Ibodat Rajabova (1956)

1956 yilda tug‘ilgan. Samarqand Davlat pedagogika institutining filologiya hamda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetlarida o‘qigan.
Uning “Osmondagi farishta”, “Buxoroda gujumlar gulladi”, “Qush kiprigi” singari she’riy hamda bir qator nasriy-tarixiy asarlari chop etilgan.
Ayni paytda, “Buxoro oqshomi” gazetasida faoliyat yuritmoqda.
BOBOM ShAHAR KETDI

Nimdosh xurjun obdon yuvildi.
Ko‘ylak-chalvor tikildi yangi.
Kovush, mahsi moylangach, sekin
Hassaning ham o‘zgardi rangi.

Ot yoliga taroq berdi zeb.
Qo‘lro‘molga sepildi gulob.
Puflab-puflab uzum uzildi,
Tom boshiga kelganda mahtob.

Yog‘li kulcha hidi anqidi,
Soz idishga sig‘di sariq yog‘.
Masjid ustun hansirab chopdi,
U ulovga minib ketar chog‘.

Itimizning fe’li buzildi.
Sal-pal hordiq chiqardi ketmon.
Qamishqalam siyohdon minib,
O‘tib ketdi qo‘shni uy tomon.

“Men ham…” dedi sarhovuz toli.
Sal ranjigan bo‘ldi uygujum.
Qo‘riqchining ketganin ko‘rib,
Qushlar boqqa yoprildi shu zum.

* * *

Bu dunyoning zorlari,
Yuragimdan tashqari,
Yashil ko‘nglim ichida,
Gulchanglarning safari.

Moy qog‘ozdan moy ichdi,
Belbog‘ingiz gullari.
Zarafshonning zaridan
Go‘shanga tikdi pari.

Chorbog‘i shom qizardi,
Devorlari nilufar.
Yalpiz tuggan urug‘lar,
Falakdan oldi xabar.

Qarsak chaldim Jamshidning,
Jomlari sharbati dil,
Tug‘ poyida bosh urdim
“Mashrab turgil, tur, tiril!”

Qalamimning kovushi,
Poygakni qilsa mehrob,
Buxoroning bazmlari
Gulxona bo‘ldi, oftob!

KO‘NGLIMGA KIRGANING MUBORAK

Ko‘zguning ortidan yugurdim,
Kiprigim mulkiga sig‘di shom.
Bo‘ynimga marjonday osildi,
Xayyomni qo‘msagan eski jom.

Boshimni osmoncha ko‘tardim,
Elkamda qush yozdi joynamoz.
Tohirlar sandig‘in ichidan
Qulf buzib topganim ko‘k parvoz.

Kulgungni to‘tiyo shimdi-yu
Duolar bo‘lganda dilqalqon.
Yonimda turganing nuridan,
Belimni bog‘ladi Zarafshon,
Ko‘nglimga kirganing muborak…

YoZ RANGI

Ninachi qiz turmushga chiqdi,
Kuyov qildi bir davra ari.
Teraklarni titroqqa qordi,
Qovunlarning pishgan xabari.

So‘qmoqqamish qayrilib o‘ynar,
Boshlarida shamol yelpig‘ich.
Shomdan o‘zin maqtashga tushar,
Chigirtkalar tili bir qarich.

Kunda yuzin ming bor yuvadi,
Chig‘irlarga yopishgan ko‘za.
Tutuntandir hididan sarmast,
Dasturxonlar tortar xomuza.

Aravalar qishloq qayig‘i,
Chumoliday uyg‘onar sahar.
Qish kosasi oqarmas edi,
Shu xo‘rozlar bo‘lmasa agar.

Bir-birini qitiqlab kular,
Suvto‘lqinning erka qizlari.
Tokzor tomon chopib boradi,
Kirpilarning tungi izlari.

KATTA HOVLI

Onam — olma daraxti,
Otam — qishloqiy terak.
Bobom der: “Uylan bolam,
Uyimga mehmon kerak!”

Onam xutba tingladi,
Otam gullashga intiq.
Bobomning cho‘ntagidan
Chopib chiqdi chimildiq.

Onam kunga suyandi,
Otam sanab yurdi oy.
Bobomning keng hovlisi,
Qushchalardan bo‘ldi boy.

Onam — ona qaldirg‘och,
Otam endi qaynarqum.
Bobomning tizzasida,
Ulg‘ayyapti o‘n gujum.

XAZONREZ

Yomg‘ir yana donolik qildi,
Yaproqlarni yuvib qo‘ydi shom.
Loyshuvoqqa botmas tomchini,
Tarnov tomon yo‘llab qo‘ydi tom.

Xurmozorlar kamzuli shohiy,
Yarqiraydi chiqqanda oftob,
Nastarinlar to‘pdan bo‘y cho‘zar,
Erta-indin bo‘lay deb gulob,

Bog‘ darchalar xuddi Iskandar…
Daraxt yukin o‘lchar o‘lchagich,
Tarozilar falakka qaytgach,
Qatortollar chaynaydi saqich…

BOLALIK

Suvyalpizga tushimni aytdim,
Sohillarga chalib berdim nay.
Tomga chiqsam shabada chorlar:
“Kel, sochingni men o‘zim taray!”.
Qo‘zigullar kulishni bilar,
Chumolilar kiymaydi kavush.
Qishloqdagi kishmish ishkomlar
Sanoqlarin aniq bilar qush.
Ninachilar ko‘zlari kosa,
Ko‘zgularga sig‘maydi boshi.
Suzma xalta teshar hakkaning
Menga yoqmas o‘g‘ri qaroshi.
Varragimni buzib ketdi do‘l,
Iplarini izlaydi kaptar.
Sahro qizil qabo kiyganin
Qizg‘aldoqlar berganda xabar.
Yaltir-yultir tilla qo‘ng‘izlar
Ko‘z o‘ynatib uchsa to‘rt tomon.
Hayron, ular ortidan ketdim…
Hamon uyga qaytishim gumon…

BEShIKSOZ

Kunduzlarni siylab ishlaydi,
Oq tunlardan kiyadi po‘stin.
Hovlilarning to‘ri-to‘ridan
Tushida ham izlaydi do‘stin.
Daraxtlarning po‘stlog‘in hidlab,
Yog‘ochlarning qarichlab belin,
Terakzorga sovchiday borib,
Do‘koniga tushirar “kelin”.
Gulkosalar tebranishlari
Namoziday bo‘lib ketgan yod.
Qoratollar ikkinchi umrin
Beshik qilib aylaydi obod.
Ko‘zmunchoqdan tanlab qorovul,
Bolaridan chorlab xaridor,
Bog‘isiriq tutatib oqshom
Tol beshikka surtadi ohor.
Sachratqigul sakrab ketadi,
Juftin chorlab sayrar humoyun.
Layli dovcha yeganin ko‘rib,
Borar beshikbozorga Majnun.

“Gullayotgan o‘rik” surati

Tuyakashday shamol jonsarak,
Bolarilar “noxanda” mehmon.
Yulduz qulay deydi osmondan,
Oy labini tishlar hayajon.
So‘zsiz qo‘shiq yangrar. Novdalar
Gulob yutgan kabi shaydoyi.
Hovuch-hovuch kurtakchalarning
Keng bag‘rida yurakning joyi.
Tebranishga tushar gulchanglar,
Quyosh doya kabi ko‘p diqqat.
O‘q ildiz bir tebranib ketgach,
Ko‘zin ochar sanoqsiz xilqat.
Daraxt boshdan ildizigacha,
Chopib borar yashil farog‘at.
Mo‘jaz bog‘in mushkboron qilar,
Bir oyoqda turgan gulsavat…

MUG‘ANNNIY

Qumsoatday to‘kilib turar,
Manqal misol borlig‘i otash.
Hatto uzoq-uzoq yo‘l bosib,
Suhbatiga kelar tuyakash.
Karvonsaroy lutfiga mahtal,
Shohdarborda joyi-dilbayroq.
Hamma qamish misol terlagach,
U poygakda chiqarar charchoq.
Qo‘lin cho‘zsa suvyalpiz ham ud,
Puf-puf desa, surnay-sanduvoch.
Soz pardasin atrofida tun
Halqa bo‘lib uxlar qayrag‘och.
Laylivashlar gardipoi u,
Ohang bo‘lar ko‘ngil yarasi.
Ba’zan tanbur yuziga og‘zin
Qo‘yib kuylar yurak pardasi.
“Savti a’jam” avjida qishlab,
“Saraxbor”dan chiqib kelsa shom.
Ud mizrobin kaftini hidlab,
Changlanishga ulgurar bodom…

ONAM XOTIRASI

Uchar gilam endi uchmaydi,
Yoriltosh ham yorilmas takror.
Onam ko‘zin yumgandan beri
Menga ertak aytmaydi bahor.
Suvparilar suv bilan ketdi,
Qaynarxumcha endi chig‘anoq.
Qo‘ziqorin qalpog‘in kiyib
Tokzorlarda yurar shamchiroq.
Qaldirg‘och ham ilonga oshna,
Ochilmasdan yotar dasturxon.
Baqaterak baqrayib qoldi.
(Xo‘rak izlab yurar palaxmon.)
Bolarilar yovvoyi yo‘rg‘a,
Gavhar emas shamshod yaprog‘i.
Jala kuni ko‘prik bo‘lmaydi
Misqol pari kumush tarog‘i.
Kurash tushmas quyun-la botir,
Beshik yasab, semirmas laylak.
Oltin tuxum qo‘yar tovuq ham
Izlab yurar hovlida katak.

IIZLADIM

Ko‘zingni ko‘zimdan izladim,
Dunyoni qopladi xavotir.
Boshini “Yosin”ga o‘qitdi,
Gulanjir, gulanjir, gulanjir.
Izingni yo‘llardan izladim,
So‘qmoqlar jam bo‘lib chaldi ud.
Xudoning oldidan qaytmadi,
Mashrabni og‘ritgan shom sukut.
So‘zingni olovdan izladim,
Vulqonni sug‘orar ko‘r rohib.
Mayxunlar yuragi yorilar:
G‘aroyib, g‘aroyib, g‘aroyib.
O‘zingni o‘zimdan izladim,
O‘ng ko‘ksim ichida koshona.
Men ichda yashasam, tashqari:
Vayrona, vayrona, vayrona.
Ko‘zingni ko‘zimdan izladim…