* * *
Eru osmon, suv, havoni bergan O‘zing,
Olam uzra kuy, navoni bergan O‘zing,
Qudrating-la yaralgan bir ojiz bandangman,
Dard bergansan, davoni ham bergan O‘zing.
* * *
Demang, dunyo g‘urbatlardan iborat,
Fisqu fujur, g‘iybatlardan iborat.
O‘zligini anglab yetgan insonga
Dunyo dilkash suhbatlardan iborat.
* * *
Yolg‘izlik faqat Yaratganga yarashar,
Hayotda hamrohing, do‘sting bilan yur.
Hamrohning kimligi ko‘p muhim, bilsang —
O‘zingdan bir sifat ustun bilan yur…
* * *
Rizqimiz ochilgan har joy oralab,
Uni terayapmiz goh qo‘l yaralab.
Qaysimiz halol yo harom yeganmiz,
Xudoim Mahsharda olar saralab.
* * *
Ta’magirdan savob ishlar kutmagin,
Hayosizning ko‘chasidan o‘tmagin.
Fanoda shaytonning shotirlari ko‘p,
Bunda yo‘liqqanning dastin tutmagin.
* * *
Aybing bo‘lsa ranging o‘chib yashaysan,
Qo‘rquv, tahlikani quchib yashaysan.
Baloi badlarga giriftor bo‘lib,
Tavahhumga tushib, cho‘chib yashaysan.
* * *
Xotin yomon bo‘lsa, mehmoning ketar,
Farzand yomon bo‘lsa, darmoning ketar.
Hech qurisa biriga insof so‘ragin,
Ikkisi yomon bo‘lsa, iymoning ketar.
* * *
To‘rt tomon nohaqlik degandan ko‘ra,
O‘zing to‘g‘rimisan, qalbingdan so‘ra.
Nafs g‘olib joylarda qachon haq bo‘lgan,
Iymoning but bo‘lsa, haq shu-da, jo‘ra.
* * *
Vaj qidirib yurish shartmas uzoqdan,
Adolatning dasti ketdi shilinib.
Kechda nokas Sherga qo‘ygan tuzoqqa
Tongda sodda Quyon qoldi ilinib.