Nasrullo (1988)

Nasrullo (Ergash Rahmatilla o‘g‘li) – 1988 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. She’r va maqolalari markaziy mat­buot sahifalari hamda bir qancha bayozlarda chop etilgan.

* * *

Shir-shir yog‘ar ship-shirin yomg‘ir,
shir-shir… uchar labingdan so‘zlar.
Shir-shir yog‘ar ship-shirin yomg‘ir,
yomg‘irlarga to‘ladi ko‘zlar.

Shir-shir yog‘ar ship-shirin yomg‘ir,
hech tinmaydi osmonning kuyi.
Sen-chi, xayol surasan og‘ir
yuragimga boshingni qo‘yib.

Shir-shir yog‘ar ship-shirin yomg‘ir,
yomg‘ir suvin asta ichamiz.
Yomg‘ir emas, bu axir – chog‘ir,
keyin bu dunyodan kechamiz.

Shir-shir yog‘ar ship-shirin yomg‘ir
osmon yerga talpingan misol.
Yomg‘irlarga aylandik oxir
qurmoq uchun lahzalik visol.

Shir-shir yog‘ar ship-shirin yomg‘ir…

OG‘USh

Oppoq bulutlarga burkanar boshim –
sen bilan mo‘jiza yuz bergan onlar.
Uyg‘otib yuborar mudroq quyoshni
atirgul iforli mitti ehromlar.

Xushbo‘y havolardan boshim aylanib,
bulutlar bag‘riga qulayman behush.
Keyin uchmoqqami qolar shaylanib
ko‘ksingda jim yotgan ikkita oqqush.

* * *

Men borlik va yo‘qlik orasidagi sargardon yo‘lovchi –
izlayman borlikdan yo‘qlikni,
yo‘qlikdan borlikni.

Siz mening borligim va yo‘qligimsiz.

Aslida, men bor edim,
siz ham bor edingiz.
Keyin bir-birimizni qo‘ydik yo‘qotib –
izlashga mahkum etildik bir-birimizni.

Shundan buyon qancha vaqt o‘tdi?!
Butun insoniyat umriga teng
bizning ayriliq.

O‘shandan buyon
ko‘kragim ostidagi yarimta suyagim og‘riydi.
Kiprigimni sog‘inch nay qilib chalsa,
eshitilar sizning ismingiz.

Chunki Tangri bir hikmat uchun
yo‘qligimga yashirdi sizni,
peshonamga notanish xat bilan bitdi ismingiz.

Demak,
siz ham izlayapsiz meni, shubhasiz,
yoki kutyapsiz.

Kutmang,
ovoz bering!
Qaydasiz?
Yo‘qsa…

izlagani ketaman
yo‘qlikdan sizni.

* * *

Boshimda shafaqdan yoqilgan gulxan,
oyog‘im ostida tubsiz bir jarlik.
Sening yuragingga tashlayman qadam,
ey buyuk muhabbat – eng buyuk zorlik.

Ehtimol, izlarman seni bir umr
va yoki topganman allaqachonlar.
Labing men uzmagan eng go‘zal guldir,
qara, nafaslaring meni achomlar.

Shirin xayollarga ko‘marsan meni,
oppoq orzularga meni ko‘marsan.
Bir kuni yo‘qotib qo‘yarsan meni,
ehtimol, kechikib meni suyarsan.

O‘shanda yig‘latib ketarman seni!..

* * *

Men juda charchadim, chanqadim g‘oyat –
bir jom og‘usirab, bir jom maysirab.
Ko‘zimdan oq sharob suzdim, nihoyat,
tonggacha sipqordim baxtingni tilab.

Lablarim chanqadi – labing gunohi;
visolga to‘ymadim, hijronga to‘ydim.
Shodlik piyolasin sindirdi soqiy,
sabrim kosasiga ismingni quydim.

Isming harflari baliq misoli
xotiram qa’ridan chiqdilar suzib.
Sen – meni sog‘inib to‘lgan hilolim,
abadiy bahorim, yozim va kuzim.

Yana ko‘zlarimga to‘ldi milyon kuz,
men uni sharobday sipqorib ichdim.
Yo‘limga intizor bo‘ldi qancha qiz,
ishon, barchasidan sen uchun kechdim.

Faqat ko‘zlaringdan kecha olmadim,
meni muhabbating ezdi muttasil.
Sevgimni sharobday icha olmadim,
yuragim tubiga cho‘kdi quyqasi.

Quyqalar armonday cho‘kar qatma-qat,
g‘ussalar cho‘kadi ko‘zyoshga to‘lib.
Sevgilim, men uchun yig‘lama, faqat
ko‘zlarim ko‘zingda yashasin kulib!

Men esa charchadim, chanqadim g‘oyat –
har lahza lablaring taftini tuyib.
Menga sharob emas, isming kifoya,
ismingni sharobday ichaman quyib…

* * *

Yuzlaring shafaqqa chayib olingan,
ko‘zingga yiqilgan yam-yashil yulduz,
ko‘nglingga samoviy mehr solingan,
odamzor qo‘ynida adashgan, ey qiz!

Qoshlaring tortilgan misli kamonday,
ko‘ksimga o‘q bo‘lib kiprik qadalur.
Ketaylik ikkimiz kelgan tomonga,
samoga ketaylik, mayli, yur!

Endi ona zamin bizniki emas,
bizniki emasdir gullagan qorlar,
kel, qaytib ketamiz bahor singari!

Bizlar yer bag‘rida adashgan kema,
qara, o‘zga sohil bag‘riga chorlar,
chorlar ko‘kko‘zlaring moviy vatani…

* * *

Osmonga osaman o‘zimni –
ko‘zlaring gar osmon bo‘lmasa.

Shamolga sochaman so‘zimni –
sochlaring gar shamol bo‘lmasa.

Olovga otaman ko‘zimni –
lablaring gar olov bo‘lmasa.

Yomg‘irga bosaman yuzimni –
ko‘zyoshing gar yomg‘ir bo‘lmasa.

Osmon bo‘lib quchib ol meni,
zamin bo‘lib yotay bag‘ringda.

Shamol bo‘lib, kirib ol, mayli,
osmonday ochilgan bag‘rimga.

Labingdan cho‘g‘ tushib, sochlaring yonsin,
qo‘llarimni qalay gulxanga.

Ikkimizdan alanga qolsin,
ikkimizdan qolsin
alanga!..

* * *

Tikilib o‘tiraman.
Yolg‘izlik – qarshimga qo‘yilgan ko‘zgu.
Ko‘zguning ortidan jilmayib boqar
tiyron ko‘zlaring.

Yolg‘izlik ko‘zgusin sindirib chil-chil
ko‘zlaringga cho‘kar qiyofam…

* * *

Qo‘lingga qalbimni qo‘yib yig‘ladim
qo‘llaring taftidan kul bo‘ldi qalbim
qo‘lingni qalbimga qo‘yib yig‘lading
kaftingdan suv ichib gul bo‘ldi qalbim
qo‘lingga qalbimni qo‘yib yig‘ladim
qalbimdan o‘t tushib qo‘llaring yondi
qo‘lingni qalbimga qo‘yib yig‘lading
umring chizig‘ida umrim uyg‘ondi
qalbimga qo‘lingni qo‘yib yig‘lading
yurak urishlarim zarbga aylandi
qo‘limni qalbingga qo‘yib yig‘ladim
qo‘lim seni quchib qalbga aylandi.

* * *

Siyohrang samoga sochildi sevgi
sening guldan mayin sepkillaringday.
Qadam tovushlari kelmoqda – senmi –
qobirg‘am ostiga bildirmay kirgan?!

Qobirg‘am ostidan kelmoqda bir sas,
sog‘inib chalmoqda kipriklarim nay.
Sen mening bag‘rimdan ketmay tur birpas,
istasang, mayliga, manguga ketma!

Manguga qo‘shiqlar aytamiz birga,
shirin kuy taralar dunyodan qadim.
Ko‘zlaring – yuragim qamalgan kema,
bag‘ring – bu dunyodan topgan jannatim.

Samoning bag‘riga sochildi sevgi,
ko‘zyoshim samoga ketdi sochilib.
Bu kech ham bildirmay yonimga kelgin,
chimildiq qilamiz tunning sochini!..