Nodira Afoqova (1966)

Nodira Afoqova 1966 yil 20 noyabr Buxoroda tug‘ilgan. Filologiya fanlari doktori. Buxoro davlat universiteti professori. Bir necha she’riy va tarjima to‘plamlari, «Jadid lirikasida musammat», «Jadid g‘azaliyoti», XX asr o‘zbek adabiyotida ruboiy va qit’a», » Shavkat Rahmon olami» (hamkorlikda) va boshqa bir qator ilmiy-adabiy kitoblar muallifi.

ILTIJO

Tunning kemasida mag‘lub jangchiman,
Sirlar haybatidan aylanmas tilim.
Yuksak-yuksaklarda siyoh rangida
Ulkan namozshomgul yotar ochilib.

Badbo‘y muhitlarning tinar shovqini,
Oyning nolasidan sirqiraydir dil.
Ko‘zimda yulduzlar raqsidan uchqun,
Kunduz qayg‘ulari, chekining endi.

Bu tunlar falakdan quyilmish, axir,
Xayol va qalb uchun, muhabbat uchun
Kapalak umricha balki bu hurlik.

Ming yillik hasrat-da kelar izma-iz,
Kunduzlar g‘ajiydir… mayliga… har kech,
Tangrim, qudratingga qoldir yuzma-yuz!

XOTIRA

Ustoz B.Sarimsoqov xotirasiga

Uzoqdan qarasam – hayiqdi ko‘zim,
Yaqindan qarasam – ruhim ezildi:
Osmon toqlaridan ilohiy sezim
Berdi-yu, nelarga ro‘baro‘ qildi?

Siniq bir jilmayish – solar talvasa,
So‘z nima? Titraydir kibor dunyolar.
Ey ahli malomat, Tangrim suymasa,
Sirlarini ochmas, bermas savdolar.

Umr nima? Oltmish va yokim yuz yil –
Mangulik oldida o‘lcham o‘zgadir.
So‘zning libosinda g‘aybning asrorin
Ochgan ahli zahmat, sharaf – sizgadir!

Uzoqdan qarayman – mangulik bir bog‘,
Yaqindan qarayman – sirlar So‘zdadir…

* * *

Bog‘chalar qoraygan. Yomg‘irlar tinmas.
Chirigan yaproqlar bosilmish zilday.
Qushlar oshyonini etib ketgan tark.
Bu kech kuz mavsumi chayqalar ko‘lday.

Xayol o‘zanida tunning daryosi
Yupun bolalikka eltar oqizib:
Unutilmish gulu giyohlar isi
Xaloskor qayiqday kelarlar suzib.

Oromning qo‘rg‘oshin qo‘rg‘onlarida
Singan naylarimga oqib kirsin kuy –
Ey fano soqiysi, ey fasli adam,
Sirlaringni mening qadahimga quy!

Kechmish va kelajak kelar yuzma-yuz…
Qayiqlar tilida so‘ylar Xazonrez…

AFIFAGA

Yot bir o‘zanlarda oqmoqda umrim,
Kiprigim ko‘tarsam, nigohim – malol.
Sen nega uyg‘onding, ming yillar burun
Qalbimning tubiga ko‘milgan savol!?

Biz ermak qilamiz yashamoqlikni,
Qon oqmas – tomirlar bosgandir qurum.
Dunyo sig‘dirarmi senday poklikni,
Dunyoning tilida sayramas qumrim!?

Palidlar hukm etar nechun bu kunlar,
E’tiqod istasang – qismating so‘zlik!?
Qaysi sahrolarda tindi quyunlar,
Nechun Haq deganning haqqi – haqsizlik!?

Bir biyik oh yotar ko‘ksim qulfida,
Sen uni chekmoqqa yaralding balki…

* * *

Ket, mening poyimga bog‘langan soya,
Ket, orsiz tabassum muhrlangan yuz,
Ket, fisqu fasodlar tug‘dirgich doya,
Nechun buncha zulm ko‘ngilga hargiz!

Muhabbat mayiga tutilgan kosa
Qattol bir qahrga, axir, to‘lmoqda.
Ket, fitna, hasadning makkor soqiysi!
Balki manzillarim yaqin kelmoqda…

Ketgil… Ko‘zlarimni to‘ldirsin olam,
Yulduzlar bo‘ylasin tungi chog‘larda.
Osoyishta boqay tegramga men ham,
Bulbul yuragimni bermay zog‘larga.

Balki zaifman men… yetmaydi qurbim
Do‘stu g‘animimni sevmoqqa birdek…

31 DEKABR

Shaffof qadahlarda ko‘pirgan ne u?
Qo‘llarim, ne uchun titraysiz endi?
Oynada qahraton emas u, gul-ku,
Ertagacha hali bu tun uzundir.

So‘raymiz «Devonu lug‘otit turk»dan,
«Yil», axir, «yel» emas, titramang, ey dil.
«Yil», axir, shunchaki guvranib yotgan
Poygadan ezilgan shafqatsiz yo‘ldir.

Kiprigim torida titrama, ey yosh –
Kiprigim toriga osilgan dunyo…
Dunyo, bu ne asror, meni qil ogoh:

Poyimda – xazonlar o‘ynar beparvo,
Ortimda – qirq yillik yashin urgan bog‘,
Ko‘ksimda – manguday guvlagan daryo…

FEVRAL

Tizginlab olsang-chi otlaringni, yil!
Fevral lablarimdan sirg‘alib chiqmay.
Bodomzor bog‘larda maxfiy tadorik,
Ko‘llar qudug‘idan chiqib kelar nay.

Gul isi kelodir tonggi tushlardan…
Fol ochar oynasi siniq jodugar:
«Ayolning tushlari xavfdan nishona –
O‘ttizga kirmasdan yiqilar Fevral,

Qulaydir Dekabr qurib ketgan taxt,
Shoxlarning yuragi yorilar noxos,
Istilo chodirin yig‘ishtirmas Vaqt…»

Baqamti turibdir tavallud, o‘lim…
Martning gullariga chiqaver peshvoz,
Ey vidolar uchun tug‘ilgan dilim…

AGARDA…

Agarda olamda So‘z bo‘lmasaydi,
Qanday sharh etardi dilxun oshiqlar
Sevgidan qon bo‘lgan yuraklarini?
Agarda olamda So‘z bo‘lmasaydi,
Akang o‘lib ketsa yot o‘lkalarda
Sovuqdan, tahqirdan, himoyatsizlikdan;
Otangning qo‘liga solsalar zanjir
Egani-chun mehnatning qaro nonini;
Onang-da singlingni eltib sotsaydi
Tangrimning kayfparast bandalariga;
Do‘sting seni sotib, qozon qaynatsa,
Qanday ayon qilar eding holingni
Dodingni tinglagich ostonalarga,
Agarda olamda So‘z bo‘lmasaydi…

QORA NAVO

(«Tug‘ilgan kun» dramasidan)

Shoirning onasi – iztirob, axir…
Rauf PARFI

* * *

Kuymay desang, qarama, ko‘ksim –
Bir lahzada sovuq urgan bog‘.
Qaramagin, boshing ustida
Iztirobdan chaqilgan chaqmoq.
Endi jimman. So‘z aytsam bo‘lmas,
Qovjiraydi bu yashil dunyo.
Yaratgandan omonlik tila –
Olov oqqan daryoman, daryo.
Biri – jannat, biri – jahannam,
Nigohimda qiyomat tikka.
Nelar qilding bu yo‘qsilni, ayt,
Aytolmasang, javob ber ko‘kka.

* * *

Bir lahza… Borimni boy berib qo‘ydim,
Oyog‘im ostida yo‘llarim yo‘qdir.
Girdobda o‘ynaydi umiddan bir xas,
Qo‘l cho‘zsam – kaftimni kuydirgan cho‘g‘dir.
Ey dil, umid uzma, o‘ksima, garchand
Endi ishq – ko‘zingga tortilgan mildir.
Yolg‘izlik dashtida unut bir gulday
Qayg‘ularing bilan yuzma-yuz o‘ltir.
Kimsasiz ey dilim, kimga ishonding?
Seni qutqarguvchi tariqat yo‘qdir.
Cho‘milsang – olov bor, ichsang – olov bor,
Kunlaring – bo‘g‘zingga qadalgan o‘qdir.
Ko‘ksimda ol yalov – yerga egilgan,
Endi topar bo‘lsam, topganim – So‘zdir.
Agar bu – imtihon; tayyorman yo yo‘q,
Vale mahshargacha omonlik yo‘qdir.

* * *

Ichim – quduq, qani nay,
Ko‘zimni yo nay aylay?
Bahri muhitni naylay –
Olov ichindadurman.

* * *

Yurak – siniq safoldur,
Har nafasim savoldur,
But o‘lmog‘im maholdur,
Malol ichindadurman.
Do‘st qanidur, qani ahd?
Qayda mehr, hamiyat?
Qo‘pdimi yo ulug‘ Vaqt? –
So‘rov ichindadurman.
Ishq deganim – sarobdur,
Obodlarim – xarobdur,
Ko‘kim – xoki turobdur,
Talov ichindadurman.
O‘ngu so‘lim cho‘g‘ ermish,
Oldim-da So‘z ermish,
Ortimda yo‘l yo‘q ermish,
Sinov ichindadurman.

* * *

Ko‘zlarimga qarama – dengiz,
Tublarida halokat bordir.
Endi ishqdan so‘zlama, ishqning
Yo‘llarida zalolat bordir.
Qonlarimda uyg‘ondi junun,
Ko‘targayman yiqilsa osmon.
Faqat ishqdan so‘zlama, qalbning
Qudratini sindirar yolg‘on.
Men sukutni nay qilib chalsam,
Kuzga cho‘mar dunyo bog‘lari.
Tog‘day o‘sar oy ko‘zgusida
Yuragimning jimit dog‘lari.
Ko‘ksimdadir olovrang yaproq,
Yonmasa bas bir kun jahonlar.
Pinhon yotar, axir, dildiroq
Yaproqlarda buyuk to‘fonlar.

* * *

Yuksaklarda moychechakgulzor,
Ko‘zgudayin oydin-oq kecha.
Yuragimning gulbog‘lariga
Qorlar yog‘ib chiqdi tonggacha.

* * *

Na ichimga sig‘dim men bu kech,
Na Tangrimning dunyolariga.
Oy o‘rnida yaraqlar qilich
Samovotning xulyolarida.
Ko‘zgudayin oydin-oq kecha
Ko‘zlarimga tig‘day qadalar.
Sukunatning ich-ichlarida
Ko‘rinadi gulday yaralar.
Nechun umr bu tundek uzun?
Nechun baxt-da bunchalar sotqin?
Yuragimning gavharin nechun
Men yo‘qotdim?
Nechun yo‘qotdim?
Endi yurak – yarador ohu,
Chopib borar – ko‘kragida o‘q.
Endi uni qutqarib bo‘lmas,
Vale endi o‘lmoqlik ham yo‘q.
***
Munisam, Siz meni bilmaysiz,
Na ismim, na kasbim, manzilim.
Tik qoya ustida guldaysiz –
Bir umr uzmog‘im mushkilim.
Munisam, bilmaysiz Siz meni,
Yashaysiz osoyish, tinch, beg‘am.
Men esa tirikman har kuni
Uzoqdan Sizni bir ko‘rishdan.
Men Sizni ko‘rdim-u, angladim,
Angladim dunyoda borligim
Va ko‘rdim dunyoning ranglarin –
Hasratim, sevinchim, borlig‘im.
Qirmizi ufqlar har kecha
Sharobday quyilar ko‘ksimga.
Angladim dunyoning, voajab,
Kiygani bunchalar to‘zigan!
Tegramda guvillar tiriklik –
Ko‘karar, sarg‘ayar, to‘kilar.

* * *

Men-da bosh ko‘tardim behadik,
Men-da mahv bo‘lmoqdan cho‘chimay.
Yodimning yodidan o‘chgandir
Ham ismim, ham kasbim, manzilim.
Bilganim – tug‘ilgan kunim bir,
Bu – Sizni uchratgan o‘shal kun.

2002 — 2009 yillar