Mash’al Xushvaqt (1961-2021)

Mash’al Xushvaqt 1961 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan.  Asaka tumanidagi 44-umumiy o‘rta ta’lim maktabida adabiyot fanidan saboq bergan. 2021 yil 28 aprelda vafot etgan.

SOAT

Xonamda men bilan yashaydi bir qush,
Patlari zabarjad, olmos tumshug‘i.
Kechirayotgan onim – bu qushga yemish,
Yashayotgan lahzam – uning ozig‘i.

U tinmay chirqillar, g‘izo kutadi,
Qadab vujudimga yuho ko‘zini.
Oldiga tashlasam bir-bir yutadi,
Boshimdan o‘tkazgan har bir lahzani.

Kunlarimni bir-bir yutib yuborar,
Oylarimni bir-bir yutib yuborar,
Yillarimni bir-bir yutib yuborar,
Shu taxlit, shu taxlit, shu taxlit.

Nahotki, dunyoga shu qush deb kelsam,
Nahot, shu ochko‘zni vazifam boqish?
Ko‘tarar boshini qachon bilmasam,
O‘zi qachon to‘yar bu ochofat qush?

ShAHRIXONSOY

Shahrixonsoy,
Shahrixonsoy,
Kanorang xayol kabi.
Mushtiparsan, munglisan,
Men sevgan ayol kabi.

Soyginam, uy qurganga,
Kovush-kovush tosh berding.
To‘yib-to‘yib yig‘laganga,
Hovuch-hovuch yosh berding.

Xizr ishi tushgan soysan,
Muhabbati toshgan soysan.
Osmonlardan farishtalar
Cho‘milgani tushgan soysan.

Botin uyim xarob bo‘lib,
Obod bo‘lsa zohirim.
Huzuringga darrov borib,
Najot topdim, sohirim.

Gunohdan panoh topdim,
Gustohdan bo‘ldim ogoh.
Qadamda gumroh topdim,
Topdim faqat ahli joh.

Ko‘nglim arzi turob o‘ldi,
Titroq – gulu rayhonim.
Ashkim  duru xushob o‘ldi,
Oshkor o‘ldi nihonim.

Soyginam,
Hoy, soyginam,
Suv ur qobiq-po‘stimga.
Cho‘miltirib jimgina,
Elt meni chin do‘stimga.

KUZ TAShBEHLARI

Bunchalar dardmansan,
Bunchalar so‘lg‘in,
Buncha ham mushtipar, kimsasizsan-a?!
Men seni jon-jon deb, qiz qilib olgum,
Munisginam, mening kuzginam!

Qiyofangni ko‘rib ezildi jonim,
Bo‘ldi mungli-mungli jismimda borim,
Yuzlari za’faron, zaif bemorim,
Mahzunginam, mening kuzginam!

Sen arzi sarobim, bahri xubobim,
Oshiqlar rangidek rangi zardobim,
Parvona umridek umri nobobim,
Zaryuzginam, mening kuzginam!

Tobora vujuding sovub borar, voh,
Ma’yus tabassuming so‘nib borar, voh,
Metin yuragimni hasrat yorar, voh,
Ma’yusginam, mening kuzginam!

QARZDORLIK

Qarzimni bilaman,
Tog‘ suyak bergan,
Yulduzlar ko‘z bergan,
Yashin – keskir til.
Taxayyulni esa oldim samodan,
Sabodan olganim – devona ko‘ngil.

Kunduz shodlik berdi,
G‘ussani kecha,
Shijoatni so‘rab olovga bordim.
To uning o‘ziga kerak bo‘lguncha,
Shu aziz tuproqdan qonni qarz oldim.

“ShOHNOMA”NI O‘QIB

Ohangar do‘koni.
Bolta yasalar.
Sandondan yumalab tushar soqqa cho‘q.
O‘choqning nafasi tag‘in qisilar,
Zuvola bosqonga boqar ko‘zi lo‘q.

“Taqa-tuq!” “Taqa-tuq!”

Qishloq uxlaydi.
Zuvola atrofga tuflaydi uchqun.
Faqat bu qo‘shiqni,
Bu kuyi zorni,
Biroz hadik bilan tinglaydi yulg‘un,
Biroz qo‘rquv bilan eshitar chinor.

Ohangar do‘koni.
Yasalar qilich.
Qishloqda negadir mengina notinch,
Go‘yo men gunohkor,
Go‘yo men osiy.

Cho‘chitadi meni bosqon ovozi,
Yoshim ko‘zlarimga yugurib kelar.
Shoshib cho‘ntagimga qo‘lim berkinar,
Egiladi boshim o‘zidan-o‘zi.

* * *

Birdan chopqir suvlar qoldi oyoqdan,
Quyosh – suvoriyning qamchisi sindi.
Yalang‘och daraxtlar kuydi sovuqdan,
Gulxanida xoin shamol isindi.

Qahraton – sehrgar, uning ko‘z qiri
Tushgan narsa borki, bari – muz demak.
Har olgan nafasi esa – izg‘irin,
Ko‘ksidagi soqol – sumalak.

Kun kelib…
Sehrdan atrof qutular,
Yugurgilab ketar suvlar ham darhol.
Shunda dalalarda vaqt qor kurar,
Shunda ko‘chalarni supurar shamol.

Uzoqlardan horib kelgan bir qushni
Quchog‘iga bog‘ shoshib olar.
Dabdurustdan bu johil qishning
Soqoliga kimdir chang solar.

* * *

U tufayli qancha alamlar yutdim,
Qancha g‘amga tutdim u deb yurakni.
Uni oylab kutdim, yillab kutdim,
Yirtdim necha-necha ko‘ylakni.

Ne yomg‘irlar yog‘di,
Ne qorlar yog‘di,
Ko‘ksimda yashadi toqat asirday.
Sho‘rlik yuragimni umidlar boqdi,
Ishonch yetakladi uni basirday.

Ming shukur,
Hali ham aylanar tilim,
Hali ham o‘limni o‘ylaganim yo‘q.
Peshonam ostida qorachiqlarim
Yo‘llar yelkasini kuydirayotgan cho‘g‘.

Hali uni yana uzoq kutaman,
Alamlar yutaman ming bora yana.
Yillar, shoshmang, sizdan zor o‘tinaman,
Yirtgani ko‘ylagim bor hali, mana.

* * *

Yorg‘uchoq toshiday aylanar falak.
Arshdan makon izlab chiqqan umrlar.

Eh, ana,
Boshqa bir olamga o‘tar –
Men o‘ttiz yil qidirgan malak,
Sen o‘ttiz yil kutgan bahodir –
Bu dunyoga kelmagan kadar,
Bu dunyoga tushmagan taqdir.