Najmiddin Ermatov (1993)

Najmiddin Ermatov 1993 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

* * *

Sentyabr tig‘ urdi avgust ortidan,
Yaproqlarga sachrab ketdi qon.
Holsizlangan quyoshni sudrab,
Ketib borar edi saraton.
Kuyib kuylar edi xotima kuyin,
Atirgul shoxidan ketolmagan qush.
Navodek havoga ketolmam singib,
U yog‘i xayol va u tomoni tush.
Qayta kelaverar armonlar yodga,
O‘tmishga intilib tasavvur halak.
Tirama tig‘iga urar o‘zini
Saraton qoniga belangan yurak.

* * *

Kelma!
Sog‘inchni o‘ldirar sening tashrifing,
Diydorga to‘yishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Hijronning ovchisi bo‘lgan visolga
O‘ljasin berishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Tug‘ilmagan she’rlar tug‘ilsin hali,
Uvolga qolishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Bir olam baxt bilan kelarsan, kelsang,
Men baxtli bo‘lishdan qo‘rqaman, kelma.
Kelma!
Mana shu dard bilan, gulim, tirikman,
Davodan o‘lishdan qo‘rqaman, kelma.

* * *

Derazadan termilar titrab,
Yomg‘irlardan shalabbo kecha.
Javdirab qaraydi xonaga, ammo
Kirolmaydi chiroqdan cho‘chib.
Men-chi, yetolmayman uyquga tomon,
Har kecha ming azob kechib boraman.
Sog‘inch bu tugundir, mutolaa – yechim,
Har tunda ming tugun yechib boraman.
Na kitob yopilar, na yomg‘ir tinar,
Kecha tentiraydi ust-boshi ivib.
Sahar yaqin,
so‘nggi varaqda
Kipriklarim borar ilinib.
Va nihoyat chirog‘im o‘chdi,
Sog‘inch ko‘char tushga o‘ksinib.
Kecha kirar xonamga asta,
Tong kelguncha olar isinib.

* * *

Xazon yomg‘irida kezganmisiz,
xayol yomg‘irida jiqqa ho‘l bo‘lib.
Armon olis, osmon yaqin –
sezganmisiz,
xazonlar kuylashin dilga jo‘r bo‘lib.
Agar kezsangiz,
o‘zni unuting.
Dunyoga ko‘z tiking xazonlar osha.
Bir zum osmon bo‘ling,
bir zumga zamin,
bir zum yomg‘ir bo‘lib yashashni boshlang.
Xazon bo‘lib ko‘ring yerga to‘sh bosgan,
bulbul navosida dilni qiymalang.
Yalpiz bo‘ling bir zum kuz fasli o‘sgan,
so‘lmoq jafosidan to‘yib yig‘lagan.
Tuymoq bu yaradir,
sezmoq – ezilmoq,
shu yo‘l azob berar va berar malham.
Faqat o‘zingizga qaramang,
o‘ylamang o‘zni,
bitta hayotida yashayotgan odam.
Agar qarasangiz chidamoq dushvor,
bir dilga ming bitta azob solasiz.
Bitta tan, bitta jon, bitta hayotda
baxtli yashashingiz sezib qolasiz.

* * *

Qor misoli kaftingga qo‘ndim,
Erib ketdi kafting taftimdan.
Tisarilding,
axir bilmasding,
Qorning cho‘g‘dek yonishin, erkam.
Men yonardim,
sen hayron eding,
Hadik ichra yumding ko‘zingni.
Ko‘z o‘rgangan, yurilgan o‘sha,
Yo‘llar tomon burding yuzingni.
Ketayapsan,
yonayapman men,
Ortingda qor – oppoq alanga.
Olding sovuq – yog‘ayapti qor…
Ishonch bilan boqding o‘shanga.
Ranjimagin, yonarkan deya,
Ketavergin sen o‘sha izdan.
Ranjimayman,
dunyoning sovuq
Qorlariga ko‘nikkan qizdan.

* * *

Xayolimni ushlolmayapman,
bir go‘shadan kelmaydi beri.
U go‘shada bir qiz uxlaydi,
xayolini tushga o‘girib.
Uyqumni tun berkitib qo‘ygan,
topolmadim qancha axtarib.
U go‘shada bir qiz uxlaydi,
uyqusini husniga chayib.
Yuragimni men topib oldim,
varaqlarga ko‘milmish g‘arib.
U go‘shada bir qiz uxlaydi,
unayotgan dardim sug‘orib…

* * *

Bulbullar bosh olib ketganday bog‘dan,
Fanoga ko‘chganday sabuhiy saslar.
Bog‘ ahli entikib quloq osadir,
sayrayotir qafaslar.

Tulpor tuyog‘ini tuproq unutgan,
Hurlik shiddatini mavh etgan g‘ovlar.
Bog‘ ahlin erk deya topingani ul –
chopayotir tushovlar.

Qushlar samosini ishg‘ol aylabon,
Parvoz tasavvurin etgancha badar,
Bog‘ ahlin kaftida kuchga to‘yinib,
uchayotir qarsaklar.

Bog‘da bog‘ qolmaydir, to‘rt taraf qolar,
To‘rt taraf qibladir, shu erur samar.
Bog‘ ahlin ko‘ksidan asta bosh olib,
ketayotir yuraklar.

* * *

Sen yoqtirgan yomg‘irlar yog‘di,
Oynaga urildi vido shitiri.
Uyasi buzilgan qushday ruhimni,
Ololmadim uyga kiritib.

Bosgan izlarimiz ko‘lmakka do‘ndi,
Oqcharloq misoli uchdi nigohim.
Vo ajab, ko‘lmakdan nilufar emas,
Baqalar chiqardi boshini, mohim.

To‘r tashlab o‘tirdim baliqchi cholday,
Bisotimda qolgan xo‘ragim jondir.
Tilla baliqnimas, duridan ayri
Tutib qaytayapman chig‘anoqlarni.

Horg‘in odimlayman cho‘loq turnaday,
Ezilib yog‘moqda ezg‘invash yomg‘ir.
Teshik tovog‘iga tikilib uyda,
Umidvor kutadir qarimsiq kampir.

Bu kampir o‘lmadi, tinchitmas meni,
Boriga ko‘nmagan bu kampir – visol.
Gar tirik bo‘lsa u
ushbu dunyoda,
Mening ham tirikday yurmog‘im mahol.

Uyga kirib keldim, yana g‘alayon,
Ko‘chaga itqitar itdayin xo‘rlab.
Yo tanga kishanla, chiqarma meni,
Yo ruhim ol, mana, ey ruhi talab.

Bunday yashamoqqa majol qolmadi,
Yo kuch ber, yoki bu yuragim tinsin.
Kelgin, kutayapman, agar kelmasang,
Sen yoqtirgan yomg‘ir yog‘masin!

Sen yoqtirgan yomg‘irlar yog‘di…

* * *

men tongman!
derazangni nihoyat topdim
so‘ngra yotog‘ingga yutoqib kirib
qo‘qqis ko‘taraman oppoq bayroqni
taslimman…
sening ruxsoringni ming yil axtarib
yana ming yil senga fido bo‘lmoq-chun
men keldim
uyg‘on
uyg‘onsangchi, bo‘l
sabrdan to‘ymoqda ming yillik yo‘qlov
uyg‘on…
nihoyat uyg‘onding, yuzingni
silar edi sabuhiy nurlar-
quyosh deb o‘ylaysan
so‘ngra sevib qolasan uni
men esa tongman

* * *

Kelma!
Sog‘inchni o‘ldirar sening tashrifing,
Diydorga to‘yishdan qo‘rqaman, kelma.

Kelma!
Hijronning ovchisi bo‘lgan visolga,
O‘ljasin berishdan qo‘rqaman, kelma.

Kelma!
Tug‘ilmagan she’rlar tug‘ilsin hali,
Uvolga qolishdan qo‘rqaman, kelma.

Kelma!
Bir olam baxt bilan kelarsan, kelsang,
Men baxtli bo‘lishdan qo‘rqaman, kelma.

Kelma!
Mana shu dard bilan, gulim, tirikman,
Davodan o‘lishdan qo‘rqaman, kelma.