Nilufar – 1939 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tamomlagan. Uning “Gul rozi”, “Sadoqat”, “Sog‘indim”, “Seni izlarman”, “Bahorga iltijo”, “Iffatli sharq ayoli”, “Qil ko‘prik”, “Haq qushining ovozi”, “Qalb amri” nomli kitoblari chop etilgan.
* * *
Bahor dala hovliga bordim,
Termilaman goh o‘ng, goh so‘lga.
Sof havodan xo‘p nafas oldim,
Ming rahmatlar aytib o‘g‘limga.
Olislarga boqdim, kumush qor
Tog‘ning cho‘qqisida yaltirar
Oh, tog‘da bor bunchalar viqor,
Boychechak yer yorib qaltirar.
Ko‘m-ko‘k baxmalin kiyib dala,
Hammani chorlaydi o‘ziga.
Qushlar sayraydilar baralla,
Qaniydi tushunsam so‘ziga.
Beshikdan bo‘shagan go‘dakday
Talpinaman qir-adirlarga.
Ochilishga shoshgan kurtakday
Hislar aylanar satrlarga.
Ming shukur deb o‘qiyman sano,
Mehrigiyoh ey ona tuproq.
Go‘zallardan go‘zalsan a’lo,
Bormi bizga sendan ulug‘roq.
Qimirlagan qir oshar derlar,
Harakatdan barokat bordur.
Dehqon bobo yer haydab terlar,
Erta-indin unga baxt yordur.
Er – onamiz, biz unga farzand,
Ro‘zg‘or g‘amin yemaymiz, aslo.
Bahor mehnat qilsak biz harchand,
Kuzda hosil olamiz a’lo.
O‘zbekiston – dunyoda tanho,
Odamlari saxiy, oq ko‘ngil.
Jannat huri kelsa mabodo,
Bizda qolib ketadi butkul.
Bahorginam, o‘paman quchib,
Seni ko‘rib dardim aridi.
Bulog‘ingdan jonli suv ichib,
G‘amu alamlarim qaridi
Va men yana yoshardim.
Onamni yodlab
Onajon nabira ko‘rdim bir jahon,
Ko‘zlari ma’noli, o‘zi bir mujgon.
Gapirsa, gapiga to‘yolmayman hech,
Uni quchog‘imdan qo‘yolmayman hech.
Qarashlari tiyrak, o‘zi xo‘p ziyrak,
Nazdimda u dono qiz bo‘lsa kerak.
Chaqqonligi o‘xshab ketadi sizga,
Erkaligi esa o‘xshaydi bizga.
Shirin taomlar pishirishni suyar,
Xamir qilaman deb, surpani yoyar.
Qo‘lidan supurgi tushmaydi, aslo,
Ko‘z tegmasin unga, xulqi ko‘p a’lo.
Hamma orzu qilgan barno qizaloq,
Ko‘ngillarga nur beruvchi shamchiroq.
Go‘dakni bergan Ollohni sevaman,
Dunyoga sog‘lom bola deb kelganman.
O‘ssin-unsin, hech kamchilik ko‘rmasin,
Dilidagi orzulari so‘nmasin…