ShOIR BO‘LDIK SENDAN AYRILIB
1
O‘, telba yuragim, tentak yuragim,
Sinfdosh go‘zalga ermak yuragim.
Sen istab, men majbur kirgan bu bog‘dan,
Nasib etmadi gul termak, yuragim.
Gul deb tutganimiz tikonlar bo‘ldi,
She’r deb aytganimiz fig‘onlar bo‘ldi.
Birov dalli dedi, birov devona,
Aqli butligimiz gumonlar bo‘ldi.
Tilim yetgan joyga qo‘lim yetmadi,
Dunyo yetdi menga, gulim yetmadi.
O‘, telbam, tentagim, oshiq yuragim,
Kutdik, hatto bizga o‘lim yetmadi.
2
Men ham yigit dedim, men ham mard dedim,
Yuragim, ko‘zingni darrov art, dedim.
Bizning qadrimizga yetmadi bu qiz,
Shaharga ketamiz, endi hayt, dedim.
Hali izlab borar ortimizdan u,
Shaharda tentirab ovora bo‘lsin.
Kim ko‘zga ilardi, qishloqi qizni,
Undan-da go‘zallar borligin bilsin.
Qirq yonda qirq pari ikkovimizni,
Qo‘ltiqlab yurganin yig‘lab kuzatsin.
Jahldor otasi uni bizgamas,
O‘zidek to‘pori erga uzatsin.
O‘, hali ko‘rasan ikkovimizni,
Izimizni ko‘zga surtadi bu qiz.
Qozondagi oshi, chovgumda choyi,
Egani, ichgani bo‘ladi afsus…
3
O‘n yil o‘tdi, hali unutmadingmi?
Buncha ham yig‘loqi bo‘lding, yuragim!
Uning ko‘-o‘-o‘p farzandi, mening o‘g‘lim bor,
Baribir har sahar uni so‘rading.
To‘g‘ri, aytganchalik mashur bo‘lmadik,
Qizlar qaramadi, hatto qayrilib.
Topgan-tutganimiz o‘zimizniki,
Faqat shoir bo‘ldik, undan ayrilib…
4
Bugun u bizlarga peshvoz chiqadi,
O‘, bechora yurak, bardam bo‘l endi.
Ko‘ziga o‘zingni baxtlidek ko‘rsat,
Bir kun yig‘lamagin, bir kun kul endi.
O‘zingni shundayin beparvo tutki,
“Siz kimsiz, biz sizni tanimadik”, de.
“Hamma sinfdoshlar yodimizda bor,
Biz sizni sinfdosh sanamadik”, de.
Yozgan she’rlarimiz sizga emas, yo‘q,
Boshqa go‘zallarga atalgan, deb ayt.
Xotirdan chiqibsiz, uning yo‘liga,
Ulkan muz tog‘lari qadalgan, deb ayt.
Biz o‘n yil yig‘ladik, u ham bir marta,
Yig‘lasa yig‘labdi, devona bo‘lib.
Faqat bir kun chida. Keyin… mayliga –
Ikkimiz yig‘laymiz shaharga kelib.
SENI SEVMAY QO‘YDIM
Seni sevmay qo‘ydim, rosti gap,
Eslamay ham qo‘ydim, ko‘p bo‘ldi.
Garchi quvonchlardan mahrumdir dilim,
Garchi hijron uni boshpana qildi.
Garchi eslamadim seni bir lahza,
Garchi jilovladim tuyg‘ularimni.
Faqat yuragimda mening ismimsiz,
Yashayverding boqib qayg‘ularimni.
Garchi men hammadan seni yashirdim,
Engib yashayoldim o‘zimni-o‘zim.
Faqat… Men barini inkor etaman.
Faqat… Fosh etadi sevgimni ko‘zim.
Garchi takrorlayman, “Sevmayman seni,
Yodlamay ham qo‘ydim, gapning rosti shu.”
Faqat… Kulgularim sen bilan ketdi.
Faqat… Qoldi menda muzlagan tuyg‘u.
QADRIMGA YeTMADI BIR SULUV
Qadrimga yetmadi bir suluv,
Men seni qadringga yetmadim.
Ko‘nglimdan ketmadi bir suluv,
Men seni ko‘nglingdan ketmadim.
Yostig‘im ko‘zyoshdan bezillar,
Eslasam… Og‘riydi qovurg‘am.
Sen bilding… Men bildim… Umrimni –
Hijron shamoliga sovurdim.
Endi tosh tinglaydi dardimni,
Bag‘ritosh eshitmas… Eshitmas!
Sen-u men… Qo‘y endi baribir,
Ruhim yarador qush, yarasi bitmas…
SARKAShIM
Sarkashim! O‘, mening sevgilim!
Dunyodan toq o‘tib bilmadim.
Dardimni na otam, na onam,
Na-da, sen… Bilmading, bilmading.
Endi men uylansam, gunohi,
Tutgaydir seni ham, meni ham.
Muhabbat haqqini so‘raydi,
Hattoki, qiyomat kuni ham.
OTAMNING DEGANLARI
Bolam, endi muhabbatni qo‘y,
Yozaverma bahorni, gulni.
Shoir bo‘lsang, avval yerni suy,
Yozar bo‘lsang, uyg‘otgin elni.
Dengizing ko‘l, tuprog‘ing og‘u,
Senchi, maqtayapsan o‘lik bulbulni.
Agar bo‘lolmasa xalqingga madad,
Sug‘urib tashlagin bog‘zingdan tilni.
Bolam, yozar bo‘lsang, haqiqatni yoz,
Qo‘rqmasdan ochaver endi ko‘ngilni.
Bardosh berolmasa, kul bo‘sin qog‘oz,
Elni uyg‘otmoqqa cho‘z endi qo‘lni.
Bolam, safsatani bir chetga qo‘ygin,
Etar ta’rif qilmoq sochi sunbulni.
Endi “elim” degin, “tilim” deb yozgin,
Bo‘lmasa oq qilgum sendek o‘g‘ilni!
QUTIDAGI XAT
Tun og‘di.
Bu yerda baribir.
Sarmast chayqaladi davralar.
Yodimga tushar-u, huv olis –
Qishlog‘im, bo‘gzimga tosh qalar.
Qadahdan oltinrang sharobning,
Toshishi zavq bermay qo‘yadi.
Ul olis qishloqning go‘zali,
Shaharlik shoirni suyadi.
Uzun tun yig‘laydi, qo‘yadi,
Hech kimga aytolmas dardini.
Yuragim… Bunchalar kuyadi,
Bu o‘shal suluvning yodimi?
Pinjimga tiqilar bilmayman,
Davradosh bu qizning otini.
Balki…
Kim biladi…
Bilmayman –
Bu ham bir bebaxtning xotini…
Ertalab qutidan olaman,
Qishloqlik suluvning xatini –
“Qishloq ham unutdi, uni unutgan,
Shaharlik shoirning otini!..”
MENING O‘JAR BOShIM
Mening o‘jar boshim,
Mag‘rur boshimda,
Har kuni yuz qilich sinadi, ota!
Egilay deyman-u, bu bosh bo‘ysunmas,
Yana uzilib ham tushmas joyidan.
Ba’zida do‘stlarim, ba’zan “katta”miz,
Xususan darg‘azab muxoliflarim.
Ba’zida pichirlab, ba’zan baralla –
“Bu o‘jar bolani,
Mag‘rur bolani
Boltalamoq kerak, -derlar, poyidan!”
Na boshim kesilar,
Uzilmas poyim.
Bu qanday sinoat, aytgin, otajon?
“Bolam, unutmagil, sening zuvalang,
Olingandir O‘JAR
O‘ZBEK LOYIDAN!”
“SO‘Z” DOSTONIDAN
Men ham bir bolaman, o‘zbaki, sodda,
Huv olis qishloqda nomim ko‘p ulug‘.
Unda shotutlar ham, shoteraklar ham,
Har bitta she’rimni qiladi qutlug‘.
Unda paxtazorlar, bedazorlar ham,
Hatto yulg‘un bosgan biyday dalalar.
“Bizdan shoir chiqqan, Toshkanda”, deydi,
Eshakka teskari mingan bolalar.
Unda ariqchada jildiragan suv,
Hatto chaqirtikan, yantoqlar do‘stim.
Men-chi? Bu shaharda ulg‘aydim… Faqat –
So‘zni aytib emas, So‘zni yeb o‘sdim.
Unda ketmoniga aytsa-da dardin,
Otam g‘oz yuradi, yo‘limni poylab.
Onam o‘z-o‘ziga so‘zlanib qo‘yar –
“Ishi juda ko‘p-da, kelmaydi oylab”.
Unda tuproqko‘cha, meni sog‘ingan –
Singlimning poyiga bosh urar har kun.
“Hech bo‘lmasa meni eslamaydimi?”
To‘qson yoshli momom, pichirlar horg‘in…
Bunda men qishloqi, o‘zbaki shoir,
Bir So‘zni aytolmay, yutolmay halak.
Kunduz bo‘yinbog‘lik mag‘rur qiyofa,
Tunlar to tonggacha yig‘lab chiqaman –
“Nega shoir qilib yaratding falak?..”
***
Sizga ham gal kelar, hali ko‘p shoshmang,
Bu charh tegirmoni ko‘plarni yutgan.
Yarim yerni olib, dunyoni olib,
Necha nomdor shoh-u, amirlar o‘tgan.
Asli biz talashgan dunyo nimadir?
Siz So‘zni sotasiz, men So‘z yutaman.
Qo‘rqmang, shoir degan yorliq sizniki,
Shu shahar ham sizga mendan esdalik.
Men hujjatsiz shoir bo‘lib bir kuni –
Baribir qishloqqa qaytib ketaman.
***
Endi hayqirmoqning payti ham o‘tdi,
Davri o‘tdi yaltur-yultur she’rlarning.
Baytlarini ko‘zga surtmoqlik kerak,
Ahmad Yassaviydek pirlarning.
Endi paxta o‘qlar otmoqlik nechun,
Shundoq ham Azroil bir-bir otadir.
To‘rt oyoqlik hamma mingan cho‘bir ot,
Gali bilan menga, sizga yetadir.
Endi Navoiyni bir yig‘lab o‘qing,
Besh yuz yil narisi bo‘zlar “Munojot”.
Siz meni kechiring, men esa sizni,
Axir hammamizga yetar cho‘bir ot.
Xo‘p, deysiz. Baribir yuragingizni –
Bir qurt kemiradi, uxlayolmaysiz.
Chunki siz she’r o‘qib, hali-ku birov –
Hattoki o‘zingiz yig‘layolmaysiz…
XUDOYoR AKAGA
Raqib bilganlarim qo‘rqoq, deb aytsa,
Do‘stim dushman undan behroq, deb aytsa,
G‘ururi osmonmas, tuproq, deb aytsa,
Ko‘zim, yoshlaringni yurakka yashir.
Bevafo atasa ortimdan sanam,
Bebosh deb qarg‘asa, tuqqanim onam,
Aybsiz ayblovlardan titrama, tanam,
Tanam, titrog‘ingni yurakka yashir.
Lekin vijdon meni inkor etgan kun,
Iymon, e’tiqodni inkor etgan kun,
Ruhim, soqiy bo‘lib ajal mayin sun,
Azasiz, ko‘zyoshsiz tuproqqa topshir.
DAVRALARNING TO‘RI SENIKI
Davralarning to‘ri seniki,
Senga intiq parqu bolishlar.
Senikidir shuhrat, shon, boylik,
Faqat yuragingda qarg‘alar qishlar.
Menikidir so‘kishu, to‘qmoq,
Senga tekkan barcha olqishlar.
Faqat menga nasib etgandir,
Dunyodagi eng shirin tushlar.
TUShLARINGGA KIRIB BORAMAN
Bir kun tushlaringga kirib boraman,
Bermagan bo‘lsangda sen bunga izn.
Biri birisidan shirin uxlaydi,
Bir yonda o‘g‘ling-u, bir yonda qizing.
Ortga qaytmoqlikka imkon-iloj yo‘q,
Muhabbat degani… zanglagan qilich.
Senga ataganim, asraganimni,
Ikki dilbandingning qarog‘idan ich!
MENGA OSON TUTMA, SEVGILIM
Menga oson tutma, sevgilim,
Hijron sira bo‘lmadi sirdosh.
Kunlar mag‘rur yashadim, biroq –
Tunlar Armon bo‘ldi yostiqdosh.
“Kel”, demoqqa aylanmas tilim,
Garchi dilim xuni biyrondir.
Ko‘rsam…
Qaramasam…
Qarg‘ama! –
Yurak yo‘llaringda giryondir.
Yuqoriga qaytish
ChIROYLI O‘LIM HAQIDA
Ruhlar mozoridan o‘tayotgandim,
Qulog‘imga bir ingroq indi.
Soqiy yuragimning qonkosasiga,
To‘ldirib hayratning mayini sundi.
Qayrildim,
Qaradim,
Jon talash yotgan,
Ruhning o‘limini tomosho qildim.
O, qanday chiroyli o‘larkan ular.
MEN MUHABBAT ATAGAN TUYG‘U
Men muhabbat atagan tuyg‘u,
Bozorlarda sotilmaydi, yor.
U sen kutgan oniy bo‘samas,
Sho‘rlik boshga erta yoqqan qor.
Men muhabbat atagan tuyg‘u,
Ko‘rgazmada turmas osilib.
U ko‘kdagi ilohiy kuchdir,
Yurib bo‘lmas ko‘krakka ilib.
Men muhabbat atagan tuyg‘u,
Tan olmaydi shuhratni-shonni.
Har lahzada kechmog‘im mumkin,
Agar inkor etsa vijdonni.
Men muhabbat atagan tuyg‘u,
Yangi qorga ilk bor tushgan iz.
Qo‘y, parivash endi foydasiz,
Bo‘lolmading men izlagan qiz…
SEN HAQDA
Sen haqda yozmoqchi bo‘lganimda,
Qog‘ozga quyula boshlaydi.
Yo‘q. Jo‘shqin she’r emas.
Nuqtalar.
(Nuqtalarki, hatto yulduzlardan ko‘p.)
Men… Nuqtalar.
Seni… Yana shu ahvol.
Kel,
Yaxshisi, o‘sha So‘zni,
O‘zing yozaqol!
Yuqoriga qaytish
KUMUSh BU – TUSh
Kumush – bu tush,
Otabek – o‘trik.
Marg‘ilonda o‘tmagan ular.
Qodiriy yo‘q.
“Do‘stlari” tirik,
O‘z xalqini “sotmagan” ular.
Ular yaqin, ular xalqqa do‘st.
Xiyonatni bilmagan ular.
O‘tmish – bu tun.
O‘tgan yangi kun –
Yo‘qlar, do‘stni sotmagan ular…
Bir sir ayon,
Mehrobdan chayon,
Chiqib chaqdi elning yuragin.
Birda marddan,
Birda nomarddan,
Qodiriyning ruhin so‘radim.
Tarix – yolg‘on.
Tarix – riyokor.
Ra’no – bu tush.
Anvar bo‘lmagan.
Bo‘lsa qani?!
Tarix – jim, soqov.
Chayonlari hali o‘lmagan…
BIR KUNI TARK ETSAM…
Bir kun men tark etsam fanoni,
Qon yig‘lab kuzatsa tog‘-toshlar.
Mayli, sen chiqmagin uzatib,
Tilayver,
… O‘zingga,
… Bardoshlar.
Bir kun men qaytadan tirilsam,
Xush-xandon kulsalar tog‘-toshlar.
Endi sen qarshi ham olmasdan,
Tilayver,
… O‘zingga,
… Bardoshlar.