Munavvara Oymatova (1970)

Munavvara Oymatova 1970 yil, 9 fevralda Dushanbe shahrida tug‘ilgan. 1990-1995 yillarda Xo‘jand Davlat universiteti o‘zbek filologiyasida tahsil olgan. 1995-98 yillar shu universitet aspiranturasida o‘qib, 1999 yil “O‘zbek adabiyotida fard janri poetikasi va tarixi” buyicha nomzodlik ishini yoqlagan.
Hozirda Xo‘jand Davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida “Rumiy va o‘zbek adabiyoti” mavzusida doktorlik ishini tayyorlamoqda.
“Bug‘doy boshog‘i” nomli qissa bilan “Tabu” romani bir jildda 2010 yil Xo‘jandda nashr etilgan. “Mozaika” she’riy to‘plami ham 2010 yili chop qilingan.
Axmatova va Bunindan tarjimalar qilgan.

MOZAIKA

«Dugonalar kuz keldimi?»
Gul ovozi titrab so‘ylar.
F.G.Lorka

Shamollar berar sado,
Bulutlar to‘qir abo,
Yomg‘irlar tipirchilar –
Besabr kuzgi navo,
Yig‘layotir ohanglar.

Xomush beva ayolday
Og‘och surar xayollar.
Tani titrab hayoda
Echinadi nihollar,
Yig‘layotir ohanglar.

Sarg‘imtil tili biyron,
Xazonrezgi podabon,
O‘tayotir zo‘r karvon,
Gung it kabi bog‘ hayron,
Yig‘layotir ohanglar.

Xojaga xor g‘ulomday,
Alikka zor salomday,
Vatani yo‘q kalomday,
Fasl yo‘lchi majnuna,
O‘tayotir ohanglar.

* * *

Meni bundan hayda, O‘lim ovozi!
Sharl BODLER

Men o‘lgan kunimda…Qabrim ustida
Qarg‘alar qag‘g‘ilab uchmasin zinhor.
Tangrim! Lahvi mahfuz ichinda nega
Menga bitding Ajalni ming bor.

Men o‘lgan kunimda…Do‘st dushman aro
Fivirlab o‘rmalar g‘iybat malaxday.
Birgina Muhabbat – ojizim, Fussa
Yukidan boshini egar karaxtday.

Men o‘lgan kunimda…Sig‘inganlarim
Sirtiga suv yuqmay tutar tobutim.
Tayfin*ni kuydirib yuborar zumda
Sovugan jismimdan chiqajak dudim.

Men o‘lgan kunimda…Zangor libosda
Valilar hassakash bo‘lib yo‘l boshlar.
Ortimda… Ortimda tili yechilgan
Olomon nomimni qarg‘ish-la toshlar.

Men o‘lgan kunimda sog‘inmang meni…
__________
* Kafan.

* * *

Men yana seniki…
Eski she’rdan

Men yana seniki ko‘ngli to‘la Fam –
Qayg‘u, onam kabi mehribonimsan.
Men yana seniki, diydalari nam –
Alam, otam kabi bag‘riqonimsan.

Illo, bu yo‘llarga gullar to‘shalmas,
O‘z qonim ichinda kezib borurman.
Illo, bu cho‘llarda orzu ushalmas,
Orzumning xunida yuzib borurman.

Qalb – ko‘za, jinlardan to‘ygan mayboda,
Fitnalar izg‘iydi, fitna – g‘amlarim.
Yo Alloh, yeturmay yetganim Dod-a,
Oh, Dilman, mohdilmas, Dil emas manim.

Bu samar yurtida samarim yo‘qdir,
Bu hajar yurtida qamarim yo‘qdir.
Sen olis – nur olis, manzarim yo‘qdir,
Yo dod-a, Oy botdi, qantar*im yo‘qdir.

Yo‘l izlab bormasman, yo‘lim o‘zingsan,
To‘zonlar arolab o‘tgan karvonman.
Ko‘l izlab bormasman, ko‘lim o‘zimman,
Joniga ishq tug‘i kirgan armonman.

Sen Gulsan, tikani jonimga sazo,
Xanjarsan, hurligi shajarimdadir.
Dilimni ilonga yedirdim, illo,
Ilon o‘ldi, ishqi zaharimdadir.

Men yana seniki, Qayg‘u – gung bolam…
_____________
* Eskilar naqlicha, yanvar oyining o‘rtalarida kunlardagi o‘zgarish.

* * *

Bosib o‘tgan yo‘lim o‘limdir,
Ishonch ketdi borsa kelmasga.
Itlar yalar tilla yalog‘in,
Ishqim kular – ko‘zlari xasta.

Bandi bo‘ldim bandi qullarga,
Yana ne bor Margdan qo‘rqqulik?
Ostonamda parvona Motam
Kulgusidan sachrar ko‘rgulik.

O‘lmay o‘lib ketgan Umiddan
Qaqnusbachcha tug‘adi Malol.
Men gulxanman, Ajal gulxani,
Ming bor o‘lib, o‘lmagan Ayol!

Bosib o‘tgan yo‘lim o‘limdir,
O‘lim ketdi borsa kelmasga.
Quvonchlardan charchagan Hayot
O‘zi bugun menga havasda!

KUZ SONATASI

Men suyandim
Daraxtlar aytgan
Vidolarning ayoqlariga.
Zangor qalbim mezon ipini
Ulashganda o‘rtoqlariga,
Men suyandim.

Men ishondim…
Yong‘oq boshida
Yong‘oq chaqqan hakka minqori
Chanqovuzga aylansa zora.
Turnalarning hayinchaklari
Ko‘zim chalgan samoviy tor-a,
Men ishondim.

Men suyandim
Sir*ning sirli qo‘shiqlariga
Jo‘r bo‘lmagan qirg‘oqlariga.
Dard to‘kkuvchi suv ohlariga
Men ishondim.

Shunda Xo‘jand –
Qalbi sohiram
Yuzimdagi ashk izin yuvib,
Fam diydasin hurday supurib,
Bag‘riga jim bosdi tanimni.

Men suyandim Xo‘jandlarimga!!!
__________
* Sirdaryo

* * *

Shafaqning ufqida kulga to‘kildim,
Sabohlar onamdir, yo‘lga to‘kildim,
Tong sochim siladi, ko‘lga to‘kildim,
Suvpari…

Farq*imdan yo‘l yurdi farqi yo‘q Zulmat,
Tomirim chiyraldi – tomirga Qulman,
Kavokib kaftida kafkiri Ismat –
Oy – pari…

Hay desam, Hayulo sadolar qaytdi,
Oh desam, Ohimni gadolar aytdi,
Voh desam, Vohimga nidolar baytdir –
Gul – pari…

Tariqday tariqlar jonim Tariqat,
Ko‘zimdan fol ochib yig‘lar Ma’rifat,
Ruhimni parchinlar ARShga Haqiqat –
Yoy –pari…
_____________
* Soch orasidan ochilgan yo‘l.

* * *

Yuragim ufqiga cho‘kib bo‘ldi toy,
Har ne iylab edim, hokim qonim loy,
Shoshib zulmat bilan qovushadi Oy,
Dardim qofila.

Yo‘llar qinda uxlab yotgan qilichdir,
Sabrim sarob ichgan mo‘min ilinjdir,
Tushim toshga do‘ngan notinch sevinchdir,
Ko‘zim – zangula.

Kahkashon to‘kilgan ishqdir bolishim,
Kasratu hasratdan kofir nolishim,
Oy ko‘rgan shafaqda qoldim kovushim,
Ko‘z yoshim – halima.

Zaminim – gung hofiz, kamim Xizrdir,
Gullagan Quyoshda jismim misrdir,
Jovidonim, Ishq-ey, jonim nazrdir,
Dilim – xotima.

HOLAT ShE’RI

Men O‘Zimni yozib charchadim,
MENi yozib charchamadi Fam.
Ko‘z yoshimga to‘ydi-ku zamin,
Meni ichib charchamas Alam.

Quchog‘imga sig‘magan olam
Quchog‘ida yasharman dilxun.
Boshin silab tolsa ham qo‘lim,
Boshimni hech silamaydi Kun.

Tongni istab yetmasman NURga,
Menga yetib keladi Tunlar.
Shu ketishda chorlarman Kunni,
Kul bo‘ladi ko‘ksimda unlar.

Meni yozib charchamaydi Qo‘l…

* * *

Falakning sirlari sochilib ketdi,
Erkakning belbog‘i yechilib ketdi,
Xiyonat raqqosa eshilib ketdi,
Ko‘nglim, boshqa dunyo topdingmi Ishqdan?

Bo‘rilar uvladi, Ayol yig‘lama,
Shamollar guvladi, Ayol yig‘lama,
Kecha tong tug‘adi, Ayol yig‘lama,
Dilim, o‘lmas ro‘yo topdingmi Ishqdan?

Ko‘zim qo‘rg‘onida uxlamas ummon,
Yurak isyonida to‘xtamas bo‘ron,
Bir lahza…bir lahza ingrama armon,
Dilim, so‘nmas riyo topdingmi Ishqdan?

Uzum suvlariga cho‘mil-a labim,
Bo‘sa kanorina ko‘mil-a labim,
Hech yo‘qsa bir bora kulgin-a labim,
Ko‘nglim, kulmas ro‘yo topdingmi Ishqdan?

O‘LIMGA QASIDA

Lazzatlar ichida lazzatbaxsh o‘zing,
Sening tufaylidan go‘zaldir olam.
Sen – Qayg‘u, valekin najotbaxsh ko‘zing,
Shundan Havosini sog‘inar Odam.

Hamma ketar, vale sen ketmayajak,
Azroil qo‘shig‘i kabi yangraysan.
Manzarlar, jalollar – kelajak,
Loshlar qabrniki, sen-chi, o‘lmaysan.

O‘lim o‘lmasdir deb sendan qo‘rqishar,
Ba’zida la’natlab, yig‘laydi inson.
Qo‘shilib yig‘laysan, yig‘ingda kulgu,
Shundan yana go‘zal bo‘ladi jahon.

Tez-tez yodlab turgum, yodimda borsan,
Yoding yodgorlikday ro‘yi zaminda.
Yashashni sevganga sen mudom yorsan,
Sirlar ahror erur sening zamirda.

Azroil deyishar ba’zida noming,
Ba’zan nom topolmay bandalar hayron.
Sen gulsan, qabrning yonida o‘sgan ,
Shundan shodlik bilan qayg‘u yonma yon.

Shukr, borligingga, shukr beadad,
Yo‘qsa, hayot buncha bo‘lmasdi shirin.
Sen-chi, buyugimsan bu lazzat ichra,
Doimo pinhonsan, doim yashirin.

Ey hayot qo‘shig‘i – zangori o‘lan,
Tilsimli tilingda gullaydi Hayot.
Seni Muhabbatday yodlamoq lozim,
Sen Hayot nafasi, sensan Muhabbat!

* * *

O‘tar bo‘ldim guzarlarkim,
Guzarlarda xatarlar chin,
Ko‘zimda yig‘lagay yosmin,
Mani biryonaga kelma!

Bu yo‘lkim, intixob qildim,
Yo‘lingda, voh, xarob o‘ldim,
Na gulshan bu, shitob kuldim.
Mani devonaga kelma!

Mani afsonaga to‘yma,
Shami vayronaga yo‘yma,
Quyosh kuysin, san-ey, kuyma,
Mani sarsonaga kelma!

Azal kotiblari shaydir,
Bu shaylikda dilim naydir,
Nayimda ohlarim maydir,
Mani mayxonaga kelma!

Bu girya – giryai afsun,
Na afsun, ishq ila fuzun,
Na fuzun ishq ila funun,
Mani begonaga kelma!

Bu kuylarkim, xazoniman,
Xazonining azoniman,
Azonining so‘zoniman,
Mani giryonaga kelma!

Kangul butu Manotimdir,
Ko‘zim qoni davotimdir,
Etti do‘zax hayotimdir,
Mani isyonaga kelma!

Bu yo‘llarkim, g‘uboriman,
Jarasi zor suvoriman,
Manam jahannam noriman,
Mani so‘zonaga kelma!

* * *

Xarob o‘ldim, xarob o‘ldim,
Xarobi mayi nob o‘ldim.
Bu ne darddur, sharobi Tur
Xayolida azob o‘ldim.

Bu Lot birlan Manot manda,
Pari kuygan qanot manda.
Darig‘okim, shamim yonmay
Kuyib bitgan sabot manda.

Ayo ahbob, habib bo‘lmas,
Ruhim tanho, tabib bilmas.
Boshim ko‘kda, gunohlardan
Zada loshga nazar qilmas.

Ko‘zim fandur, qani olim,
Ilm darddur, manam zolim.
Sharrar to‘kkan shamollardan
Sharob yiqqay paru bolim.

Xarob o‘ldim, xarob o‘ldim,
Saharlarga oftob o‘ldim.
Yo‘ling qayda, so‘roqlovchi
Savollarga javob o‘ldim.

Xitob qayda, shitob qayda,
Bu oshig‘ich safar hozir.
Qani bandam, itob qayda,
Bu yo‘lga, oh, junun arzir.

Maraz qonim sharob qildim…

* * *

Qaro otliq, qaro to‘nlik,
Mani ko‘rgoli keldingmi?*
Bu manzil ne, ketar kunlik
Savol so‘rgoli keldingmi?

Qaroshingda Oyim botdi,
Berarsanmi javob-dodni,
Yo‘llaringga hijron boddir,
Qaror etgoli keldingmi?

Giyohlarda ibodatim,
Siyohlarda ijobatim,
Sabohlarda salovatim,
Sanam bilgoli keldingmi?

Ado bo‘ldim farazlarga,
Sazo bo‘ldim marazlarga,
Fizo bo‘ldim arazlarga,
Shuni bilgoli keldingmi?

Yo do‘st, desam sado qaytmas,
Arshi uzra nido qaytmas,
Gadolig‘im gado aytmas,
Sanam kulgoli keldingmi?

Qaro otliq, qaro to‘nlik,
Boshim uzra oyu kunlik
Sabohlarda yig‘lab munglik,
Sadom bo‘lgoli keldingmi?
__________
* Xalq qo‘shig‘idan.

ORZU

Mani gulzor aro Gulga do‘n endi,
Qani gulshan aro Gulni ko‘r endi?
GULni uzsang, guling holin bilursan
Havvo kechgan jannatingni sur endi,

Bu xilvatda halovatlar istamay,
Anjumanga yetay dedim, yeturgil.
Ko‘zim tinsa, qallobimda ming tug‘yon,
Jahannamga shu tug‘yonni keturgil.

Kalom desam, qalamimda qon yig‘lar,
Kalomingga fido bunda jon yig‘lar.
Mani maston, mani hayron etarga
Kalom ichra kuyib du jahon yig‘lar.

Qarog‘ingda bu oftobu tob yig‘lar,
TUR ustida turarga bormu imkon?
Yurakimda yurak yutsa g‘animim,
Yalinganda yetim qolgaymu imon?

Jalollardan jadid istab ammora
NAFS ilgida o‘yinchoqman, ko‘r endi.
Qanot qoqqan Jibrilga arz aytmoq
Orzusida o‘lib borsam, so‘r endi.

Ajab mavlo, mani hayrona etgan
Savollarni yechib bergil, ko‘royin.
Bu ko‘nglimni, ol-e, ko‘nglim g‘animim,
Ko‘ngil qo‘ymay, ko‘ngilni o‘ldiroyin.

On demasman, oni istab borurman,
San demasdan, sani istab borurman.
Saro poki najib ya’slar aro man
Man demasdan, mani istab borurman.

Mani gulzor aro GULga do‘n endi,
Gulkosamda ko‘nglim sharob, so‘n endi.
Bu gulshanda mani Nurdan otim bor,
Ism haqqi, gunohimga ko‘n endi.

Mani Gulga, mani TURga do‘n endi…

DUO

Bu ko‘ngil gul bo‘lsa, gulshod bo‘ling Siz,
Man bir vayronaman, obod bo‘ling Siz,
Bandiyi ishq menman, ozod bo‘ling Siz,
Ishqdan vahiy kelsin, ishqzod bo‘ling Siz,
Ishqimda nasibi IShQ bo‘ling, omin!

Vayron shahristonda boyo‘g‘li yig‘lar,
Haqqush ohi bilan nay to‘yib yig‘lar,
Hajrda sel bo‘lgan soy to‘lib yig‘lar,
Menga joni kuyib Oy kuyib yig‘lar,
Nasibi hijronga risq bo‘ling, omin!

Libosday yechilgan vujud darbadar,
Shu libos g‘amida qalandar yig‘lar,
Ashklari baqoda daryoi axgar,
Riyo dunyongizdan ruhim ham axtar,
Siz axtar kuyida Ashk bo‘ling, omin!

Raqqosday raqs etar ko‘nglimda zikr,
Sochimdan tovonim qadarin shukr,
Ishqim malomatdir, ishqim-da tahqir,
Vale virdi zabon – ilohiy takbir –
Mug‘xona dayrida Ishq bo‘ling, omin!

* * *

Balo o‘zimdirman, balogardonman,
O‘zim bosqondirman, o‘zim sandonman.
Tariyqlar ichinda tariqman, ammo
Tarhin Uvays buzgan o‘shal dandonman.

TAKLIF

Siz bilmassiz, ko‘nglim – hur Ka’ba,
Unda paydo iltijo, tavba,
Abrlarga eng yaxshi manba –
Ko‘zimdagi Zam-zamni iching.

Hijoz yo‘lida tomirda qonim,
Siynam uyi – rohi ravonim,
Barmoqlardan toki tovonim
Oqib yotgan nolamni iching.

Och qashqirday qarigan anduh,
Parvoz tilab charchagan xor Ruh,
Yo‘l yo‘qotgan karvonday guruh –
Ko‘lda podshoh – Jolamni iching.

Falak sirin yecholmagaykim,
Yulduzlarga to‘kilgan jismim,
Vaqt hukmida sokin qulday jim –
Izimdagi Alamni iching.

Odam izlab oh urgan Havvo,
Odamiga hur, toza havo,
Jinonlardan qaytguvchi navo –
Ko‘nglimdagi Odamni iching.

Navbahorlar sayrida borman,
Simurg‘larning tayriga yorman,
Nazarkarda xayriga zorman,
Bu bejavob olamni iching.

* * *

Bu mendirman, seni boyqush qiloli,
Ajab dilgir, ajib sirli xarobot.
Kel, ey, NURda oqib-oqib o‘loli,
Boshimdan NUR bo‘lib oqar malomat.

Kalom ichra qalam bo‘lgay irodat,
SO‘Zim yonmay, o‘zim yonsam dalolat.
Qo‘lim suqsam, kuling yongay, ajabkim,
Nadomatga qolibmidi Muhabbat?!

Tani uryon, dili pinhon olomon
Sani manga berib aylar kamomad.
Ki, shoxida guli hayron daraxtman,
Tijoratda ajab mundoq daromad.

«Saram xoki rohi har chori sarvar»*,
Sanam yurgil o‘tib ketmay bu omad.
Sochim lashkargohi qilmay xiyonat,
Qori qilgay vujudingda iqomat.

Bu hasratkim, mani sayrona qilgan
Mehrobida zalolatdan imomat.
Rohibdirman – yalang ketgan Robiya**
Siyog‘inda tilab turgan kamolat.

Saboq istab ummoniga qarasam,
Sadaf ichra yotib yig‘lar zarofat.
To‘rt yo‘linda ketib qoldi valilar,
Men borarga alar qilgay kafolat.

Ajab dilgir, ajib sirli xarobot,
Ko‘rib hayron qolar g‘olib malak Mavt.
Tug‘yonlarga vatan bo‘lgan imorat,
Ki men, menga mehmon har kun o‘shal Favt.

Ajab dilgir, ajib marg‘ub munojot,
Ustuxonda ado etar ibodat…
_____________
* Mash tortishda aytiladigan zikr.
** Robi’at ul- Adaviyya – so‘fiy ayol.

NOSTALGIYa

Sizga ayon emas bu hasrat,
Oppoq motam tutadi Fussam.
Mensiz qolsa chekar nadomat,
Yashil gullar yoniga kelsam.

Tozalayman Fiybatdan Baxtni,
Farrosh xayol artar chang-dardni.
Xona – Ishqning hur vayronasi,
U jimgina yutar Fam-gardni.

Meni, meni qo‘msaydi Fussa,
Ketib qolsam quvonchga tomon.
Seni Shodlik qo‘liga tutib,
Meni kadar olgandir tovon.

Shundan kunda ming bor qaytaman
Oppoq motam libosli Dardga.
Shundan ko‘zim kularu yig‘lar
Hatto sabo keltirgan Gardga.

Hur vayrona qayg‘umning uyi,
Ishq – Qayg‘uning ming ohang, kuyi.
Vale menda millyonta ohang!

* * *

Alvido.
Sukutning bag‘riga singmagan nola.
Alvido.
Ko‘zimga sig‘magan hur jola.
Alvido.
Ko‘nglimga sig‘magan gung vola.
Alvido.
Xazonga til bitgan devona shamol.
Alvido.
O‘yimga sig‘magan,ey chusti xayol.
Alvido.
O‘zimga sig‘magan orzumand Ayol.
Alvido.