Komil Avaz 1942 yilda tug‘ilgan. Toshkent to‘qimachilik institutini tamomlagan.
“O‘tayotgan vaqt”, “Tong epkini”, “Ibrat manzili”, “Xiva dilbandi”, “Olis ohanglar”, “Shoh bo‘ldi ishq ichinda” “Qo‘nalg‘a”, “Sozanda” kabi asarlari chop etilgan.
2022 yil 24 iyun kuni Urganch shahrida vafot etgan.
MUQIMIY FAZALLARIGA MUXAMMASLAR
* * *
Ey diloro, ber xabar borgum qachon sen yona man,
Kel, ey Majnun, bas, yig‘lama dermusan, jononaman,
Iltijoyim, bori umrim yetsa deb shu ona man,
Aqlu hush uchdi boshimdin, e pari devonaman,
Qil ilojinkim, el ichra bo‘lmayin afsonaman.
Ohlarim dudi falak, yozmoqqa ojiz bul qalam,
Bor umedimkim ushalg‘ay, sen tomon qo‘ysam qadam,
Qil tarahhum, ayla ro‘yxushlikni bir bora, sanam,
Ul zamonkim, yiroq vaslingdin o‘ldim, to bu dam,
Har kecha yodingda ming yo‘l uyqudin uyg‘onaman.
Baxtmi deb avval quvondim, ammo imdod bo‘lmadi,
Ne qilay, axir, dilimga o‘zga yorni solmadi,
Shuncha g‘avg‘oni solib, bir bor xabar ham olmadi,
Bir nafas zahri g‘aming yutmoqqa toqat qolmadi,
No‘sh etib vasling mayidin ham qachon bir qonaman.
Oh, qani, aylansa boshim, rahmi shirin tam’din,
Uchsam falakka mosuvo g‘am-alamlar zahmdin,
Ayt, qachon forig‘ bo‘ladurman tamom g‘uli g‘amdin,
Dardu, so‘zu, ashku ohimni qiyos et sham’din,
Shomdin to subhidam hajringda o‘rtab yonaman.
Ko‘p jafoingdan shirin so‘zlarga bormaydur tilim,
Ko‘zlarimdin shashqator oqdi xun giryon selim,
Oxiri bechorolikdin qo‘lga oldim xat, yelim,
Xoma mujgon, ko‘z qarosidin yozib holu dilim,
Arzai qildim eshit, ma’yusu mushtoqonoman.
Bor ekan peshonada, senga yo‘liqdim men netib,
Bo‘lg‘ani o‘ldirmasang nozu istig‘no etib,
Baribir, o‘lsam o‘larman, oxiri senga yetib,
Ohkim, sensiz qaroru, sabru oromim ketib,
Bir ilon chaqqan kishidek har taraf to‘lg‘onaman.
Berganing may chiqmasin, tanamdin soqiyo,
Val xabar sen aylaki, sanamdin soqiyo,
Shuncha muhtoj bormikan, manamdin soqiyo,
Navbati jomi quyki, karamdin soqiyo,
Har qadamda aylayin yuz lag‘zishi mastonaman.
Ko‘rsaturlar yoqasin, Komil Avazga ne kibor,
Shul o‘ram odami deb yor bo‘lmag‘aydur intizor,
Hosili bunda yasharman xokisorman, e’tizor,
Mulki Hindu Marvdin kelsam topardim e’tibor,
Shul erur aybim Muqimiy mardumi Farg‘onaman.
* * *
Yonmasa ishq o‘tida nozu ado ham qilmasun,
Iztiroriy ham xusho, sahvu xato ham qilmasun,
Gar davosin etmasa, ko‘nglum yaro ham qilmasun,
Yor agar lutf aylamas, jabru jafo ham qilmasun,
Qilmas ersa mango g‘ayriga vafo ham qilmasun.
Bejavob xonishlarim aksi sadosizdur, abas,
Etmangiz man quylamish o‘tlug‘ havolarg‘a havas,
Gar quloq qo‘ymas esa, band etmasun o‘yimni, bas,
Sunbuli zulfi kabi oshufta aylab har nafas,
Kokulidek ro‘zg‘orimni qaro ham qilmasun.
Ko‘rmasa jannat ravo, bunda duo ham qilmasun,
Etmasa butkul ato, mani ado ham qilmasun,
Torlarimg‘a tegmasun, tanbur, sato ham qilmasun,
Gar eshitmas bo‘lsa bog‘larda fig‘onu nolasin,
Gul yuzun ko‘rsatmasun, bulbul navo ham qilmasun.
Ne azobda kuylasam, mahvash nazarga ilmasa,
Ko‘rguzub oyday yuzun, lutfu karamlar qilmasa,
Mehrini mango berib, ag‘yor yuragin tilmasa,
Dardim ishqida kuni kundin fuzunroq bilmasa,
Bir musulmonni o‘ziga mubtalo ham qilmasun.
Notavonlig‘ aksi desa, yanglishur faryodni kim,
Nolai faryod vujud titratmasi, isyonikim,
Etmasa isyon emas, dod ham emas, hayhotkim,
Yig‘lamoqdin xira bo‘ldi ko‘z demush faryodkim,
Ko‘zga bosgan izlarimni to‘tiyo ham qilmasun.
Asli, bir kam charxi dunyoda yolg‘izlik katta g‘am,
Tiyra kulbam nurg‘a to‘lg‘ay dilbarim qo‘ysa qadam,
Netgum, axir, bo‘lmasam xush maylig‘a bir lahza, dam,
Quchmasam nozik belidin bir yo‘l, axir, buncha ham,
Qomatimni g‘am yuki birla duto ham qilmasun.
Vah, ne ofatdur yoronlar, yor ko‘ribkim, ko‘rmasa,
Dahri dunyoni yuzinda bormu deb bir so‘rmasa,
Ne ajabkim, dard berib, dardingga dardmand bo‘lmasa,
Gar kafi poyig‘a qo‘ymoqg‘a munosib ko‘rmasa,
Yig‘latib ko‘zyoshimni rangin xino ham qilmasun.
Qolmadi naki huzur, o‘ylab oni subhu maso,
Barqdayin bir yarq etib, ketdi qayon qaddi raso,
Ne kechar holim, go‘zal garchi tarahhum etmasa,
Yakka bir oqshom kelib vaslini gar ko‘rsatmasa,
Ranggi ro‘yimni bu yanglig‘ qahrabo ham qilmasun.
Ming taxayyurdir baland tog‘ bo‘lsakim, gar qorsiz,
Shundayin Komil Avazg‘a ishq ajab, ozorsiz,
Kim yana dilbar suyinmas bo‘lsa deb siz borsiz,
Kelmasa ko‘ngil so‘rab, gohi Muqim, ag‘yorsiz,
Bo‘yla, avval, ishq o‘tin dillarga jo ham qilmasun.