Ismoil To‘lak (1947-2003)

Iste’dodli shoir, adabiyotshunos olim Ismoil To‘lak Andijonning Xorabek qishlog‘ida 1947 yilda tavallud topgan. Andijon davlat pedagogika institutini tamomlagan. Andijon davlat pedagogika institutida (1971—1995), Andijon davlat tillar institutida dars bergan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat test markazida mas’ul vazifada ishlagan.

Uning birinchi she’riy to‘plami «Seni o‘ylab» nomi bilan 1977 yilda chop etilgan. Shundan so‘ng shoirning «To‘rg‘ay» (1983), «Kengliklar» (1984), «Yashil sabo» (1989), «Muhabbat shevasi» (1995), «Sog‘inch dovoni» (1997) kabi bir necha she’riy majmualari yaratildi. Muallif, bundan tashqari «Nurli manzillar» (1992), «XX asr o‘zbek adabiyoti» (1993), «She’r—qalb yolqini» (1994) kabi risolalarini e’lon qilgan.

ShOIR

Hayrat — ko‘zlarimdan oqar yosh bo‘lib,
Portlamoq shashtida entikar yurak.
Kelgil quvonchimga o‘zing bosh bo‘lib,
Xayol osmonimda charx urgan Tilak.

Bir intiq talpinish kelar ich-ichdan,
O‘zim o‘z qalbimdan qochay qaylarga.
Men bugun shoirman telba sevinchdan,
Labimni bosaman achchiq maylarga…

Men bugun shoirman. Do‘stim — bo‘ronlar,
Ko‘ksimni ochaman dunyo g‘amiga.
Qalbimda nish urgan abrinaysonlar,
Bayt erur baxshida sevgi nomiga.

Men bugun shoirman!
Novdadagi yolg‘iz sarg‘imtir yaproq —
Yigit yo‘llariga intizor Qizdir.
Uning ko‘ksidagi muqaddas qiynoq
Hali dunyo anglab yetmagan So‘zdir.

Men bugun shoirman!
O‘shal sirli so‘z —
Sehrin kashf etmoqqa ahd ayladim, ahd.
Ilhomim chashmasi bir juft qora KO‘Z.
Yuzlarimni yuvmoqdadir baxt…

Men bugun shoirman.

ORZU

U yashardi,
shahardan olis
adirlarning ko‘z soqqasiga
joylashgan qishloqda,
Bobosi, Momosi bilan.
U yashardi,
bolalik sirlariga to‘la
o‘zining behudud samosi bilan.
U yashardi,
olis-olislarda
qad tiklagan
shaharga bormoqlik
havasi bilan.

U yashardi,
sevardi,
quyosh chiqayotganda,
quyosh cho‘kayotganda
cho‘qqidan
ufqqa termulmoqni jim.
Quyoshning botishi,
osmonning zangori qa’ridan
yulduzlarning
uzilgan olmalardek
o‘zin otishi
yuragiga
solardi larzga.
Bolani chorlardi
samolardan
to‘kilgan hayrat.
Bolajon
tongotar yoqlarga,
kunbotar yoqlarga
ketgisi kelardi
bir o‘zi…

Trassada
oqayotgan avtolarga
havasi kelib,
qo‘llarini
silkitardi jim.
Ko‘ksiga sig‘magan hislari —
ko‘z yoshlarin
silkitardi jim.

Avtolarga
osilib ketsa,
samolyotlar qanotiga
qo‘nsa qush misol.
Ko‘z ochib yumguncha
chiroqlar porlagan
shaharning
tursa ostonasida.

Qo‘l cho‘zgan chog‘ida
shahar darvozasi
ochilib ketsa,
peshvoz chiqsa
ertakdagi
hur sohibjamol…
Bolajon
olis shaharlarga
ketgisi kelardi.

Qani edi,
qirlar kuzatib qolsa,
maysalarin
silkitib shodmon.
Qani edi,
chinorlar
qo‘llarini uzatib qolsa,
oq fotiha bergan
Momosisimon.
Qani edi,
qadrdon hamrohlari:
kaptari, sigiri, olapar iti
shu cho‘qqidan turib
xayrlashsalar…

Qani edi,
Bobosining
o‘ralgan sallalaridek,
huv chigal so‘qmoqlar
etaklasa
o‘shal manzillar tomon.
Qani edi…
Mana shu cho‘qqidan turib
hayqirsa so‘nggi bor:
«Xayr, mening adirginam —
tilsiz sirdoshim!
Momojonim,
xush qoling Siz ham!
Bobojonim,
buling sog‘-bardam!
Siz kuylagan
dostonlardagi
G‘irotlarning
izidan ketdim!..»

Ishonaman!
Bolajonning orzulari
ushalar bir kun.
Yonayotgan hislari bilan
olib kirar dadil,
shaharlarning
gavjum bag‘riga
qishlog‘ining
musaffo havolarini…

Bir bola yashaydi,
adirlarning ko‘z soqqasiga
joylashgan qishloqda,
olis-olislardan
uni chorlovchi
shaharga bormoqlik
havasi bilan…

BOYChEChAK

Bu kecha negadir kelmaydi uyqum.
To‘rtinchi qavatning
beton devorlari
ombir bo‘lib siqayotgandek.
Bo‘g‘zimga tiqilib qolganday quyqum.
Bo‘g‘ilayotgandek nafasim,
etishmayotgandek havo
qiynalib ketaman.
Olib qochmoq bo‘lib o‘zimni
beton azoblaridan,
bolalik o‘ylarimga
qaytaman…

Mahallaning
tengdosh erkatoylari
yig‘ilishib boychechak aytar edik:
Boychechagim, boychechak,
Boychechagim, boychechak,
Bu hovlida kelinchak.
Kelinchakning beshigiga
Farzand bergin bir etak…
Farzand bergin bir etak.
Boychechagim, boychechak.

Birovlar
olisdan eshitiboq
toshqindek ovozimizni,
zanjir urardilar eshiklariga.
Va ertasi muallimamizga
po‘pisa qilardilar,
kommunistik tarbiyani
susaytirding, deb.
Sevimli opajonimiz
ular kuyikayotganda
kulib turar edi muloyim.
Keyin ham hech so‘z demasdi.
Mayin va yoqimli jilmayish bilan
qalbini ochardi bizlarga.
Ba’zilar o‘zidan cho‘chirdi chog‘i,
ta’qiqlayverardilar
boychechak aytib
mahallada yurishimizni.
Biz esa
naq ular eshigi yonida,
yanada balandroq ovozda
aytaverar edik
bahoriy qo‘shig‘imizni.

Befarzand,
mansab kursisiga
o‘ta hirs qo‘ygan
bir mahalladoshimning
bemaza so‘zlarin
eslayman hamon:
«Non kesak ustida bo‘lgan zamonda
bir burda non,
sariq chaqa uchun
tentirab yuribsizmi-ey
sho‘rlik churvaqalar…»
Bizga sadaqa kerak emas edi,
Ketib qolar edik olmasdan
yangi tushgan kelinlarning
barkash to‘la sovg‘alarin ham.
Mahallamizdagi barcha uylarga
qirlardan olib qaytgan
boychechagimizni
qo‘shiqlarga o‘rab
ulashgimiz kelardi faqat.
Mahallaning
changli ko‘chalarini
bizdan keyin ham
to‘ldirib yursin derdik
yog‘och tulpor mingan bolalar.

Menga shunday tuyular hozir:
O‘sha mahalladoshim
bizlarni emas,
bahor bilan birga,
boychechak bilan birga,
qo‘shiq bilan birga
kirib kelayotgan
o‘zining hayotiy armoni —
Farzandni
qo‘ymas edi uyiga go‘yo…
Bizning go‘dak niyatimizga
ko‘proq kelinchaklar
va keyin
saksonni yoqalab qolgan kampirlar
hayrihoh edi…

Bolalik xayollari
telba aylaydi meni.
Yuragim qinidan chiqgudek potrar.
Lang ochib yuboraman eshikni darhol
Zinalarni,
beton zinalarni
larzaga keltirib
qadamlari, qo‘shiqlari bilan
kirib kelsa deyman shu asno
qo‘llarida boychechak ushlagan,
boshlariga boychechakdan
chambarlar kiygan
hamqishloqlarim.

Eh, hozirgi bolalar,
boychechak haqdagi
qadimiy qo‘shiqlarni
bilarmikanlar?..
Bolalar
agar o‘rganmagan bo‘lsa,
boychechak haqdagi
o‘sha qo‘shiqni
mayli, o‘zim aytay,
jo‘ralar, tinglang:
Boychechagim, boychechak,
Boychechagim, boychechak,
Bu hovlida kelinchak.
Kelinchakning beshigiga
Farzand bergin bir etak…
Farzand bergin bir etak.
Boychechagim, boychechak…

TO‘RG‘AY

A. O. ga

O‘zing mitti, ko‘zing mitti to‘rg‘aysan,
Nolish aylab yuragimni to‘g‘raysan,
Boshing qafas to‘rlariga urgaysan,
Ne o‘zingni, butun ko‘kni o‘rtaysan,
To‘rg‘ayginam, to‘rg‘ayjonim, to‘rg‘ayjon.

Sog‘inganing yavshanlaru irg‘aymi?
Sog‘inganing olisdagi to‘rg‘aymi?
Bu kun yoring sensiz dilxun yurgaymi?
Ko‘ringandan sho‘rli seni so‘rgaymi,
To‘rg‘ayginam, to‘rg‘ayjonim, to‘rg‘ayjon?

Qafasingni ochib qo‘ydim, o‘ynagil,
Erkinliging jo‘shib-jo‘shib kuylagil,
Kuylolmaslik o‘tlarida kuymagil,
Faqat o‘zni yana aldab qo‘ymagil,
To‘rg‘ayginam, to‘rg‘ayjonim, to‘rg‘ayjon.