Jamol Kamol (1938-2022)

Jamol Kamol 1938 yil 26 aprelda Buxoro viloyati, Shofirkon tumanidagi Chikaron qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1992). Buxoro pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan (1959). Dastlabki she’riy to‘plami — «Olam kirar yuragimga» (1968). «Cho‘qqilarga yog‘ildi yog‘du» (1971), «Tosh tug‘yon» (1973), «Hasan va oy» (1974), «Quyosh chashmasi» (1975), «Dostonlar» (1978), «Tafakkur» (1979), «Qadah» (1980), «Suvaydo» (1983), «Umidli dunyo» (1988) kabi she’riy asarlar muallifi. Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»si, Ibn Sino, V. Shekspir, Bualo, A. S. Pushkin kabi jaxrn adabiyoti siymolarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2022 yil 27 sentyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.


ShE’RIYaT

Ko‘l yotardi tog‘larga tutash,
Mavjlariga shamollar shaydo.
Bir bolakay nigohi otash,
Bo‘ldi bir kun sohilda paydo.

Ufqlarga talpingan zilol
Ko‘zlariga bo‘larkan payvast,
Bir zum qoldi hayrat ichra lol,
Hayajonda lol qoldi birpas.

Dam bir hadik, dam havas bilan
Moviy ko‘lga bokdi bolajon.
Bir xo‘rsinish uchdi labidan,
Yuragiga tushdi bir armon.

Egildi-yu, sadaf qayroqni
Moviy ko‘lga tashladi asta.
Suv betida yashnab bir oniy,
Paydo bo‘ldi zilol guldasta.

Yana otdi, yana.. paydar-pay,
Yulduz bo‘lib sochildi to‘zon.
Ko‘l chayqaldi, toshdi bolakay,
Unut bo‘ldi jumlai jahon.

Shovullagan to‘lqinli dunyo
Xayolini qamradi quchib.
Bir payt boqsa, turar shalabbo,
Ko‘l ichida beldan suv kechib.

Entikdi-yu, o‘zni serguluv
To‘lqinlarga otdi bolajon.
Suzar bo‘lsa, iqbolga yor u,
Cho‘kar bo‘lsa, fidoyi bir jon…

QOLDI UMRIM KO‘KLAMI…

Qoldi umrim ko‘klami
Kechmish yo‘lim so‘qmog‘ida,
Qatra nuru qatra ko‘z yoshim
Yonar yaprog‘ida…

Qatra-qatra shabnamida
Shodligimdir yoshirin,
Yoshirindir hasratim ham
Qatra-qatra dog‘ida.

Qatra-qatra nur to‘kib,
Boshimda yondi yulduzi,
O‘pdim ilhom qatrasini
G‘unchayi titrog‘ida.

Mast etib ko‘nglimni bir dam,
Yashnadi armonlarim,
Aks etib jonon faslning
Chaqnagan chaqmog‘ida.

Hislarim sellarga qo‘shdim,
Okdi anhori azim.
O, o‘zim sargashta qoldim
Termulib qirg‘og‘ida.

Ey Jamol, yozing yetishdi,
Bitdi umring ko‘klami,
Bir parining bir nafaslik
Bo‘sayi qaynog‘ida…

UMID

Olam ichra kimga yeru
Kimga osmondir umid,
Kimga olamdek muqarrar,
Kimga armondir umid.

Kimki sahroni chaman istar,
Umid daryosi bor,
Kim yonib ko‘zlar falakni,
Yulduzistondir umid.

Men umid o‘g‘loniman,
Oshdim xatarlar tog‘ini,
Otamen, endi dovon
Oshguvchi o‘g‘londir umid.

Bu hayot ummoni kengdir,
Keng umidlar bahri ham,
Kimga imkon, kimga davron,
Kimga tug‘yondir umid.

O‘yla, jon berdi Ulug‘bek,
Qon tutar dushmanni lek,
Zanglagan egri qilichga
Sachragan qondir umid.

Shamsi anvardir tilim, deb
Elga keltirdi imon –
Ul Navoiykim, basharga
Nuri iymondir umid.

Tong-la kel, deb ul parivashga
Salomlar yo‘lladim,
Tunda borgum, deb javob aytdi,
Shabistondir umid.

Sen umidga banda bo‘lma,
Sen umidlar shohi bo‘l,
Keksalar der: gohi rahmon,
Gohi shaytondir umid.

Kimga qatra, kimga dengiz,
Kimga bir dunyo qadar,
Kim uchun og‘riqli tandin
Chiqmagan jondan umid.

O‘z eli-la iftixor etsa,
Jamolga ayb emas,
O‘tsa gar ming yil jahondin,
O‘zbekistondir umid…

MENING UVOQ ShE’RIM – MENING DILPORAM

(Turkumdan)

Qarshimda turibdi umrim bir kuni,
Mening uvoq she’rim – mening dilporam
Tong siylagan, oqshom opichgan uni,
Bir satrida sevinch, bir satrida g‘am.

Agar g‘amgin bo‘lsang, sevinchim – najot,
Shod bo‘lsang, ol mana, g‘amimni berdim.
Qanoting bo‘layin, sen ham bo‘l qanot,
Hamdarding bo‘layin, bo‘lgan hamdardim.

* * *
Ko‘kka boqib sukut saqlaydi zamin,
Erga boqib osmon saqlaydi sukut.
Ko‘kning sukutida qanchalar mazmun,
Erning sukutida qanchalar o‘git…

Ko‘kday bo‘lsa hamki yuksak, barkamol,
Erday sukut saqlab turadi oqil.
Birpas sukut sakdab, holingga ko‘z sol,
Birpas sukut saqlab, olamga boqgil…

* * *

Ko‘zda yoshi bilan kuladi bola,
Ilhom asir etgan shoirga monand.
Shoir ham boqarmish yorug‘ olamga
Bolaning musaffo ko‘zlari bilan.

Ajab sehrlidir bu ikki dunyo:
Birpasda sevinchu birpasda qayg‘u
Biri ermak izlab, topadi ma’no,
Biri ertak so‘ylab, aytadi orzu…

–    Takdir, meni nega inson yaratding,
Ko‘ksimda shodligu g‘amdan yuz nishon.
–    Men senga qalb ila shuur baxsh etdim,
Bilgin deb hirs nima, nimadir hayvon.

–    Taqdir, nega meni mehmon yaratding,
Yarq etgan chaqindek ketgum begumon.
–    Men senga o‘lchovli umr baxsh etdim,
Bilgin deb ishq nima, nimadir inson…