Mukarrama Murodova (1947-2005)

Mukarrama Murodova 1947 yilda tug‘ilgan. Andijon davlat pedagogika institutining (hozirgi ADU) o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. “Seni kuylayman”, “Yorug‘ kun”, “Bahor” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Shoira 2005 yilda vafot etgan.

QOQIGULLAR

Yor tarafga eltar yo‘llar –
Band aylabdi qoqigullar.

Qaysidir bir dono demish:
“Sariq gullar – hijron emish”.

Sariq gullar gilam-gilam,
Gul rangidan yo‘qdir ginam.

Qoqigulni ekkan kimdir
Qish, bahoru bog‘bon jimdir.

Bahor guli gilam-gilam,
Eh, sen yoshlik! Mard qizgina!

Yor tarafga eltar yo‘llar –
Egallabdi qoqigullar.

* * *

Men o‘ylardim, duch kelsak agar
O‘zligimni yo‘qotgum tamom.
Peshonamdan ter chiqib g‘ar-g‘ar,
Qo‘l-oyoqda qolmaydi darmon.

O‘ylardimki, o‘shal hislarim
G‘ururimni ketgusi toptab.
To‘lqinlanib, tingan ko‘zlarim –
Boqarmikan holingni so‘rab?

O‘ylardimu qo‘rqib yurardim,
Biz duch keldik, tamom o‘zga fol.
Bu ne baxtki, bu ne toleki,
Senda kechdi, menda kutgan hol?

* * *

Uzoqlarni qo‘msaydi qalbim,
Uzoqlarga qo‘nsaydi qalbim.
Yonginangda yonib yurgandan
Uzoqlarda so‘nsaydi qalbim.
Bo‘ylaringni ko‘rmasam qani,
To‘ylaringni ko‘rmasam qani.
Tong mahali ishga o‘tarda
Uylaringni ko‘rmasam qani.
Uzoqlarni qo‘msaydi qalbim,
Uzoqlarda so‘nsaydi qalbim.

* * *

Eshigim ortida kezadi sharpa,
Chiroqni o‘chirib, quloq tutaman.
O‘zimni bir lahza, o, unutaman,
Eshigim ortida kezadi sharpa.

Iqbolim turibdi, ana, qarshimda,
Chiqmoqqa shoshaman men unga peshvoz.
Qorong‘i uy ichra qilaman pardoz,
Iqbolim turibdi, ana, qarshimda.

Eshik tutqichida titrar qo‘llarim,
Boshimda bir narsa portlaydi shu tob,
Yuragim vijdonga berolmay javob,
Eshik tutqichidan oldim qo‘llarim.

ChORLASh

Mayliga, nima deb o‘ylasang, o‘yla,
Mayliga, ne kelsa ko‘ngliga uning.
Baribir o‘tarman men seni o‘ylab,
Yilda bir olisdan ko‘rinib qo‘ygin.

Iltijo qilmasman chorlab yonimga,
Duch kelsang, o‘tarman ko‘z qirin tashlab.
Tan oldim, ortiq baxt yo‘q imkonimda –
Ko‘rib, bir xo‘rsinib olishdan boshqa.

* * *

Quyultirgil, havo tumanni,
Ko‘rsatmay tur quyoshni bir bor.
Nogoh, qayg‘u qurshadi meni,
Yoshimni ul ko‘rmasin zinhor

Charaqlashdan charaqla, osmon,
Quyosh, yulduz porillab tursin.
Ko‘zimda nur, kulgilar – shodmon,
Shodligimni ul ko‘rib qo‘ysin.

* * *

Boshini yostiqqa olib qo‘yay deb,
Uyg‘onsam,
Qizim –
G‘unchadek qimtinib, tugunib yotar.
Oy uni imlardi oynaga kelib,
Sochiga yulduzlar qadar edi zar.

Yurakdan yuziga tushgan uchqunlar
Oralab yoyildi hayrat qushlarim.
Bu qanday bahoriy toshqin, ko‘chkinlar,
Tun, menga ayon et qizim tushlarin?

* * *

Biz kechirgan yulduzsiz tunlar
Tutashtirdi yo‘llarimizni.
Hamrohiga zor yolg‘iz unlar
Birlashtirdi qo‘llarimizni.

Va uyg‘onib g‘aflatdan, birdan
Tanib qoldi yurakni yurak.
Bu kunlarga bo‘lib yodgorlik
Ertangi hur kunlar qolajak.

* * *

Qaytma, qaytma,
Qaytma, to‘lqin,
Yana bitta jur’at qil!
Sen – dengizning istiqboli,
Yukdan tug‘ilgan o‘g‘il.

Qaytma, qaytma,
Qaytma, to‘lqin.
Shiddat otin qamchila.
Tosh sohillar nurar, albat,
Tursang doim qaychilab.

Qaytma, to‘lqin,
To‘lqin, qaytma!..

* * *

Men haqimda o‘ylar emishsan,
Do‘stlaringga so‘ylar emishsan.

U ham meni o‘ylarmikan, deb
Olislardan bo‘ylar emishsan.

Yoningdamish mening suratim,
Yodingdamish mening suratim.

Avvalida suysang ham meni,
Aytmabsanmish pinhon yonib jim.

Yana meni o‘ylar emishsan,
Yonib, yonib kuylar emishsan.

Hanuz meni o‘ylarmikan, deb
Olislardan bo‘ylar emishsan.