Mamarasul Boboyev (1911-1969)

Mamarasul Boboyev (1911.3.4, Kattaqo‘rg‘on — 1969.23.7, Toshkent) — o‘zbek shoiri. Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1938). 2-jahon urushi ishtirokchisi (1941—46). Respublika gazeta, jurnal, nashriyotlari va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan (1947—68).
«Janubiy nuqtada» (1953), «Eron daftari» (1952), «Sadoqat haqida» (1954) she’rlar turkumi va boshqa kitoblari nashr etilgan. «Yoshlik chog‘im — oltin chog‘im» (1959), «Go‘zallik istab» (1963) kabi dramalari bor. U rus (M. Lermontov, N. Nekrasov, T. Shevchenko, N. Tixonov, K. Simonov), tatar (M. Jalil), avar (R. Hamzatov) shoirlari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

* * *

Bahor ayyomi o‘lkam siynasi gullarga kon bo‘lgach:
Nechun kulmay, ochilmay men, sevinchim arg‘umon bo‘lgach,

To‘lishgan toleimning mislini ko‘rdim shu ko‘klamda —
Kezib, bog‘lar va bo‘stonlarda gullashdan nishon bo‘lgach.

Bahor bulbullari sho‘x madhini baxtimga aytmishlar,
Aziz boshim saodat qushlariga oshiyon bo‘lgach.

Demayman: ishq bilan o‘sdim — muhabbat tanda qonimdir,
Yurak har depsinishda ushbu dostoni ayon bo‘lgach.

Netayki, maftun o‘lmay, dilbarim, aqlu jamolingga,
Ko‘zing sham’iy farosat, husning oftobi jahon bo‘lgach.

Seiingdek mehnatimning lazzatin ko‘nglimga kom etdim,
Uning-chun katta imkon, sen kabi oromijon bo‘lgach,

Vafo rasmini kasb etdi falak, jabrini mahv aylab,
Baayni yangi barglar chiqdi, eskisi xazon bo‘lgach.

Aziz yurtim talab etsa, agar tutsam qurolimni,
Zafar bo‘lgay, yonimda sen kabi qoshi kamon bo‘lgach.

Tilim odat etib madhingni she’rim har hijosida,
Chalay mehrim bilan torimni ilhomim ravon bo‘lgach!

ShOIR VA UMR

Xona. Ashyolarda tartib va nizom,
Sham yonib, qolgandi qandilda andak.
Tong yulduzi berar darchadan salom,
Pastdan baxor tutar rang-barang chechak.

Shoir horg‘in, ma’yus ketmish xayolga.
Manglayida ajin — yillarning yuki.
U tinmay yozadi…
Qoshu soqolga —
Nuroniy tus bermish keksalik ko‘rki.

Har ishni qaytadan boshlamoq mumkin,
Aziz umrgina bunga bo‘ysunmas!
Lekin shoir uning nafas, minutin
Qadriga yetadi, yelga uchirmas!

Umrin qiyos etar edi u shamdan,
(U xam sham-ku: ongan xalqning o‘yida)
Shu xalq deb ezildi g‘amdan-alamdan,
Sodiqdir u hamon, umr so‘nggida.

Shu zaylda tunlar, yulduzday bedor —
Ko‘zlari tonggacha to‘kadi nurin,
Tarxi toza bo‘lsin, deb qilmas takror,
Asl ipga tizar she’riyat durin.

She’r deb, kechdi u kayfu safodan,
Eltmadi hayotning hoyu havasi:
Ne olib ketadi kishi dunyodan,
Haykal yaratmasa har bir nafasi?..

Umr shoshar go‘yo daryo yoki yel,
Shoir jondan sevar diyoru yorni.
Talay xizmat kutar hali — qondosh el.
Ko‘rmak istar yana necha nahorni.

Hayotni sevadi, sevadi dildan,
Xalq xam umr tilar bilonihoya,
Ammo izlashardi razillar zimdan —
Shu umrni kesmoq uchun bir chora.

Shoir horg‘in, ma’yus ketmish xayolga,
Manglayida taxlog‘ yillarning yuki.
U tinmay yozadi…
Qoshu soqolga —
Nuroniy tus bermish keksalik ko‘rki.

Xona. Ashyolarda tartib va nizom.
Kilkillab yonar sham, qolgandi andak,
Tong yulduzi berar darchadan salom,
Pastdan bahor tutar rang-barans chechak.

Narigi hujrada bir shum, dog‘uli…
Ilonday to‘lg‘anib shu kun u g‘addor:’.
Shoir taomiga qo‘shib og‘uni,
Qulay fursat kutib yotardi bedor…

Shoir dam yozadi, dam surar xayol,
Chuqur «uh!..» tortadi u gohi gohi,
Xontaxtada qog‘oz…
Tashqarida tong.
Yurakdan quyilar yangi ruboiy:

«Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz;
Har neniki sevmak ondin ortiq bo‘lmas,
Ondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz».

ONA MEHRI

Telefonda ona so‘zlar, shoshgandan
Pastki qovoqlari uchadi pir-pir:
Ulug‘ Vatanning bir shimol shahrida
Onaning sevikli farzandi o‘qir…

O‘g‘il o‘qib kelar,
Baxti onaning!..
O‘zi ham bu bilan qilar iftixor.
…Shahararo telefon stantsiyasining
Oynalarin qoplab bo‘ralardi qor.

Ona lablarida yarim tabassum,
Ammo ko‘zlarida to‘la hayajon.
Shunday sog‘inganki, o‘g‘lini shu zum
Bag‘riga bosardi, bo‘lganda imkon…

Simdan birov so‘zlar xotirjam, burro.
Tishda-chi, qor-bo‘ron, qahraton sovuq —
Zalning qobirg‘asin titratar, go‘yo
Kabina eshigin chertib urar do‘q.

Ona so‘rar artib terin, g‘uborin,
Simdan yuborguday yurak taftini:
— Aylanay, boshingda telpaging bormi?
Oyoqlaring sovuq yemayaptimi?..