Manzar Abdulxayr – 1964 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tugatgan. Shoirning “Sohil ohanglari”, “Moviy ufq”, “So‘z ruhi”, “Taammul” she’riy kitoblari nashr etilgan.
* * *
Ko‘nglim mudom ishqqa orzumand,
Orzum ishqsiz sarob begumon.
Muhabbatim, vaslga zo‘rmand,
Ishq daftarim poyoni ayon.
Yuragimda tengsiz hayajon,
Nahot, hali uzra bir qo‘r?
Nahot, ishqning yo‘li bepoyon,
Balki menga shunday ko‘rinur?
Kavokiblar tinglar hasratim,
Ko‘zlarimda munavvar yoshlar.
Yarim kecha, ko‘nglim ham yarim,
Tun sochini ruhim siypalar.
* * *
Yolg‘izlik dashtida chekib sitamlar,
Sening huzuringga istagim qaytish.
Istadim bedog‘ ishq damlarin sarsar,
Salsabil suvlarin ziyorat qilish.
Ko‘hi Qof tog‘larin qilib ziyorat,
Turnalar qaytmishlar sevgi uyiga.
O‘ylarim tubiga yetolmay sarmast,
Turnalar sevgisin tuyaman nega?
Nahot, tabiatning buyuk in’omi –
Turnalar baxti deb turibdi bunda?
Odamzot qidirar iqbolin ko‘kdan,
Turnalarday asriy tog‘lardan shunda.
* * *
Men yashadim tongga intilib,
Sahargohni shovuri ila.
Yorug‘likka mudom talpinib,
Ruh ichra tomchilash onila.
Tong otmoqda, tong yoshim mening,
Zulmat pardalari chekindi, oyo.
Sharpalar chuvrindi yolg‘izoyoqdek,
Tong qoshida, lol qolar go‘yo.
Sukutdan otildi noma’lum sharpa,
Noma’lum tomonga yetaklar neni?
Qay yerga qoldiykin ko‘hna oynacha,
Ichida balqigan ko‘z nurim meni?
Tongimsan. Xotiram puchmog‘i,
Sen mening azaliy tug‘yonim.
Ko‘ngil sukunatim guldog‘i,
Lahza etagida naqsh oqzardim.
* * *
Ayri dil, hey, isyonkor ko‘ngil,
Har ko‘ngilni qilmagil g‘amnok.
Olam sari poyonsiz boqqil,
Qancha yillar og‘ushi namnok.
Ko‘ngil, hayhot g‘amdir kalidi,
Borar rohi ishq chog‘i hamon.
Nahot, o‘sha ko‘hna bog‘-rog‘i,
Tutashtirmas borimiz zamon?
Zaylimizga boqmas bedillar,
Ko‘ngilni hech qilmaylik uvol.
Omon-omon kelur on-onlar,
Ko‘ngil qushi topmagay zavol.
* * *
Horg‘in-horg‘in qaraysan nogoh,
Olislardan olis ufqqa.
Kechmishingda qolgan banogoh,
G‘amgin dog‘lar mengzash firoqqa.
Yiroq tog‘lar bag‘rida kutar –
Hamdard bo‘lgan qizg‘in lolalar.
Sen siqtama, ostonang o‘par,
Ishqboz bo‘lib, kelar iqbollar.
Lekin, ko‘ngling topmaydi taskin,
Qaroshingda qotgan dog‘lar bor.
Istasangda, muhabbatim sen,
O‘rtamizda hijron tog‘lar bor.
Kechir meni, beso‘z parishon,
Ruhim asir tog‘lar bag‘rida.
Senla o‘tgan sukutim nishon,
Asriy tog‘lar g‘am bardoshida.
* * *
Oshiqadi dilimda nahor,
Achchiq duddan yorishar ko‘nglim.
Yomg‘ir hidi dimoqqa urar,
Men bahorni dildan sog‘indim.
Dimog‘imni qitiqlar bir dud,
G‘am chechagi mudrar dilimda.
Tarqar dudlar bir kun behudud,
Shunda g‘amlar yayrar unimda.
Bunda, soyning sharqiroq uni,
Tun qo‘ynida allalar meni.
Sog‘indingmi ruhim sen uni
Yuragimga sanchilar tuni?
Bugun o‘zni tanidi ko‘nglim,
Erta seni yo‘qotdim gulim.
Kun otarda dardlarim – sha’nim,
Kun botarda g‘amlarim – onim.
Anhorlarda suv jilolanar,
Bahorimsan sen meni nahrim.
Uyg‘on, qalbim, uyg‘on, chechagim,
Yuragimda barq urar abrim!
* * *
Osmon bag‘ri borar qorayib,
Qayg‘ularchi, daryoday toshar.
G‘am-g‘ussadir kelar oqarib –
Yurak sari o‘rlashar kishvar.
Shodlik emas, nahotki, g‘amdosh,
Tug‘ildikmi g‘am-alam tuni?
Shundan beri tahammul yo‘ldosh,
Tun ko‘ksiga bitik azali.
Nahot, yillar o‘chmas asari –
Ko‘ngil ichra botin sinoat.
Bir kun kuvdek bo‘zarar tashi,
Kechmish xotir qurgan imorat.