Mahmud Rajab (1963)

Mahmud Rajab 1963 yilda tug‘ilgan. Buxoro Davlat pedagogika oliygohining musiqa fakultetini bitirgan. “Dard mavsumi”, “Ko‘zlardagi ko‘zgu”, “Oykokil”, “Zastenchivыy mesyats” she’riy kitoblari chop etilgan.

OYGA QASIDA

1

Hey, oy! Quyoshdan arazlab
Ketma ko‘p bulutlar ortiga.
Ertamas, indin
Yuz yuzga tushadi, baribir.

Hey, oy!
Tunda ko‘rinasan yuzingni bog‘lab,
Xizmatingda yetti qaroqchi.
Buncha yarashadi yuzingga
Halol
Quyoshdan o‘g‘irlab olgan tabassum?!

2

Hey, oy!
Mangu havodasan,
Mangu go‘zalsan.
Sening merosxo‘ring – Havo enamiz,
Senga o‘xshamagan ayol yo‘q, qiz yo‘q.

Seni ko‘rgan yigit kimnidir sevar,
Ko‘klarga ko‘tarar, sening yoningga,
Sening noming bilan ataydi uni.

Seni ko‘rgan yigit, shubhasiz,
Indamasdan olar qizingni.

* * *

Vaqt izmiga solingan yurak,
Soatingga zanjirlangan vaqt.
Vaqt – hijron, o‘tishing kerak,
Soatingga qamalgandir baxt.

O‘z-o‘zidan aylanadi mast,
O‘z-o‘zidan aylanar uzoq.
“Qoch-chiq” shivirlaydi past,
Soat – baxtga qo‘yilgan tuzoq.

* * *

Kemaga chiqqanda yuzlarcha sayyoh
Bo‘lishar bitta jon, yagona tilak.
To‘fonga duch kelib to‘zg‘isa nogoh,
Ajal yaqinlashsa jonlari bo‘lak.

To‘lqinlar chiqargan sandiqda marjon
Qolib ketar, o‘tmas tanga holida.
Mulkining qiroli yuzlab Robinzon
Och-yupun yashaydi o‘z orolida.

NEVARAMGA

Qishning buncha sovuq nafasi
Eshik ochsang uyga purkaydi.
Nevaramning kelib havasi
Jajji qo‘lin qorga burkaydi.

Sovuq – nayza, badanni teshib,
Izg‘irinlar qiladi do‘qlar.
Bola o‘ynar paltosin yechib,
Ko‘zlaridan sachratib cho‘g‘lar.

Hamma kiyimiga chekinar,
Chollar uyda qolishar yolg‘iz.
Nevaram-chi, yechinib olib
Ayoz bilan olishar yolg‘iz.

QO‘RQOQ

Qaynoq sutni eshitgan u
Ichib og‘zi kuymagan.
Peshonasin tirishtirib
Qovog‘ini uymagan.

Xom sut tutsang qoshiq bilan
Og‘zini hech ochmaydi.
Qatiq bersang puflar cho‘chib
Lekin sira ichmaydi.

* * *

Ikki ko‘zim – ikkita o‘g‘ri,
Tekin moling – xushchiroyliging.
Men o‘g‘irlab olganim sayin,
Ortaverar husn – chiroying.

VAQT – URVOQ

Dasturxonga to‘kilgan non urvog‘i kabi
Yig‘ishtirib olib vaqtim oldiqlarini
Tashlayman ariqqa, vaqt – oqar suv, deb.
Mening parcha vaqtim qo‘shilsin deb,
umumvaqtga.
Suvga tashlaganim baliq bilar deb,
Baliq bilmasa gar Xoliq bilar deb,
Alloh menga bergan umrning
Foydalanmay qolgan parcha-urvog‘in
Atamoqchi bo‘ldim Haqning o‘ziga,
Ammo, hech narsaga muhtojmas
Tangrim.
Shunda, dasturxonni silkidim
Oyoq bosmaydigan yerga,
O‘zi meni kechirsin, deya.

* * *

Vaqt qaychisi kindigin kesar
Har kunim – ertaning doyasi.
Kelajagim yuzini to‘sar,
O‘tmishimning uzun soyasi.

Hosilin o‘n besh kun o‘rdi-yu, qochdi,
Zulmatga bekindi oyning o‘rog‘i.
Yuzimni yoritib turibdi hanuz
Otamning tokchada qolgan chirog‘i.