Islomjon Qo‘chqorov (1993)

Islomjon Qo‘chqorov 1993 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

* * *

Tilimni chayon chaqsa, dilim chin ayt deb tursa,
Ichimda bir hur ovoz, o‘zingga qayt deb tursa.
Tushimda Temur bobom ot chopib, “hayt!” deb tursa,
Daralar sergak tortsa, men esa uyg‘onmasam.

Mudrab yotgan qonlarim tomirimda gupursa,
Xotirim kim eding, deb mudom so‘roqlab tursa.
Ko‘kdagi million ko‘z kimligim ko‘rib tursa,
Koinot to‘lg‘onsa-yu, men esa to‘lg‘onmasam.

Bobomning peshonasi egatdek chiziq-chiziq,
O‘tmishi qulf osilgan sandiqdek qiziq-qiziq,
Vaqt hukmida tuyg‘ular, rishtalar yuluq-uzuq,
G‘aflat mendan tonsa-yu, men undan tonolmasam.

Vatan! Vatan! deymanu kalomim soxta, siniq,
Uning hovuch tuprog‘i ma’volari oq, tiniq.
Bu diyorning mash’ali iymon-la mudom yoniq,
Men kim bo‘ldim, gar uning qadrini anglolmasam.

Xalqim, mehring ziyosi ko‘nglingga boshlab borsin,
Hazrat Navoiy yurgan yo‘lingga boshlab borsin.
Bosh ustiga sinovlar, yo‘lga dard tashlab borsin,
Oshiq yo shoirmasman shu darddan so‘z termasam,
Sening o‘g‘loningmasman, “Vatan!” deb jon bermasam.
Yashaganim ham yolg‘on shoningga shon bermasam,
Ona, o‘g‘lim demagil, kuningga yaramasam…

* * *

(Ch. Aytmatovning “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasini o‘qib)

Chayqalib boryapman to‘lqinlar aro,
Dengizda oq bulut – manzil yo‘qolgan.
Mening ham qayig‘im bir motamsaro,
Mening ham osmonim yulduzsiz qolgan.

Unutib qo‘ydim men tashnaligimni,
Sening izlaringdan suzib boraman.
Kirisk, qabul et oshnaligimni,
Dardingni ich-ichdan sezib boraman.

Mana men boryapman, chidagin picha,
Etsam, otangni ham saqlab qolamiz.
Milxunga ayt: kutsin men borgunimcha,
Ovchilik nomini oqlab qolamiz.

Oqsoqol O‘rxonning tamakisini
Chaqmoqning o‘tida tutatamizmi?
Axir men sezyapman Yerning isini,
Safarni shu yerda tugatamizmi?

Umiding so‘nmasin, kuchli bo‘l, oshna,
O‘zingni saqlagin telbaliklardan.
Bizni kutayapti buloqlar – tashna,
Umbaloq oshamiz tepaliklardan.

Oving yurishmadi ovulingga qayt,
Ochiq yaralaring endi kim yopar?
Biz keldik, eng mungli qo‘shig‘ingni ayt,
Sohilda intizor turgan olapar.

* * *

Qismat, dedim, dod dedim,
Qo‘llaringni tort dedim.
G‘amingni yelkamgamas
Yuragimga ort dedim.

Yo‘lim to‘ldi toshlarga,
Ko‘zim to‘ldi loshlarga.
Yuragim, bu g‘amlardan
Omonlik yo‘q boshlarga.

Kuz ko‘rdim ko‘rmayin yoz,
Yuz ko‘rdim ko‘rmayin yoz.
Dunyodan so‘raganim
Mehr edi-ku, xolos.

Tangrim, shul holimga boq,
Yo‘limda mingta tuzoq.
Sen tomon otlanganning
Manzili buncha uzoq.
Buncha uzoq…

YIG‘LAMA OSMON

Nega bunday yig‘laysan, osmon,
Senga tutar dastro‘mol qayda?
Ko‘zyoshlaring yutib ketar Yer,
Oftob chiqsa, bug‘ ko‘tarilib,
Qurib ketar bu eski jayda.

Nega bunday yig‘laysan, osmon,
Kel, yaxshisi, ustimizdan kul.
Biz yig‘laymiz sening o‘rningga,
Qara, o‘zi shundoq ham zamin
Bag‘ri tilka, yanoqlari ho‘l.

Endi bunday yig‘lama, osmon,
Erimaymiz – diydamiz qotgan.
(Hayron qolar joyi yo‘q buning)
Yig‘lab-yig‘lab charchagan dunyo
Ko‘zyoshining loyiga botgan.

Yig‘lama osmon…