Ma’mura Zohidova (1973)

Ma’mura Zohidova – 1973 yilda tug‘ilgan. Namangan davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. Respublika matbuotida ko‘plab ilmiy-ommabop maqolalari, “Aytilmay qolgan gaplar”, “Hikoyalar”, “Najot kuyi” kabi she’riy va nasriy to‘plamlari nashr etilgan.

Shamol bilan suhbat

Shamollar, yo‘l bo‘lsin sizga, saharlab
Yo‘l olibsiz qay bir sokin joylarga?
Mehmonni qarshilab charchamaydi hech,
Bormasdan qo‘ymassiz G‘ovasoylarga?

Ortimdan ergashgan tog‘larga bo‘ylang,
Qarsak chalib kutar sizni teraklar.
Soylarga qo‘shilib men uchun kuylang,
Axir, sel bo‘ldi-ku bunda yuraklar.

Dehqon otalarning yuzlarin silab,
Bo‘y qizlar sochini o‘ynatib keling.
Mevalarni to‘kib, shoxin qayirib,
Bog‘bonni shoshirib, o‘ylatib keling.

Shamollar, derazam siz uchun ochiq,
Qaytishda kirarsiz bir ho‘plam choyga.
Yomg‘irga qo‘l yuving, men tutay sochiq,
Sizni o‘tqizayin eng baland joyga.

Kelsangiz qurigay ko‘zimning nami,
Elpib yuboring dil ozorlarimni.
Olib keling, albat, menga onamning
Qalampirmunchoqli iforlarini.

* * *

Azobli tun, ruhim zir chopdi,
Yashaymanmi ketsa tong otib?
Ishq axtarin axtarib topdim,
So‘ng o‘zimni qo‘ydim yo‘qotib.

Endi izlab yuribman sarxush,
Totli armon ko‘ksimda manim.
Qancha bo‘lsa shuncha bo‘ldi xush
O‘zimni hech topolmaganim.

O‘ylar shirin, boshim unga tor,
Sevmam desam, jonimga tuhmat.
Yana qanday jazolaring bor
Shu aftoda holimga, qismat?

Ters yumaloq yerni tepmasdan
Quyoshga tik borgum piyoda.
Jo‘n va uzoq yashab o‘tmasdan
Kuygim kelar bundan ziyoda.

Boshim silab kuzat, ey dunyo,
Bir kun senga kerak bo‘laman.
Ko‘p bo‘lsin deb ishq otli ziyo,
Shu quyoshga yurak bo‘laman.

Yo‘qsa, qaro tunlarda g‘aflat
Sarg‘aytirar tole yuzini.
Kun ko‘zidan nur sochib faqat
Yondiraman yorning o‘zini.

U meningmas boshidan oxir,
Lek ko‘kday keng xush xayolimdir.
Erda topgan davlatim, axir,
Dilga tomgan qatra bolimdir.

* * *

Osib qo‘ydim vaqtni devorga,
Imkonimni olganlarichun.
Izn bermay shirin diydorga,
O‘zga g‘avg‘o solganlarichun.

Osib qo‘ydim vaqtni devorga,
Kun ko‘rmoqqa qilmadi ruxsat.
Qo‘yib o‘tdi jonni ozorga,
Pushaymonga ko‘p berdi fursat.

Osib qo‘ydim vaqtni devorga,
Ortiga bir boqmagan zolim.
Jazo berdim tortganday dorga,
Tokay kelar u mendan g‘olib?

Osib qo‘ydim, yoshligim damlar,
Bilagimdan tutib turardi.
Dildagi g‘ash, ko‘zdagi namlar,
Barisini yutib yurardi.

Osib qo‘ydim vaqtni devorga,
Meni izlab aylansin boshi.
Chopganlari ketsin bekorga,
Nur bermasa hujram quyoshi.

Osib qo‘ydim, dodlab turar vaqt,
Yo‘qman uning ertaligida.
Topilmadi bir sahifa baxt
Bu soatning kundaligida.

* * *

Bag‘rimizni o‘rtaydi ko‘nglimiz shikastlari,
Xo‘rligimiz keltirar qadrimizning pastlari,
Jon qadar, toshlar qadar tilingizning rostlari,
Yotga tushgan ishqingiz tush bo‘lsa bo‘lmasmidi,
Yo avval ruhim mani qush bo‘lsa bo‘lmasmidi?

O‘t bo‘lgan ko‘ngil bilan bahringizdan o‘tolmay,
Tutday to‘kilar jonim bir qaddimni tutolmay,
Og‘u bo‘lar ichganim dardim ichga yutolmay,
Bizlarni masrur qilgan ishqdan ayting, yo begim,
Senda ko‘nglim yo‘q degan so‘zdan qayting, o, begim!

Ul ag‘yorni ko‘rgandan ko‘z ortimda laxcha bor,
Ozurda dog‘ ko‘nglimga ozoringiz tog‘cha bor,
Qay kunda paydo yorga so‘zingiz qaymoqcha bor,
O‘zgaga nazar qilmay qo‘ysangiz ne edi-ya,
To so‘nggi nafas meni, suysangiz ne edi-ya?

Yurakni band-bandidan, oq ishqingiz band etsa,
Pand bergan ishonchimga, endi afsus pand etsa,
Ul Samarqand jononi so‘zin sizga qand etsa,
Qolsam bo‘lmasmidi-ya, dunyoga kelmay, begim,
O‘zgani sevmang, begim, o‘zgani sevmang, begim!

* * *

Begim, oylar borib, omonlar keling,
Qaytsangiz, avval biz tomonlar keling!
Jonimiz bormoqda sog‘inchda kuyib,
Ketsin vido degan gumonlar, keling!

Dardu ozoriga ko‘ndirdi dunyo,
Zavqimni, shavqimni so‘ndirdi dunyo.
Gul edim, xushnavo bulbulga loyiq,
Menga qarg‘alarni qo‘ndirdi dunyo.

Begim, endi, siz ham baxt berolmaysiz,
Fursat yo‘q – sinovga vaqt berolmaysiz.
Lahzalik diydor ham nasiya, hatto,
Siz bir nigohni-da naqd berolmaysiz.

Begim, bizga taqdir ishq berdi, yetar,
Hijrondek ziynatli ko‘shk berdi, yetar.
Siz bor bu karvonlar o‘tar-da ketar,
Mayli, siz oy borib, omonlar keling!

Ona tilimga

Mening jami bilganlarim ona tilim tufaylidir,
Xush kalomlar qilganlarim ona tilim tufaylidir.
O‘tmishni angladim bugun kelajakka aytdim tilak,
Yaxshi umid qilganlarim ona tilim tufaylidir.

Otam so‘zi, onam so‘zi, bobom, singlim, og‘am so‘zi,
Har bandi ma’no gavhari, har jumlasi durning o‘zi.
Tilim – o‘zbek, elim – o‘zbek, men – elimning erka qizi,
Mening faxr qilganlarim ona tilim tufaylidir.