Normurod Narzullayev (1934-2006)

Normurod Narzullayev 1934 yil 7 iyulda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (2002). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1984). Samarqand Pedagogika institutining til va adabiyot fakultetini tutatgan (1956). Ilk she’rlar to‘plami — «Suyunchi» (1965). «Zarafshon zarlari» (1970), «Ufqlarda ko‘zlarim» (1973), «Lahza va larza» (1973), «Yog‘du» (1974), «Nigohlar» (1967), «Sevgi sehri» (1981), «Aniq vaqt» (1989), «Qalbim qatralari» (1994), «Oq farishtam, oppoq farishtam» (1995) kabi she’riy to‘plamlar muallifi. «Amir Temur haqida qo‘shiq» asari tarixiy mavzuga bag‘ishlangan. Bolalarga atab ham bir qancha asarlar yozgan («Shamol ushlagan bola», 1985; «Bosh maydon», 1990 va boshqa). Ko‘plab she’rlari qo‘shiqqa aylangan. G. Geyne, Ye. Yevtushenko, Q. Quliyev, M. Qanoat va boshqa shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2006 yil 28 martda Toshkent shahrida vafot etgan.

MUHABBAT BOR EKAN, DO‘STLAR

Jahonda borki parvona, muhabbat bor ekan, do‘stlar,
Ko‘ngil cho‘g‘landi mastona, muhabbat bor ekan, do‘stlar.

Yashil qozonda kurtak ham jo‘shib, bodroklanar nogoh,
Sevib bo‘lmaydi xufyona, muhabbat bor ekan, do‘stlar.

Havolar yel bilan gulbarg, gulim deb titragay yaproq,
Egilgay mevadan shona, muhabbat bor ekan, do‘stlar.

Umid bog‘ida qad rostlab, o‘tib armonli yo‘llardan,
Haqiqat bo‘ldi afsona, muhabbat bor ekan, do‘stlar.

Birov bilgancha raqs aylab, birov bilgancha jo‘r bo‘lgay,
Qo‘shiq boshlansa sharqona: – muhabbat bor ekan, do‘stlar…

Haqir deb haydamas dono chamandan mastu majnunni,
Bo‘shab qolmaydi mayxona, muhabbat bor ekan, do‘stlar.

Falak aylansa bosh uzra, zamon qalblarda aylangay,
Yashaylik endi rasmona, muhabbat bor ekan, do‘stlar.

Etib el izzatu ikrom biring Rustam, biring Bahrom,
Erur quglug‘ bu ostona, muhabbat bor ekan, do‘stlar.

Ko‘ngil ummonida baxt ham, etay deb Husniddin hayron,
Tug‘ilgay xuddi durdona, muhabbat bor ekan, do‘stlar.

YaXShILIK DEB YaShAYMAN

Yaxshi kunni saharidan kutdim men,
Tong keltirgan xabaridan kutdim men,
Hayot zavqin saharidan kutdim men,
Men kelganman yaxshilik deb dunyoga,
Azizlarim, yaxshilik deb yashayman!

Do‘st qadrini vafosidan bildim men,
Ishq jabrini jafosidan bildim men,
Qalb zarbini xatosidan bildim men,
Men kelganman yaxshilik deb dunyoga,
Azizlarim, yaxshilik deb yashayman!

Gul atrini uforidan angladim,
Tikan zahrin ozoridan angladim.
Oshiq dardin dil zoridan angladim,
Men kelganman yaxshilik deb dunyoga,
Azizlarim, yaxshilik deb yashayman!

Ul chamanmas – lola, guli bo‘lmasa,
Ul maskanmas – gar bulbuli bo‘lmasa,
Ul Vatanmas – shoir o‘g‘li bo‘lmasa,
Men kelganman yaxshilik deb dunyoga,
Azizlarim, yaxshilik deb yashayman!

BO‘LINGAN QO‘ShIQ

Ko‘kka uchdi miltikdan bir o‘q,
Daydi o‘qdan osmon guvladi.
Qora qonga belandi ufq,
Oppoq kaptar yerga quladi.

Manzil ko‘rmay tindi ovozi,
Yarim yo‘lda bo‘lindi qo‘shiq.
Ora yo‘lda qoldi parvozi,
Umri zavol – yovuzlik to‘siq.

Kabutarga qazing yerdan go‘r,
Jasadini otmang chordoqqa.
O‘z bag‘riga olsin ona-Er, –
Topshiraylik aziz tuproqqa!

Bajaraylik qalban qarzimiz,
Oppoq kaptar – oppoq orzumiz!

SUV PARISI

Osmon yanglig‘ bepoyon dengiz,
Suzar ko‘qda bulutlar horg‘in.
To‘lqinlar-la o‘ynab oltin kuz,
Maskan qurmish dengiz qirg‘og‘in.

Qirg‘oqlarda naqshlar, izlar,
Dengiz tengsiz mohir, zo‘r rassom!
Mehr bo‘lib to‘kilar hislar,
Yuragimga quyular ilhom.

Mo‘yqalamim edi qayroqtosh,
Suv parisin soldim qumga men.
Kuzatardi samoda quyosh
(O‘z dardimni aytdim kimga men?!)

Ul pariga bo‘lib mahliyo,
Xayol ichra yashardim birga,
Bir ajib hol ro‘y berdi, ammo
Botdim darhol qop-qora terga.

Suv parisin ko‘rib qirg‘oqda,
Tutdi chogi dengizning rashki.
Shamol bo‘lib keldi qayoqdan,
Oh, yuragim, shunchalar g‘ashki…

Dovul bo‘lib haddidan oshdi,
Mast tuyadek ketdi quturib.
To‘lqinlar-la qirg‘okdan toshdi,
«Suv pari»sin ketdi supurib…

Mana, sohil, turibman yakkash,
Ko‘nglim notinch, yurak g‘ash, ma’yus.
Kulib turar samoda quyosh,
Bu – qanday ishq, ne tuyg‘u, ne his?!

* * *

Uchma ko‘p ham choy-chaqalarga,
Kun qolmasin ko‘r baqalarga.
Uzoq umr ko‘raman, deb sen
Havas etma toshbaqalarga!

* * *

Otangga cho‘p otsang, bolang tosh otar,
Tosh tegsa boshingga, jonni qaqshatar.
Hisobli dunyo bu qadim-qadimdan,
So‘nggi pushaymondan ko‘zda yosh qotar!

* * *

Gapirsin qalbing, ko‘zing,
Zinhor yolg‘on so‘zlama!
Bo‘lsa ham ikki yuzing,
Bo‘lma ikki yuzlama!

SO‘ROQLAR

Samolarda yulduzlarni osmon so‘roqlar,
Chin insonni ko‘ngil qo‘yib inson so‘roqlar.

Orzu-armon tug‘iladi yerda, yurakda,
Cho‘qqilarda baxtni izlab dovon so‘roqlar.

Yurak, yongin bir umrga vafo yo‘lida,
Oshiq ahli o‘z ishqini pinhon so‘roqlar.

Do‘st qadriga do‘st yetadi, jon do‘sting o‘sha,
Bu olamda mol-dunyoni nodon so‘roqlar.

Inson qadri nomusiday bo‘lsin pokiza,
Benomuslar o‘z narxini arzon so‘roqlar.

Hayot shirin farzand bilan, ko‘zlar qarog‘i,
Farzandlarning kamolini zamon so‘roqlar.

Narziy, tutgil odil yo‘lni, yo‘ldan adashma,
Bilki, dunyo sarhisobli, vijdon so‘roqlar.