Karimabegim (1955)

Karimabegim 1955 yilda tug‘ilgan. Farg‘ona davlat pedagogika institutining (hozirgi FarDU) o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan. Uning “Siz meni bilmaysiz”, “Dildorim, onam” she’riy hamda “Tungi sharpalar”, “Bag‘dod va bag‘dodliklar” nomli nasriy kitoblari nashr etilgan.

XALQIM

Sen – tuproqsan, avaylagan
Hatto bosgan izlarim.
Sen – yaproqsan, shivirlagan
Dilimdagi so‘zlarim.
Otam – o‘zing, onam – o‘zing,
Qahramonim – Shiroqim.
Sen – dilimda yonib turgan
Mehr nomli chirog‘im.

Sen – bobomsan, haqiqatni
Ko‘zlarimga ko‘rsatgan.
Sen – momomsan, kattalarda
Olam ilmin o‘rgatgan.
Sen – ustozsan, buyuk ustoz,
Minnatni hech bilmagan.
Hatto, chuchuk so‘zlarimni
Erinmasdan tinglagan.

Bog‘larini jannat qilgan
Beli belbog‘li xalqsan.
Oy tinsa ham tinchimagan
Qo‘sh-qo‘sh chorbog‘li xalqsan.
Bobolari bu dunyoga
Saboq bergan o‘zbeksan.
Ilm bilan, mardlik bilan
Qaddin kergan o‘zbeksan.

Xush chehrali qizlaringda
Saodating aks etar.
Qadri baland yigitlaring
Dovrug‘i olam tutar.
Mard yo‘lboshchi nasib etib,
Olloh qo‘llagan xalqim.
Pok niyati yo‘lin ochib,
Baxtga yo‘llagan xalqim.

MEN SIZGA YeTIB BORAMAN

Qalbim sizga qulday bog‘lanib qoldi,
Otashda yog‘dayin dog‘lanib qoldi,
Uchishga qushdayin chog‘lanib qoldi,
Kuting, bir kun sizga yetib boraman.

Tunu kun o‘yimda bor bo‘lgan sizku,
Ko‘kda lochin emas, sor bo‘lgan sizku,
Sizni deb sochlari qor bo‘lgan bizku,
Barcha firoqlarni yutib boraman.

Sizga talpinaman, aziz yomonim,
Kuzdan o‘g‘irladim rangim – somonim,
Etsa qo‘lingizda omonat jonim,
Etmasa umrimni sotib boraman.

Rayhonlar o‘sadi o‘sha kun cho‘lda,
Farishtalar qutlar o‘ngda va so‘lda,
Qip-qizil lolalar qoldirib yo‘lda,
Yurakka  ishq  so‘zin bitib boraman.

Kuting, bir kun sizga yetib boraman…

YuRAKNI KUYDIRIB

Yurakni kuydirib o‘taverar kun,
Har oqshom ufqqa botadi quyosh.
Achchiq qismatida ko‘rmasdan yakun
Dengizini tashlab ketadi ko‘zyosh.

O‘tar, o‘taverar sokin lahzalar,
Bu dunyo alamin yelkaga ortib.
Olam charchamaydi ulkan kamondan
Soatu kun degan yoylarin tortib.

Hayronman, ba’zida, nega bunchalik
Umrni tortqilab yuguradi shaxt?
Dunyo g‘avg‘osidan qochaman, deb, yo
Manzilin yo‘qotgan hayronami vaqt?

VATAN

Vatan nima o‘zi, Vatan ne o‘zi,
Birdek zavq beradi qishiyu yozi,
Bag‘rida o‘sganning qizildir yuzi,
Demak, haroratli quyoshdir Vatan!

Omonat dunyoda jon omonatim,
Qulochimni yozsam, sinmas qanotim,
Baxt deya, talpinsam, og‘zimda totim,
Jonimga-jon kabi tutashdir Vatan!

Shiroqqa kuch bergan sirli bir tilsim,
Muqanna tilida yangragan ism,
Manguberdi uchun tuproq bir qism
Bo‘lib, jonni shunga o‘rashdir Vatan!

U mehrigiyodir, u mehriziyo,
Usiz darkor emas boyligu dunyo,
Vatangado derlar, kim tushsa ayro,
Baxtni bilmaslarga ko‘zyoshdir Vatan!

Tovoning siypasa, hatto, giyohi,
Mitti yaproqlar ham bo‘lsa panohing,
Senga suyanganni suyablar gohi
O‘zingga ishonib yashashdir Vatan!

Biz buyuk yo‘ldamiz, istiqlol hamroh,
Kelajak ishonchli, istiqbol hamroh,
Baxt bizga yelkadosh va iqbol hamroh,
Xalqni suyab turgan bardoshdir Vatan!