Mehrinoz Abbosova (1995)

1995 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan “Men yoshlikman”, “Yulduzrang qo‘shiqlar” nomli kitoblari chop etilgan. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi.

***

Maysaning joniga bermaydi orom
Tezroq yerni yorib chiqmoq istagi.
Garchi keng osmonga poyon yo‘q, poyon,
Manzilga shoshilar qushlar ko‘kdagi.

Qarangki, ildizdan yulduzga qadar
Har jon tiriklikdan axtarar ma’ni.
Mening hayratimni oshirar battar
Bemaqsad odamning yashayotgani.

ONAJON

Vaqt tezligi oshdi, onajon,
Hanuz sizga yetolmadim men.
Shahar ko‘zim ochdi, onajon,
Lek ko‘z yumib ketolmadim men.

Hijron yo‘li bunchayam uzun,
O‘tib borar yil ortidan yil.
Ketaylik deb yig‘laydi har kun
Sizni mendan ko‘p sog‘ingan dil.

Dunyosidan kim foyda ko‘rgan,
Ustun qo‘yib hoyu havasni.
Sizdan olis yurganim-yurgan,
Kechiring men orzuparastni.

Shukur, ko‘nglim ko‘nglingizdek oq,
Faqat sizga o‘xshayman endi.
Yuragimga berkingan qishloq,
Yuragimda yashayman endi.

MEN – SEN

Men haliyam orzuparastman,
Men haliyam xayolga bandi.
Bir kun kelib xuddi o‘zingni
Ko‘raman deb o‘ylamagandim.

Menga bundan ortig‘i ortiq,
Huzuringda karaxtman, karaxt.
Sen – men uchun dahshatli shodlik,
Sen – men uchun qo‘rqinchli baxt.

…ga

Vatanini qo‘msagan yurakday
Sog‘inaman sizni,
Onasiga ichikkan go‘dakday
Sog‘inaman sizni,
Faqat sog‘inish kerakday
Sog‘inaman sizni,
Siz-chi?

Men ketib boraman,
Siz jim qolasiz.
G‘urur otlig‘ yurtda hokim qolasiz,
Balki bundan baxtli yashay olasiz,
Biz-chi?

Shaharda hamma yoq sayt, elektron,
Sog‘inch haqidagi qayd – elektron.
Qayg‘u – elektron, dard – elektron,
His-chi?

Qishloqda tuyg‘u bor, yana… siz borsiz,
Siz menga baquvvat daraxt misolsiz.
Daraxtin sog‘inib yig‘lar majolsiz
Qushcha…

TILAK

O‘zingizni ehtiyot qilmang,
Azoblaning, seving, sog‘ining.
Hamma guli qirmizi, qonrang,
Yarmi tikon bu ishq bog‘ining.

Ruhingizga bedorlik darkor,
Yuragingiz bezovta ursin.
Qarang, hatto oyning dog‘i bor,
O, dardsizlik, dog‘sizlik qursin.

Iztirobni muqaddas biling,
Ba’zan to‘lib, to‘kilib yig‘lang.
Muhabbatni ehtiyot qiling,
O‘zingizni ehtiyot qilmang!

***

Faqat so‘zdir taskinu daldam,
Faqat so‘zdir tilloyu zarim.
Asrab qolgay qorong‘ulardan
Yop-yorug‘ she’rlarim.

Avvallari tirik so‘zlarning
Tomog‘idan xippa bo‘g‘ilgan.
Yo‘rgaklaydi tong – doya ona
She’rlarimni – yangi tug‘ilgan.

Endi erkin nafas ol, yurak,
Endi senga tugal baxt berar.
Ozodlikda dunyoga kelib,
Ozodlikda tug‘ilgan she’rlar.

KO‘ZINGIZNI YuMIB TURING

Yo‘llaringiz barno-barno gulga to‘lgan,
Mening esa ko‘ksim to‘lgan ishqqa, rashkka.
Sizga to‘yib termulmoqchi bo‘laman-u,
Yurak qurg‘ur betlamaydi tik qarashga.

Bir lahzaga to‘xtab qolsin nafasimiz,
Izhorlarni dilingizga ko‘mib turing.
Men ming yillar orzu qilgan yuzingizga
Qarab olay, ko‘zingizni yumib turing.

***

Men senga nokerak bo‘lsam mabodo,
Yoningda qolishga rozi emasman.
Yorug‘lik bor joyda, quyosh bor joyda
Sham bo‘lib yonishga rozi emasman.

***

Bilmayman, ketyapman o‘zi qayerga?
Nega kelganimni bilsaydim, koshki.
Garchi otlanganman uzo-oq safarga,
Hech narsa olmadim vijdondan boshqa.