmadim, jonim,
Gulxaningda yondim, kuymadim.
Bolg‘adan zarb yegan har onim
Mehru muhabbating o‘yladim.

* * *

Ketdim dalalarga, ketdim yo‘llarga,
Cho‘milgani dala changiga.
Ketdim shudringlarga, oltin nurlarga,
Barglarning benazir ohangiga.

Otam ketmoniga qo‘llarim asir,
Tizgacha tuproqqa botaman.
Yulduzlar jilvasin kuzatib masrur,
Maysazor qo‘ynida yotaman.

Farishta qanotli singilchalarim –
Kapalaklar kezib sarsari,
Mayli, atrofimda raqs tushsinlar,
Xayollarim bo‘lsinlar, mayli.

Dalalarga suv uzatib to‘zigan
Daryomni aylayman ziyorat.
Oqargan sochidek o‘tlari to‘zg‘igan
Qabrga qilaman tilovat.

Sodda ukalarim, sodda do‘stlarim,
Davrasida ichaman sharob.
Qadoq qo‘llarni-yu, horg‘in ko‘zlarni
Tavof aylagayman, men tavof.

Tovonim yayraydi, ruhim yayraydi,
Ko‘pchigan tuproqni kezganda.
Yuragim, miriqib sho‘x-sho‘x sayraydi,
Oltin qafasini buzganday.

* * *

Qushlar juftin izlagay palla
Gulga boqib ochiladi gul.
Yashil ko‘ylak kiyadi dala,
Bezanadi chechak taqib yo‘l.

Oppoq bulut quvnatar ko‘zni,
Sho‘x kulgular yoqar quloqqa
Oyoq ostidagi yalpizni
Surtamiz biz ko‘zga, yonoqqa.

* * *

Go‘daklikda o‘ylardim, hayot –
Xushbo‘y gulzor, go‘zal bir chaman.
Tez ulg‘aysam, shodon umrbod
Gulzor ichra sarmast kezaman.

O‘smirlikda o‘yladim hayot –
Muhabbatning ulkan qasridir.
Barcha dardga muhabbat najot,
Barcha odam ishq asiridir.

Yigitlikda dedim, hayot – kuch,
Past ko‘rindi baland cho‘qqilar.
Yo‘llarimda arslon kelsa duch,
O‘ylar edim, aniq o‘kinar.

Endi fikrim tamom o‘zgacha,
Derman, hayot – kurash maydoni.
Labingdagi so‘nggi so‘zgacha
O‘zliging isbotlash imkoni.

Tomoshabin olomon – sodda,
Ko‘p narsani anglamas, uqmas.
Menga amal qilar, maydonda
Raqiblarim birga-bir chiqmas.

* * *

Soqov kecha, zimiston kecha,
Dov-daraxtlar – xunuk sharpalar.
Sas-sadosiz yulduzlar uchar,
Soqov kecha sovuq naqadar.

Sukunatning qora ko‘rpasin
Yopingancha, uyquda borliq.
Kecha qancha ulkan bo‘lmasin,
Yuragimga qilmoqda torlik.