Hamroqul Asqar 1959 yili Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan. ToshDPIning filologiya fakultetini bitirgan.
* * *
Bunda barcha notiq, aqlli,
Oshkora aytadi har kim so‘zini.
Ma’ruzalar tagdor, naqllik,
Arbob sanar endi barcha o‘zini.
Kimdir tosh otadi olis tarixga,
Kimdir shu bugundan so‘zlaydi yonib.
Vo ajab, tang kelsa ne ulug‘ zotlar
Bergan va’dasidan ketarkan tonib.
Nodonlar ilkida orif qismati,
Ruhsiz surat kabi tebranar hayot.
Imon cho‘g‘i o‘chgan, yuraklar beo‘t,
Ahli jamoani bosmish xurofot.
Ming xil nag‘masi bor so‘zamollikning,
Oqillar avomga boqar jovdirab.
Ustasi faranglar faylasuf yurtda
Haqiqat daraxti qolar qovjirab.
Har kas muammoni hal etar o‘zga,
Go‘yo bo‘lmaganday hech bir talofat.
Go‘yo aldamagan hech kimsa bizni,
Kapalak berganday filga kafolat.
Jaholat kaltagi tanlamas odam,
O‘zini bilganga najotdir uzlat.
Barcha xoinlikka ko‘nikkan damda
Oddiy odamlik ham buyuk fazilat.
* * *
Ikki oraliqda charchadim, toldim.
Ikki oraliqda qiynaldi jonim.
Bir-birin tan olmas bu ikki taraf,
Kimniki bo‘lursan endi, imonim.
ShAHAR
Kezdim —
shaharlarni sarson, sargardon,
Menga sog‘inmoqni o‘rgatdi shahar.
Musofirman deya hayqirdim nolon,
Ona qishlog‘imni ko‘rsatdi shahar.
Dedi:
qishloqqa bor, yurma sarg‘ayib,
Shudgor qil, ekin ek, uyingda yasha.
Shahar ulkan edi, qoldim mung‘ayib,
Javob qilolmadim unga yarasha.
Balki,
men holimni bilmasman ayon,
Tomirda Mashrabmi, Furqatning qoni.
Ko‘rdim, umri uysiz o‘tgan shoirlar
Nomiga qo‘yilmish shaharlar nomi.
* * *
Sen meni erkala
Dunyoning eng go‘zal so‘zlari bilan,
Sen meni erkala,
Sen meni qizg‘on
Eng rashkchi ayolning ko‘zlari bilan.
Bir seni sevdim de, shivirla
bul qovjiroq quloqlarimga.
Sen meni quchoqla,
Sen meni o‘pgil.
Saboday singib ket quchoqlarimga.
G’arib bir titroqda vujud yonmoqda,
Meni bag‘ringga bos,
Erkala, gulim.
Men hayotni sevaman juda,
Men mehrga zorman, sevgilim…
* * *
Eng toza ko‘ylaging egningda,
Eng totli so‘zlarni so‘zlading.
Bilmadim, ne kechdi ko‘nglingda,
Ernimi, falakni ko‘zlading?
Sen zaminda tug‘ilib o‘sgan,
Samovatda yayragan malak.
Mayli, jahon hajringda kuysin,
Chunki sening o‘rningdir falak.
Fazolarni kezsang yarashar,
Boqma bu dunyoning erkaklariga.
Qo‘lingni ber, olib ketayin
Muhabbat mulkining ertaklariga.
Kunlar chiqsin ko‘nglingga qarab,
Oylar botsin ko‘nglingga qarab.
Shabbodalar quvonchdan tolsin
Sening sunbul sochlaring tarab.
Kel, bir nafas yonimda o‘ltir,
Ko‘zlaringdan o‘payin suyib.
Vohki, qalbi toza insonning
Diydoriga bo‘lmas hech to‘yib.
TOPDIM
Mavlon akaga
Eng og‘ir chog‘da ham bir panoh topdim,
G’animlar ichra ham xayrxoh topdim.
Dedim: qoldim do‘stsiz, beimkon, g‘arib,
Shunda ham holimdan bir ogoh topdim.
OTLIQ AYoL
Otning tuyoqlari, qayroqday sag‘rinlari,
ot ustidagi ayolning kibrli iyaklariga mos
tik va mag‘rur qomati,
jilovni jahd ila tutgan oppoq qo‘llari,
go‘zal juft cho‘qqi yanglig‘ ko‘kraklaridan
shavq ila bexavotir o‘rmalayotgan nigohlarim
quyoshga topinayotgan otashparastdek
uning ko‘zlari sohilida benajot yiqildi…
Men uyat va ojizlikdan o‘girilib —
ot minib borayotgan ayolning ko‘zlariga
tikilishga botinolmayotgan minglab
odamlarni ko‘rdim ortimda.
XOTIRA
O‘sha tun barcha aqllar
yuraklar ishlab chiqargan iztiroblardan
unumli foydalanish haqida bosh qotirar edilar.
O‘sha tun
beg‘amlik va ishratda semirib ketgan hilol
madhiyaboz yulduzlar iskanjasida sarmast edi.
O‘sha tun
quyosh qaylardadir shug‘ullanardi oltin savdosi bilan,
O‘sha tun
butkul oqarib ketdi
mening qalbimdagi ayol sochlari…
SAMARQAND ZIYoRATI
Miltiq ushlamadik,
osmadik qilich…
qurollanib qaytdik qoshingdan.
* * *
Nega buncha fig‘oning falak?
Bu gaplaring odobdan emas.
U o‘zini baland olmadi,
Sen sha’ningni past tutding xolos.
MIRTEMIR O‘GITI
…Yassaviy mozorin ziyorat etdik,
Yurakni g‘ijimlar poyonsiz kadar.
Aslida biz sening ushog‘ing edik
Seni tan olmadik, ey buyuk padar…
Adolat dunyoning qiblasi erur,
Bo‘g‘zimda jon berar haqiqat, og‘riq.
Endi ko‘ksimdagi muzlarim erir,
«Falak bog‘chasining gullari sarig‘…»
Sen aslo gullarga tegmagin, o‘g‘lim,
Ko‘zlaring hamisha hayqirib tursin.
Gar shoir zotini qo‘rqitsa o‘lim,
Uni qog‘oz ursin, uni so‘z ursin.
Mening ham sochlarim gulladi shu tob,
Ildizga aylandi shu vujud, shu tan.
Yana kun chiqardan porlaydi oftob,
Uyg‘ona boshlaydi qadim Turkiston.
Ey, sen shu Vatanning umidi, ko‘rki,
Mening bolajonim, mening tirnog‘im.
Kimlarga ishonib yuribsan o‘zi
Mening Oltibegim, mening Qarnog‘im.
Qaysi inoyatdan buncha shodmonsan,
Kimlarga bosh urib izlarsan taskin.
Qaysi g‘alabadan ko‘ksi osmonsan,
Qaysi musibatdan bunchalar g‘amgin.
Do‘stlar boshi egik, dillari siniq,
Siniq ko‘ngillarga chega bo‘l, bolam?
Ortiq toptalmasin bu ona tuproq,
O‘z elingga o‘zing ega bo‘l, bolam.
Ey, ulug‘ Vatanning umidi, ko‘rki,
Mening bolajonim, mening tirnog‘im.
Kimlarga ishonib yuribsan o‘zi,
Mening oltibegim, mening qarnog‘im…