Norxidir Haydar (1960)

Norxidir Haydar 1960 yilda Boysun tumanida tug‘ilgan. 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini tamomlagan. “Xotira”, “Yurtim navolari”, “Umid yog‘dusi” she’riy to‘plamlari muallifi.

ShOIR QISMATI

Hayot haqiqatga o‘rgatsa hamki,
Yurak mo‘jizaga intilar hamon.
Dilda muhabbatning yengilmas kuchi
Ilohiy go‘zallik izlaydi mudom.

Hislari bir umr yurakda so‘nmas,
Qalbida gullagan g‘uncha so‘lmaydi.
Dildagi ishonchi aldamas uni,
Bu yo‘ldan yurganlar aslo o‘lmaydi.

Erdagi qovjirash, ilohiy dildan
Ko‘chgan go‘zallikni so‘ndirolmaydi.
Yuragida hayrat bo‘lmasa agar
Toshda gul chechakni undirolmaydi.

Allohning bu kabi marhamatiga
Sazovor bo‘ladi tanlangan inson.
Hayotning aldamchi vasvasasiga
Aldanib so‘ng unga keltirmas iymon.

O‘zgalar dardi deb o‘zini qiynab
Davo topa olgay, yetishar unga.
Xalqning manfaatin yurakka joylab,
Etar albat bir kun murodbaxsh kunga.

Shundayin zahmatli shoir qismati,
Qalbidan joy olgan ilhom parchasi.
Hayot hikmatini anglab yetgan kun,
Qalbdan she’rlariga ko‘char barchasi.

BEGONA AYoL

G‘uncha lablarida lim-lim tabassum,
Lahzada bir boqib tinadi xayol.
Seni tanimayman, seni bilmayman,
Ko‘zlarimga yaqin begona ayol.

Ketib borasanu yo‘lni ko‘rasan,
Ko‘rmaysan yo‘lingda devona dilni.
Shunday damda yutib qo‘ysang qiyindir,
Lahzanimas, asli tosh qotgan tilni.

Darding begonamas, o‘zing begona,
Ismingni bilmayman, parisan, hursan.
Munchoq ko‘zlaringga tikilolmadim,
Shoda marvariddan bir dona dursan.

Tasodif! Qandayin jazo bu bilmam,
Qancha odam o‘tar axir bu yo‘ldan.
Ketolmadim uning ortidan ammo,
Faqat ixtiyorim ketmoqda qo‘ldan.

TILAK

Issiq cho‘g‘ning ustida,
Novda tutab yonganday…
Soqov olov pinhona,
Novda shoxni yutganday.
Hayot g‘amgin, kun sayin,
Kunlar tutab o‘tmoqda.
Nahot o‘tsam shundayin,
Darddan quvonch kutganday.
O, hayotda bir bora,
Gulxan kabi yonolsam…
Tutab yonishdan ko‘ra,
Yonay otash bo‘lsam ham.