Malika Mirzo (1940)

Malika Mirzo 1940 yilda tug‘ilgan. Farg‘ona davlat pedagogika institutining (hozirgi FarDU) tarix-filologiya fakultetini bitirgan. Shoiraning o‘ndan ortiq kitoblari nashr qilingan.

BIR DONA

Bir dona gulni tutding, xayolimni shoshirib,
Gul bargiga dilingni qo‘yganmiding yashirib?

Qasdi jon savollarni gul bargiga bitibsan,
Gul qatida rozi dil anbarini toshirib.

Men nechun quvonmayin, iqrori xating olsam,
Elchi guling turganda, javobimga bosh urib.

Lolaguldan qo‘rqaman, hovliqib, yonib yal-yal
Sevgimizni birovga qo‘ymasmikan oshirib?

Gul tilida qolmasa, bul Malika tuyg‘usi,
Ko‘ngli, ko‘ksin roziga o‘tgaymikan tosh urib?

EHTIYoT

So‘z selidan tilni asra, jonni qilg‘il ehtiyot,
Bo‘lmasin harom-harishlik, onni qilg‘il ehtiyot.

Jonku til jabrini tortgay, onni asra, do‘sti jon,
Lahzalarda aks etar iymonni qilg‘il ehtiyot.

Lahza – umring parchasidir, lahza – umring barchasi,
Lahzalarda aks etar imonni qilg‘il ehtiyot.

Vah, g‘animat bo‘ldi bul kun so‘zi gavhar shodasi,
Ki, bular etmish muzayyan shonni qilg‘il ehtiyot.

Bizni bog‘lab qo‘ymagan Tangri, o‘tarmiz birma-bir,
Qoshima kel, suhbati jononni qilg‘il ehtiyot.

Besamar etsang umrni, nom-nishon nomsiz ketar,
Bu jahonga qoldirib xirmonni qilg‘il ehtiyot.

Bizni ayru aylamak bo‘lg‘oni bo‘lsin nomurod,
Bizni chorlab tutmishi tuz-nonni qilg‘il ehtiyot.

Umr o‘tar, sen birla menga bersin Hotam yo‘lini,
Elga bergil, himmatu ehsonni qilg‘il ehtiyot.

Ko‘p faromush deb, Malika el aro qilmang ovoz,
Do‘st g‘animat, ko‘zni och, insonni qilg‘il ehtiyot.

MEN AZOBMI, SEN AZOB?

Sevgi vasfi avjlarida men rubobmi, sen rubob,
Ishq o‘tida yonsa oshiq, men kabobmi, sen kabob?

Sencha kuyganlik topilmas, mencha nolon bor emas,
Nolayu kuymoq savobmi, men savobmi, sen savob?

Sajdagohga bosh qo‘yarmen, sen mening Ka’bam uchun,
Ro‘zi mahsharda berarmiz men javobmi, sen javob?

Yorsiz kunlarim bo‘lg‘ay qop-qorong‘i, sim-siyoh,
Sim-siyoh kunlar yorishsa, men sarobmi, sen sarob?

Tavbalar qildim iymon oyatlarin yod aylabon,
Men tavof qilg‘on xitobim, men xitobmi, sen xitob?

Lolagun o‘ldi yonog‘im, yor, vasfing sharhida,
Lolagun aksi gulobmi, men gulobmi, sen gulob?

Ko‘zlarimdan to‘kilur yosh, yosh bulog‘i selcha bor,
Ofati sel shiddatidan men xarobmi, sen xarob?

Ey, Malika, qilma parvo, nazming ichra chekma oh,
Chiqmasa kesakdan uchqun, men azobmi, sen azob?

GULNORIGA DUCh KELDI DIL

Gul dedim, gulnor dedim, gulnoriga duch keldi dil,
Gul qolib taqdir shamoli  – xoriga duch keldi dil.

Mayli, gul xori bu jonga sanchilib, oqsin jigar,
Gul taloshida kechib jon, moriga duch keldi dil.

Gulni izlab kuydi jismim, bo‘ldi rangim za’faron,
Gulni pinhon tutgan ag‘yor doriga duch keldi dil.

Kuyla gulni, tingla gulni, bir sabo yanglig‘ bo‘lib,
Bulbuligo‘yo misoli zoriga duch keldi dil.

Gulni ardoqlang, avaylang, gul aziz, dildor aziz,
Gul yuzin ochdi bu kun, dildoriga duch keldi dil.

Gulshan ichra tanladim gul husni zebo, husni shoh,
Gul asiri, dil asiri, noriga duch keldi dil.

Gulsifat bo‘ldi Malika, yetdi bulbul vasfiga,
Etdi yo sevgi vafosi – origa duch keldi dil.

NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Termulay husningga oy, yoningda cho‘lponing bo‘lay,
Holima solgil nazar, kel, chashmi giryoning bo‘lay,
Sipqorar oning mayinob, ishqi iymoning bo‘lay,
Evrulay boshingg‘au behushu hayroning bo‘lay,
Bir zamon sadqang bo‘lay, bir lahza qurboning bo‘lay!

Jon suyi dorulshifoyi dardu hijron zahmig‘a,
Jon tasadduqlar bo‘lay, oshufta ko‘ngil fahmig‘a,
Zarra ozor yetmasinkim, hatti holing sharhig‘a,
Xoni vaslingdin agar qovsa raqibing, rag‘mig‘a
Ko‘nglum istardek taxayyul birla mehmoning bo‘lay!

Voh, xazon gul ochdi hatto gul uzoring olidek,
Qatra-qatra tomdi shabnam, ul shakarlab bolidek,
Bermagay shavq gulu rayhon sochlaringning tolidek,
Netti jon topsam visolingdin labingning xolidek,
Ko‘zu zulfingdin necha mastu parishoning bo‘lay!

Kezdi hijron dashtida Qays, qayda bizga vasli bog‘,
Bul ko‘ngilda g‘am-g‘ubori, qayda bulbul, qayda zog‘,
Iltifot qilgaymu bizga sen kabi olampanoh,
Xushturur vasling mayidin har taraf xirqamda dog‘,
Necha, jono, mubtaloi dog‘i hijroning bo‘lay!

Mayli, kechma, zulfu zorim almisoqi urfdin,
Jismu jonim etib, band ruhima sol qulfdin,
Chun azobing shu’la sochsin yeru osmon qutbdin,
Garchi bandangmen, meni ozod qilma lutfdin –
Kim, quyundek sadqai sarvi xiromoning bo‘lay!

Nozlaring haddi oshibdur, keldimu omad baror,
Shoh erursan, qatl etursan, emdi yo‘qdir ixtiyor,
Tobakay yoyni yoqlab biz kabilar sharmisor,
Tanni jilvang vaqti tufrog‘ aylay, ey chobuksuvor,
To boshingga evrulurg‘a gardi maydoning bo‘lay!

Oxiri insofga kelgaysan desam, tong yo‘q, seni,
Etti holimni xarob hajru sitam, tong yo‘q, seni,
Tun bo‘yi yondi Malika, so‘ndi sham’, tong yo‘q, seni,
Ey, Navoiy, gungu lol istar esam, tong yo‘q, seni,
Tobakay ozurdai faryodu afg‘oning bo‘lay!