Jo‘ra Alimardon 1942 yilda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tugallab, o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
Uning «Cho‘l taronasi», «Manzildagi o‘ylar», «Zamondosh o‘ylari» to‘plamlari chop etilgan.
ChAMBIL
Qaytmoqdaman, qadrdon Chambil,
Ey, xayolim ulg‘aygan maskan!
Qaytmoqdaman, talpinadi dil,
Oshiqadi sabr qilmasdan.
Qaytmoqdaman, betizgin xayol —
Boshlab ketar yoshligim sari.
Bog‘laringda bilmay ne malol,
Yuguradi o‘ylar sarsari.—
Shunda tinglab ertak, qo‘shiqlar,
Ochilgandi idrokim ko‘zi.
Goho deyman bundan ne huzur
Oqlamasang el bergan tuzin.
Ne ham qildim bag‘ringdan ketib,
Nelar ko‘rdi bu tashna ko‘zim,
Ne yaxshilik urug‘in ekib,
Nelar olding, deyman o‘z-o‘zim…
Ter to‘kishar «oq oltin» uchun
Ey, Chambilim, senda qari-yosh.
Shunga berar yigitlik kuchin,
Shu uchundir iroda, bardosh.
Farzand kabi asrab, parvarish —
Qilinmoqda har bitta shona.
Shundan erur ro‘zg‘or tebratish,
Shudir rohat, elga to‘yona.
Qaytmoqdaman, o‘ychan ko‘zlarim
Do‘stlar, sizdan olib yiroqqa.
Mayli, barcha sog‘inch so‘zlarim
Men bag‘ishlay bu kun qishloqqa.
Qaytmoqdaman, qadrdon Chambil,
Ey, xayolim ulg‘aygan maskan!
Quchog‘ingga talpinadi dil
Etgunimcha sabr qilmasdan.
BIZ HAM KELAJAK EDIK
Bizlar ham moziyda kelajak edik,
Kimlarning orzusi, suyangan tog‘i.
Umid dengizida naq mayoq edik,
Otalar intilgan maqsad charog‘i.
Bizga qoldirdilar kitoblar aro
Yashashda orttirgan ma’no dunyosin.
Bizga qoldirdilar, topolmay chora
Haqlikka talpingan dillar da’vosin.
Bizlarga qoldirib so‘nggi ishonchin.
Mangu ko‘z yumdilar, qoldi bu olam,
Bu kun biz vorismiz ular quvonchi,
Tashvishli hayoti, xayoliga ham.
Biroq biz ne qildik merosxo‘rga xos?
Ularning ishonchin oqlay oldikmi?
Bobolar ishini bilib muqaddas,
Ular orzusiga sodiq qoldikmi?
Yo makru qalloblik yo‘liga o‘tib,
Mol-dunyo to‘plashga qo‘ydikmi ixlos?
Olamda insonlik burchin unutib,
Tubanlik to‘riga tushdikmi besas?
Bobolar aytgan u oliy tuyg‘uga
Etmoqlik biz uchun ko‘ringach dushvor,
Ishni farzandlarga yuklab, uyquga —
Ketmoqlik biz uchun bo‘ldimi shior?
Omonsiz vaqtning iskanjasida
Kelajak o‘tmishga aylanar ildam.
Barhayot tarixning dastpanjasiga —
Ilingan baxtiyor shuning uchun kam.
Aylanib kelarkan zamon sahnasi,
Kimlar kuch-qudratin sovurar yelga.
Buyuklik nishoni — tarix sahifasi,
Ulardan so‘z ochib kirmagay tilga.
Bizlar-ku o‘tmishda edik kelajak,
Zaminning sahnasi bu kun bizga yor.
Payt kelgach, nishonsiz ketdi deyajak,
Kelajak ishqida bo‘lmasak bedor.
LAHZALAR
Lahzalar ko‘zgudir…
Bosilgan har qadam,
Chekilgan dard, alam,
Yo qaygu, yo quvonch
Barchasi, barchasi
O‘shanda mujassam.
Lahzada yaraqlab,
Baxting ham topilgay.
Lahza goh baxtingga
Qilichday chopilgay.
Lahzalar, lahzalar —
Dildagi larzalar.
Lahzalar izmida
Armonu orzular…
O‘RMONDA
Isyon ko‘tarildi — haqiqat talab,
Sherlaru qoplonlar bo‘lishdi taraf.
Ayiqlar o‘kirib, bo‘rilar ulib,
Jangga aralashdi g‘azabga to‘lib.
Quladi qayinlar, titrar qaragay,
G‘ajishdi bir-birin ne deb so‘ramay.
Qonlardan yer bo‘lgach qirmiz poyondoz,
Haq qaror topganday tuyuldi bir oz.
Jang tindi, maydonda ming-minglab qurbon,
Ingranib jon berdi eng so‘nggi qoplon.
Tulki-chi, tulki-da, o‘z ishin bildi,
Bir chetda biqinib, tomosha qildi.
O‘chdi jang suroni, maydon tin oldi,
O‘rmon tulkilaru quyonga qoldi.
BOLARILAR QISSASI
Ular inoq edi, bitta oila,
Topganin o‘rtada ko‘rishar baham.
Bahor, yoz bol yig‘ar mehnati bilan,
Hamjihat o‘ylashar qish g‘amini ham.
Tinch-totuv yashardi, mingga bir ona,
Barchasi o‘shangga bo‘lar girgitton.
Barchasin maskani birgina xona,
Ming jonga bir ona aziz, mehribon.
Yil o‘tdi, urchidi avlodlar tag‘in,
Etishdi orada yana bir ona.
Nizolar tug‘ilib, jang bo‘ldi qizg‘in,
Bu mushkul ahvolga topilmay chora.
Go‘yoki qo‘sh hokim bo‘lganday paydo,
Uzoq davom etdi janjal shu xilda.
Ikkiga bo‘lindi, boshlandi nizo,
Hokimlik da’vosi — har ikki dilda.
Bolchi bu nizodan bo‘ldiyu ogoh,
Ustomonlik bilan qo‘lladi tadbir.
Bir guruh arini ko‘tarib nogoh,
Yangi bir maskanga joyladi masrur.
Tag‘in bir oila bo‘ldiyu bunyod,
Uy-ro‘zg‘or g‘amiga kirishib ketdi.
G‘o‘ng‘illab kuylashar shu deya hayot,
Bolchining ishi ham yurishib ketdi.
Tag‘in tinch-totuvdir har bir oila,
Tag‘in bol yig‘moqqa qilishar amal.
Ikkisin ajratgan kayvoni esa,
Ikkisin bolini olar bemalol.
JAVOB
Erkin kuylay olmas mitti bulbul ham,
Toki u qo‘nmasa eng yuksak shoxga.
Razm sol to‘rg‘ayga, kuylash-chun ul ham
Titrab talpinadi osmon-falakka.
Hattoki tog‘dagi u hurkak kaklik
Kuy ishqida qo‘nar baland qoyaga.
Burgut ham his qilar o‘zini baxtli
«G‘urqullab» aylansa cheksiz samoda.
Yuksaklik qushlarga berganday ilhom,
Sadoga to‘ldirar samo jimligin.
Inson ham shu taqlid yuksaklikka rom,
Yuksaklik ko‘rsatar kimning kimligin.