Husan Maqsud – 1991 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini bitirgan. “Oshiq sharhi holida badiiy san’atlarning o‘rni (Alisher Navoiyning ishqiy g‘azallari misolida)” risolasi chop qilingan.
* * *
Ko‘zlaringning kengliklarida
Qalbim uchar misoli bir qush.
Ko‘zlaringning kengliklarida
Tunab qolib, ko‘radirman tush.
Ko‘zlaringning kengliklarida
Darbadardir ruhim karvoni.
Sening ko‘ngling nurga to‘liqdir,
Men tomonda hijron davroni.
* * *
Ko‘zida yosh bilan keldi bir bola,
Onasi oldida bosh egib turdi.
Yig‘idan to‘xtolmay, ingragan holda,
Aytdi: “Ona, meni bir bola urdi”.
Kajraftor dunyoning ishlari qiziq,
Echilmas jumboqlar o‘ylab topadi.
Jazolangan odam yoshin oqizib,
Kimningdir oldiga darrov chopadi.
Odamning zarbini odam ko‘tarar,
Har og‘ir damda ham topilgay imkon.
E, voh, g‘azablanib Xudo ursa gar,
Kimning panohiga qochgaydir inson?
* * *
Kel, ko‘zingga yashirgin meni,
Kipriklaring ostida yashay.
Vatan bo‘lsin ko‘zlaring sening,
Ashking bo‘lib chashmingda toshay.
Sochlaringga o‘rab ol, erkam,
(Sunbullarni, aytgin, netayin?)
Qahraton payt kokillaringni
Makon aylab, qishlab ketayin.
Nafas olsang, ruhingga singib,
So‘zlaringday bo‘g‘zingda tursam.
Vujudingda, tomirlaringda
Qoning bo‘lib, ko‘pirib tursam.
Qudrat ato etsa tabiat,
Kimsa yetmas, baxtlarga yetsam.
Hamdlar aytib, suyunchi so‘rab,
Yaratganga maktublar bitsam.
Dil eshiging ochib qo‘y, kiray,
Unda yashay, ko‘ngil, iltimos.
O‘lsam, faqat qalbingda o‘lay –
Yuragingga ko‘mgil, iltimos.
Paradoks
Qushlar kabi ne bor: go‘l, sodda,
Ular uchun qilgayman afsus –
O‘zi ozod bo‘lmagan zotdan
Hurlik so‘rab boqadi ma’yus.