Miraziz A’zam (1936)

Miraziz A’zam 1936 yil 29 martda Toshkent shahrida tavallud topgan. ToshDUni tamomlagan (1958). «Sevaman» (1977), «Tuyg‘ular» (1980), «Sabot» (1983), «Haqiqatning ko‘zlari» (1988), «Saylanma» (2007) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bolalar uchun ham bir qancha asarlar yozgan («Aqlli bolalar», 1969; «Senga nima bo‘ldi», 1970; «G‘alati tush», 1972; «Er aylanadi», 1973; «Erga dovrug‘ solamiz», 1976; «Bir cho‘ntak yong‘oq», 1990; «Qirq bolaga qirq savol», 2000; «Saylanma», 2005). «Imon» nomli kinoqissasi ham bor (6 kism, 2005). N. Hikmat, Najib Hoji, Maxmat Osif, Ali Oqbosh, O‘rxon Kanol kabi turk adiblarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Murod O‘rozning «Turk asotirlari» kitobining tarjimasi uchun xalqaro Mahmud Koshg‘ariy mukofotiga sazovor bo‘lgan.


YaShAGIM KELADI

Men birinchi yomg‘ir bo‘lib yog‘gim keladi
O‘zbekiston yerlariga.
Men keksa chinorlarning salobati bo‘lib,
qayrag‘ochning metinligi bo‘lib
yashagim keladi O‘zbekistonda.
Men tog‘larimiz tepasida soylarimizning guvullashin
yurak hovuchlab eshitganman.
Soylarimizning ovozi bo‘lib qolgim keladi
O‘zbekiston daralarida.
Men azim yong‘oqlardan yong‘oq bo‘lib sochilgim keladi,
tutlardan tut bo‘lib,
noklardan nok bo‘lib,
olmalardan olma bo‘lib,
tars yorilib,
sharbat bo‘lib
to‘kilgim keladi O‘zbekiston yerlariga.
Bolalarning ko‘zlarida quvonch bo‘lib
chopib yurgim keladi yana
O‘zbekiston yerlarida.
O‘zbekiston paxtasining oqligida, yumshoqligida,
Salohiyatida, saxovatida
yashagim keladi.

* * *

Allakim «Ushshoq»ni kuylaydi nafis,
Kim «Cho‘li iroq»ni chaladi nayda.
Allakim childirma chertadi tekis,
So‘ng birov kuylaydi: «…qaydasan, qayda…»

Olib ketmoqdalar ko‘zi ohuni,
Mening sevgilimni uzatmoqdalar.
Yuragim isyonda va lekin uni
Men sevgan qo‘shiqlar kuzatmoqdalar.

* * *

Yoshlik bir asrday tuyular yoshlikda:
yoshlik osmonining tubi yo‘kday,
yoshlik ufqi ufqsizday,
go‘zallik abadiyday
va olamning taqdiri
qo‘ldan hech qachon ketmaydiganday…
Odam qadriga yetmaydi vaqtning yoshlikda…
So‘ng shoshilish, so‘ng afsus
va qulash holbuki…

BOR

Hali ro‘y bermagan jasoratlar bor.
V. Zatuliviter

Hali yuz ochmagan ming xil chechak bor,
hali bor oldinda gul fasli – bahor.
Oldinda serquyosh kun bor ulug‘vor,
hali yuz ochmagan ming xil chechak bor.

Hali tug‘ilmagan toylar bor qator,
hali ko‘z ochmagan sherlar bor yoldor.
Hali uyg‘onmagan qaldirg‘ochlar bor,
hali tug‘ilmagan toylar bor qator.

Hali bolalar bor, hali qizlar bor,
Barchinoy bo‘lajak shirmon yuzlar bor.
Belin bog‘lamagan sher yigitlar bor,
hali bolalar bor, hali qizlar bor.

Navbat kutar kunlar qattiq so‘roqli,
hali savollar bor og‘ir, salmoqli,
javobin topolmas kimdir yaroqli,
navbat kutar kunlar qattiq so‘roqli.

Haqsizlik muqarrar topgusi zavol,
Chinakam hamdo‘stlik bo‘lur barqaror,
Ozodlik yer uzra topajak kamol,
hali ro‘y bermagan jasoratlar bor.

EGILGAN BO‘YINLAR

«Egilgan bo‘yinni kesmaydi qilich…»
Egilgan bo‘yinni kesmasa qilich,
qilichlik nomini o‘chirmoq kerak,
Egilgan bo‘yinni kesmasa qilich.

Egilgan bo‘yinlar egilib yashar,
egilgan bo‘yinlar qilar har ishni.
Yashasa bo‘lgani egik bo‘yinlar,
yuz yillar orqaga surib turmushni…

Egilgan bo‘yinni qilich kesmas,
deb yashamoq kerakmi bo‘yinni egib?
Do‘stlarim, do‘stlarim, qo‘shilmangiz hech,
bo‘yinlar tik bo‘lsin, kessa ham qilich…

* * *

Men qoya ekanman, sen esa daryo,
Menga bir urilding, ketding ilgari.
Seni deb balki men qilganman xato,
Balki ilk sevganlar adashsa bari.

Har holda, muhabbat mo‘yqalam ekan:
Qalbimga siymongni naqashband etdi.
Shirin bir orzumni mag‘lub etsa ham,
Haqiqiy hayotdan dars berib ketdi.

* * *

Tunlarim uzun-uzun, Tunlarim muncha uzun?
Uzunligi dastidan Toliqib ketdi ko‘zim.
Tunlarim uzun-uzun, Tunlarim muncha uzun?
Shunda ham qancha do‘stim Tanib olmadi o‘zin.
Tunlarim uzun-uzun, Tunlarim muncha uzun?
Murosa qilolmadim Yuragim bilan o‘zim.