Mirpo‘lat Mirzo (1949-2018)

Mirpo‘lat Mirzo 1949 yil 20 avgustda Chimkent viloyatining Sayram qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1999). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1971). «Tong jilvasi», (1976), «Ishq fasli» (1978), «Yaxshi kunlar» (1981), «Sunbula» (1985), «Moviy daryo» (1988), «Atirgul va yulduzlar» (1990), «Onajon», (1995), «Saylanma» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Somon yo‘li chechaklari», (2004), «Sayra, do‘mbiram» (qozoq she’riyati antologiyasi, 2005), G. E. Lessingning «Donishmand Natan» she’riy dramasini, V. Shekspirning «Yoz kuni g‘aroyibotlari» pesasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Boris Pasternak (1999) va «Alash» (2001) nomidagi xalqaro mukofotlar sohibi. 2018 yil 21 fevral kuni Toshkent shahrida vafot etgan.

* * *

Borliqda chechaklar urdilar javlon,
Ko‘zga — nur, qalblarga ishq etib ato.
Har kim sevgani-la masrur bu ayyom,
Qara, juftin izlar musicha hatto.

Kimki yolg‘iz bu on ko‘zlari namdir,
Ayt, hijron ranglaring qilmasin somon.
Bahor — bir-birovga gul tutar damdir,
Bu damlar yolg‘izlik baridan yomon.

* * *

Yillar o‘tar ekan, keksayar tog‘lar,
Ufqqa yastanib, boqar xokisor.
Qariydi bir paytlar yashnagan bog‘lar,
Navqiron bo‘lolmas kelsa ham bahor.

Bu dunyoda jami xilqat erta-kech —
Keksalik faslini bir kun tuygusi.
Faqat ikki narsa qarimaydi hech:
Jilg‘a ovozi-yu, chechak kulgusi.

* * *

Bir umrga — shuncha orzu, shuncha g‘am,
Ayt, qaylardan topib berolgung, hayot?
Tag‘in hech erinmay, barin qilib jam,
Kichkina yurakka joylaysan, hayhot!

Orzu zavqin surdim, totdim alamni,
Qismat, bir boshimga nelar solmading!
Keragidan ortiq chekdim men g‘amni,
Biroq ko‘p orzumga yetisholmadim…

* * *

Buyuk matonatga o‘qiyman olqish,
Har gal adirlarga bahor sep yoysa, —
Butkul yo‘qotmoqqa qasd qilgandi qish,
Biroq yana unib chiqmoqda maysa.

* * *

Seni bahor esga soldi-ku yana,
Yana qo‘msadim men olis vaslingni.
Ufqlar iforga to‘ldi-ku yana,
Tonglarda ko‘rdim men sening rasmingni.

To mudom ikkimiz ikki qirg‘oqda,
Oqar oramizdan yillar daryosi.
Bahor dunyolarni entiktirmoqda,
Nechun entikmasin ko‘ngil dunyosi!

Botgan ishq quyoshi qaytmaydi zotan,
Biroq zulmatlarga umid urar tig‘.
Men umrim poyingga sochaman — hotam
So‘nggi tillolarin sochgani yanglig‘.

Armon zalvoridan qad bukadi dil,
Ne tong, ushbu sirni gar aylasam fosh:
Sen yashnab-yoshargung qaytadan har yil,
Men esa qariyman har bahor bir yosh.

BAHOR BAYoTI

Men ham shu bahorning oshiq shoiri,
Uni telbalarcha suyub, alqagan.
Sevaman — men unda tiriklik sirin,
Shomlarin — bag‘rida chaqin chaqnagan!

Sevaman — chit ko‘ylak o‘rikzorlarin,
Sevaman — oqbilak olmazorin ham.
Go‘zaldir bog‘dagi yolg‘iz nastarin
Moviy ro‘molini hilpiratgan dam!

Kiftidan ketib qor, muzlar nihoyat,
Kungayda isinar yashiltob qirlar.
Go‘zal va ajibdir bu damlar g‘oyat,
Oq hovur taratgan shudgor adirlar!

Nozik qaddin xiyol egib chuchmoma,
Tonggi shabnamlarga yuzini chayar.
Tun bo‘yi g‘unchaga bitib ishqnoma —
Bulbul dostonini dunyoga yoyar!

Sevaman — irmoqlar chuldirab oqsa,
Zavqidan entikib endi tunu kun.
Sevaman — qizg‘aldoq gulxanlar yoqsa,
Alvon shafaqlarga tutashib butun!

Qarang — hov turnalar arg‘amchi soldi
Olis bolaligim osmonlariga!
Qarang — bir kapalak adashib qoldi,
Duch kelib gullarning ummonlariga!..

Nurlar og‘ushida borliq muhtasham,
Bu damlar go‘zalsan naqadar, Hayot!
Shu bois Bahorga atab yurakdan
Bitgum men qasida, bitgumdir bayot!

QORASOCh MOMO*

Teran dardingizdan edim ko‘p yiroq,
Tushimga kiribsiz – sochlaringiz oq…
Bexos lablarimdan uchdi shu so‘roq:
«Nega sochlaringiz oqardi, momo?»

Yosh Ahmad otadan qolganda sag‘ir,
Ming jafoga duchor qilganda taqdir,
Oqarmagan edi sochingiz, axir,
Nega sochlaringiz oqardi, momo?

Elovsiz edingiz o‘tkinchi ohga,
Yashardingiz shukur aylab Allohga,
Siz ona edingiz valiullohga,
Nega sochlaringiz okardi, momo?

Betoqat sog‘inchmi, mehrmi, yo rab,
Yotibsiz Saryomda siz yo‘llar qarab.
Ko‘rinar Yassidan ulug‘ maqbara…
Nega sochlaringiz oqardi, momo?

Yaratgandan ajib hikmatlar bugun,
Elning ko‘ksidadir «Hikmatlar» bugun,
Qadrin topmoqda chin xizmatlar bugun,
Nega sochlaringiz oqardi, momo?

So‘rog‘im falakka yetgay deb zora,
Kechalar to‘lg‘andim, axtardim chora,
Muanbar zulfingiz edi tim qora,
Nega sochlaringiz oqardi momo?

Qabringiz ostidan sas keldi shu on:
«Tingla so‘zlarimni, qadim Turkiston!
Sening parcha-parcha qismating ko‘rib,
Sochlarim oqardi, yuraklarim qon!»
__________________
*Oysha xotun – Ahmad Yassaviyning onalari. El orasida u Korasoch momo nomi bilan mashhur bo‘lgan.

* * *

Boshga g‘am soyasi tushib turgan kez
Chorasiz boqurmiz, gangib daf’atan.
Holbuki urvokcha emas qayg‘umiz
Sen chekkan g‘ussalar oldida, Vatan!

Yurakni shodliklar chulg‘agan zumda
Olam jilva qilar, biram bokira.
Lekin nur balqmasa, Vatan, yuzingda,
Bizga sevinchlar ham tatimas sira.

Istaymiz, o, mangu qolmoqlikni biz,
Aslida bu faqat, Vatan, senga xos.
Sening bag‘ringdagi kechgan umrimiz
Kiprik qoqqanchalik lahzadir, xolos!

* * *

Kuz kezadi beozor, mayin,
Kengliklarga to‘shaladi shan…
Kechalari shirin tushdayin
Shudgorlarni quchadi tuman.

Bog‘larni ham chulg‘ab olar u,
Shivirlaydi afsungar so‘zin.
Ufqkarda lekin beuyqu
Uqalaydi chiroqpar ko‘zin…

* * *

Qorlar ketdi, chekindi ayoz,
Mudramagin, yuragim, uyg‘on.
Qara, maysa bermoqda ovoz,
Qara, kurtak yayratadi jon.

Qanot qoqdi shimolga qushlar,
Yashil qirlar nafasi sarin.
Ushbu damlar kuylamasang gar,
Yolg‘on bari kuylaganlaring!

* * *

Qara, biram osmon lojuvard,
Qara, biram ufqlar tiniq…
Dog‘ tushirgay unga zarra dard,
Sargaytirar uni xo‘rsiniq.

Qayg‘u-g‘amga erk berma sira,
Chechaklarni ko‘zga sur bu payt.
Senga dunyo qilmoqda jilva,
Men yashashni sevaman, deb ayt.

Qahrin sochar tinmay izg‘irin,
Umid guli esa so‘lmaydi.
Lekin dilga shivirlar sirin:
«Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..»

Ayamajuz ayqiradi och,
Muz qilichin ko‘qda to‘lg‘aydi.
Ingranadi bog‘lar yalang‘och:
«Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..»

Qahratonning qasdi nimada,
Nedan uning ko‘ngli to‘lmaydi?!
Hech kim bilmas, lekin dil zada:
«Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..»

Qaylardadir qulf urar bahor,
Goh dimog‘ni isi chulg‘aydi.
Nega buncha imillar qish, qor:
«Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..»

Bahor, kelgin, arit dildan g‘am,
Sen borsanki, yurak o‘lmaydi!
Gullaringni sog‘indik biram,
Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..

XAYoLIMDA SEVDIM

Xayolimda sevdim men seni,
Yoding bilan yurdim mastona.
Yolg‘iz baxtim, dedim men seni,
Xayolimda bo‘ldim parvona.

Sochlaringni tarab tunlar jim,
Cho‘kmadim men teran ko‘zingga.
Sen haqingda ko‘p she’rlar bitdim,
O‘qimadim ammo o‘zingta.

Hijroningda dilim cheqdi g‘am,
Bu hijronga o‘zim yuz tutdim.
Xayolimda sevdim chinakam,
Ammo jur’at etolmay o‘tdim.

Eng beg‘ubor tuyg‘ularim ham
Sha’ningga dog‘ bo‘lar, deb qo‘rqdim.

MANGULIK TUYG‘USI

Shamollarning atridan dilni
Sarmast etamiz…
Esaverar shamollar mangu,
Bizlar ketamiz.

Qirg‘oq to‘lib yuguradi suv,
Kaftni tutamiz…
Oqaverar suvlar ham mangu,
Bizlar ketamiz.

Va bu oniy umr sha’niga
Qo‘shiq bitamiz.
Qo‘shig‘imiz qolar manguga,
Bizlar ketamiz.

ONA

Yotar edim bilmay o‘zimni –
Bir dard ichra alahlab-yona.
Ne mo‘jiza – bemorligimni
Tushingizda ko‘ribsiz, ona!

Shundan beri dardga chalinsam
Yo g‘am ichra to‘lg‘ansam bedor,
Hadikdaman – olisda bu dam
Go‘yo siz ham chekasiz ozor…

* * *

Qor tinib bir zamon, ajib tong payti
Lojuvard fusunga yo‘g‘rildi falak.
Bamisli, shoirning sertashbeh bayti –
Yarqirar tarnovda olmos sumalak.

Borliq kumush bilan xillanmish go‘yo,
Kiymishdir yupun bog‘ billurdan libos.
Daf’atan ko‘nglimda berdi aks-sado,
Olis bolaligim solgan jaranggos.

Oynadek yaxmalak, qish qahri chandon,
Onamiz yuzida xavotir-g‘amlar.
Bizlar-chi, beparvo, faqat xush-xandon…
Endi, bir ertakdir, qaytmas u damlar.

Inja zamzamani kuzatdim men, tek,
Ayozli chillaning ajib husnida.
Ko‘nglimdagi olis xotiralardek
Tong nurlari o‘ynar qorlar ustida.

* * *

Olis yoshlik zavqi yodimdan o‘chmas:
Qorlarning ustiga yog‘ar nuqra qor.
Borliq oqliklarga cho‘mmishdir besas,
Fusunga yo‘g‘rilar oqshom betakror.

Er, samo, tuyg‘ular – bir-biridan oq,
Bizning mahrimizda bir dunyo – ajib.
Sendek Laylo qiz-la birga sayr qilmoq
Men – bir bo‘z yigitga etgandi nasib.

Nuqralar parvona yanglig‘ olmay tin
Urilar yonog‘ing gohi la’lingga.
Men ham qor uchquni bo‘lib qolsaydim,
Qo‘nardim beso‘roq kipriklaringga.

Farahli lahzalar zarrin taxtida
Men dorilomonlik tilardim faqat.
Sen qordan to‘qilgan ro‘yjo ostida
Jilvalar qilarding, kularding faqat.

Bu nechuk joziba, nechuk nashida,
Tavsiflay olurmi shoirning bayti?
Men umrimning turfa puchmoqlarida
Sendagi husnni ko‘rmadim qaytib.

Ko‘klam olcha guli sarin epkindan
To‘zg‘iganda har yon bamisoli qor,
Ko‘rib atirgulni – oqqa ko‘milgan,
Sening ruxsoringni esladim ko‘p bor.

Inson xotirasi neniki asrar,
Bari unut bo‘lar bir kun – erta-kech.
Lek, mening yodimdan o‘chmas, bir paytlar
Sen-la qor qo‘ynida kezgan onim hech.

* * *

Cho‘kar yerga oqshom zulmati,
Kengliklarda bo‘ralaydi qor.
Eltar dilni uning shiddati,
Zamzamasi ajib taskinvor.

Yuragi qon, gunohkor zamin
Samolarga topinar bu payt.
Olib go‘yo mangulikka tin,
Oqliklarga yopinar bu payt.

Yupanch talab mening ham ruhim
Nimagadir intiq va ilhaq.
Hech kimsaga: “Xayr!” demay, jim,
Zulmat ichra singging kelar naq.

Ichga yutib hasratim, ohim,
Sukunatning qa’riga ketsam.
Sassiz ma’vo ichra uloqib,
Dunyo sirin tagiga yetsam.

Eshitsam, bas, faqat qorlarning
Shivirlashin, ajib g‘ovurin.
To‘xtamasam, ketaversam men,
Shoyad bossam yurak hovurim.

Xayolimning cheksiz hududin
Chulg‘ab olar bir idrok tiniq.
Titragancha vujud-vujudim,
Bosib kelar seldek xo‘rsiniq.

Qancha anduh tortsam, bo‘lar kam,
Tushmadi ne g‘amlar boshimga?!.
Farishtalar bilan sirlashsam,
Boqib yerda qolgan loshimga…

***

Bu tun ayoz kuchli bo‘lar, hoynahoy,
Yo‘llarda shamshirdek yaltirar muzlar.
Qunishib, termilar ko‘kda yupun oy,
Pinjida dildirar sho‘rlik yulduzlar…


Qorbo‘ron

Qish ayyomi, lekin, oftob charaqlar,
Qalin qordan egilgandi daraxtlar.

Tashqaridan eshitilar sho‘x suron,
Qiy-chuv avjda, avjda edi qorbo‘ron.

Es-hushimni olib uchdi xayollar –
Uzoqlarda qolib ketgan visollar.

Yodga tushdi sen-la kechgan paytlarim,
Menga atab aytgan o‘tli baytlaring.

Qaydan chorlay endi seni, ayt, jonim,
Sensiz o‘tar kunduzlarim, oqshomim?

Derazadan tashqariga boqdim, men,
Seni eslab, muz yuragim yoqdim, men.

Ayt, hijronga otash qalbing ko‘ndimi,
Sevgimizni yoki qorlar ko‘mdimi?

Bog‘-bog‘chada yangrar biram sho‘x suron,
Yoshligimni esga solding, qorbo‘ron…