Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1992). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Yuragimning og‘riq nuqtalari» (1991), «Xo‘rlik o‘ti» (1993), «Bu kunlarga yetganlar bor» (Saylanma, 1994), «To‘marisning aytgani» (1996), «Saylanma» (2000), «Yo‘ldadirman» (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan. T. Minnullinning «Alla» pesasi shoiraning avtorlashtirilgan tarjimasida O‘zbek milliy drama teatri sahnasida ko‘yilgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990). Shoira 2018 yil 17 avgust kuni Toshkent shahrida vafot etgan.
DA’VAT
Kunduz yurib yozdim, tun turib yozdim,
Yozganda ko‘ksimga tig urib yozdim.
Dardlarimga siyoh kor qilmay qolgach,
Qalamni qonimga botirib yozdim.
Qon asli yoruglik. Yorug‘lan, tiz cho‘k,
Asl mard Vatanga tiz cho‘kib o‘tar.
Qancha qoning bo‘lsa – Vatan uchun to‘k,
Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!
OLDIMDAN OQQAN SUV
Yashamoq farog‘at, yashamoq azob,
Bekorga egilmas Sizdan boshqa ko‘k,
Ko‘ngillarni ovlab umrim bo‘pti sob,
Sizning ketishingiz xayolda ham yo‘q.
Oldimdan oqqan suv, beqadr suvim,
Umrida bir yayrab, yozilmaganim.
Bor turishi shafqat, bori sir suvim,
To qurib qolguncha sezilmaganim.
Boshqalar yonimdan ketmasin debman,
Vaqt topib ularga boribman tong-kech,
Boshqalarga ozor yetmasin debman,
Sizga ham yetishin o‘ylamabman hech.
Boshqalarga chopdim shahar, kentda man,
Bir qaytarib yo bir kesatmadingiz,
Manam g‘animatman, manam ketaman,
Deb nechun bir bora eslatmadingiz?
Onam, onam-a?!
DEMAKKI, SEN ShOIRSAN
Nafaqat…
O‘tsang yozib,
Kuz yanglig‘ so‘lib, ozib,
Bozillagan cho‘g‘ bosib,
Qo‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan.
Oltinmi
Yo olmosda,
Tig‘da yurolsang, rost-da,
Itqitsa, oyoq ostda,
To‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan.
Nafaqat
Ko‘tarsa xalq,
Ko‘ksingdan itarsa xalq,
Peshonang namakob, talx,
Sho‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan.
Nafaqat
Zar, zo‘rlarni,
Uzsang to‘sin, to‘rlarni,
Chayqaltirsang go‘rlarni,
Go‘rdayam hayqirolsang,
Demakki, sen shoirsan.
MUQADDAS AYoL
Oshiqlaring poyingta gul otib ham bo‘ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi,
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Avval: «Kel-ey, quchog‘imga to‘l, balq», dedilar,
Unamading, ayol o‘zi ters «xalq», dedilar,
Icholmagach yuz o‘girib, sho‘r, talx, dedilar,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Sen daryosan, o‘pganini qirg‘oq yashirar,
Juftim bo‘l, – deb chopganini har toq yashirar,
Jannatim, – deb quvonmasdan qumloq yashirar,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Asli bu bor ermaklarning borar yeri Sen,
Rostu yolg‘on ertaklarning borar yeri Sen,
Asov otday erkaklarning borar yeri Sen,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da,
Mast davraga bir sarin yel, bir tor kelsang-da,
Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor kelsang-da,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Qimtinasan, astagina ko‘tarasan bosh,
Ming yillikdir ko‘zingdagi javdiragan yosh,
Gunohkorlar mingu bitta Senga tegar tosh,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Harir, xushbo‘y badaningda toshlar izi bor,
Ko‘kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor,
Sen bari bir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
YO‘LDADIRMAN
Yigirma yil o‘tdi intizorlikda.
Andrey Voznesenskiy
Siz kutasiz. Menam boraman.
Uchib borodurman xuddi o‘q.
Faqat… oldin xat yuboraman,
O‘sha xatni yozganimcha yo‘q.
Ko‘ngil ichga to‘kib borini,
Bir yil, o‘n yil o‘tdi, bu ko‘pmi?
Ayriliqning alafzorini,
Birgalashib o‘ramiz, xo‘pmi?
Yigirma yil, o‘ttiz yil o‘tdi,
Ko‘zingizga malol inmasmi?
O‘ttiz yillab govlagan o‘tni,
O‘rar chog‘i chalg‘i sinmasmi?!
Qirq yil o‘tdi. Men tez boraman,
Ranjimangiz, guvoh yeru ko‘k!
Faqat… oldin xat yuboraman,
Xatni… hali yozolganim yo‘q.
Uchib borodurman xuddi o‘q,
Bu holatni qanday sharhlayman.
Borgan sari o‘rmonzor quyuq,
Men kuyinib chalg‘i charxlayman.
Siz kutasiz. Menam boraman.
AYoL O‘TIB BORAR
Sen so‘rama, men ham aytmayin
Kuragimning singanini qars.
Shovqin solma, men uygotmayin,
Yuragimda yotar bir yo‘lbars.
Baland bir o‘t yongan ichimni
Men sovutib yashashim kerak.
O‘z-o‘zimga sarflab kuchimni,
Men ovutib yashashim kerak.
Ayol o‘tib borar… sho‘x yurib,
Shamollarda soch yoygan ayol.
Ich-ichida yo‘lbars o‘kirib,
Sirtdan mayin jilmaygan ayol.
Sen so‘rama, men ham aytmayin…
XATO KETDIM
Oqlayman deb dunyoni kirlanib bitdim o‘zim.
Abdulla To‘qay
Kulgai men emasman.
Menmas yig‘lagan,
Simsim sirqiragan sato, ketdim men.
Moziy qa’rlaridan inju yig‘magan,
Bugunga sig‘magan sado, ketdim men.
Goh tikan ko‘klarkan gulzorlarida,
Ko‘nglim yerga kirdi ozorlaridan.
Kir-chir qo‘llar tegib bozorlarida
Ohori to‘qilgan mato, ketdim men.
Paydo. Shaydo edim. Nopoyt ayladilar,
Bargi xazonimdan bayt ayladilar.
Jayronday jonimni sayd ayladilar,
Jonim sayyodlarga ato, ketdim men.
Dunyoga nurli yo‘l solmoqchi edim,
Bandi bo‘ldim, garchandki soqchi edim.
Dunyo dog‘ini ketkazmoqchi edim,
O‘zimga dog‘ tegdi. Xato ketdim men.
Kulgan men emasman. Menmas yig‘lagan…
DUNYoLARGA SIG‘MAGAN G‘AVG‘O…
Biz ketganda o‘zimiz yeru,
Ko‘ngil osmon, ko‘kka ketgaymiz.
Kekirganning yoniga emas,
Cho‘g‘ni bosib, cho‘qqa ketgaymiz.
Sotqin, o‘zg‘ir o‘tmaganida,
Xoin orom kugmaganida,
Nomus bizdan ketmaganida,
Ko‘krak tutib, o‘qqa ketgaymiz.
Bog‘ ko‘rmadik kirganda boqqa,
Dog‘ qo‘shildi dog‘ uzra dokqa,
Ko‘ngil lim-lim to‘lgan.
To‘kmoqqa Yoshli qorachuqka ketgaymiz.
Qish ortidan o‘tar ko‘klam, yoz
Topolmasmiz. Ko‘ngli moslar oz,
O‘zimizday g‘aribga peshvoz
Biz tushmasmiz cho‘kka, ketgaymiz.
Umrning tong, shomlarida ham
Butlansak deb chekdik ozor, g‘am.
Bolamizning tomlaridan ham
O‘taverar cho‘kka, ketgaymiz.
Zarb yermiz, zarb tushirib yovga,
Tiriklikning g‘ami ham sovg‘a,
Dunyolarga sig‘magan g‘avg‘o,
Bir kun jim-jim, yo‘kqa ketgaymiz.
ONA ELIM
Ona elim do‘stingga do‘stu
Dushmaningga xavfu xatarman,
Jilg‘alarday chuldirab o‘sdim,
Ildizingdan kelgan xabarman.
Yongan oni yo so‘ngan oni
Ketgan bormi mehringga qonib,
Tongotarda sen deb uyg‘onib,
Kunbotarda sen deb botarman.
Bolam deding har korimda ham,
Quvonchimu ozorimda ham.
Bir kun… bir kun mozorimda ham
Seni suyib o‘ylab yotarman.
Suv so‘rasam sen uzatding bol,
Bir g‘unchang ham ketmasin uvol.
Bilmagin deb toabad zavol
Bog‘laringga bo‘ylab yotarman.
Kamon, o‘qli bo‘lgin, bo‘lma kam,
Go‘daklaring ko‘rmasin deb g‘am,
Yonimdagi sheriklarga ham
Pichir-pichir so‘ylab yotarman.
OTASIDAN O‘ZGANINI BILDIRMAS
Dardin chetga chiqaradi qaysi sher,
Ona arslon ozganini bildirmas.
Nodon “Taqdirni o‘zim yaratdim”, der,
Qodir Xudo yozganini bildirmas.
Sirtdan boqsang ko‘ngil ovlanaverar,
Shahd oldinga tashlar dovlanaverar,
Tovus ziynatlanar, tovlanaverar,
Patlarining to‘zganini bildirmas.
Esir nonni qanday yetkazadi-yu,
Go‘dagiga qanday tutqazadi-yu,
Esir tunni qanday o‘tkazadi-yu,
Etim qanday o‘sganini bildirmas.
Sharq bolasi, mayli yovqur yo daydi,
“Botir bo‘lsang avval meni yeng, — deydi, —
Avval oshiq bo‘lgan menman, men!”, deydi,
Avval qiz ko‘z suzganini bildirmas.
Sharq bolasi
Yassaviyning bolasi.
Dunyolarni titratsa ham nolasi,
Undan faqat kamsuqumlik olasiz,
Otasidan o‘zganini bildirmas.
BILMASLAR
Ko‘rdim qishloq, go‘zal shaharlar ko‘rdim,
Ohorlari ketib borar bilmaslar.
Jamalaksoch paripaykarlar ko‘rdim,
Bahorlari ketib borar bilmaslar.
Tugmak bo‘lsa yetmas belbog‘ uchlari,
Dunyo molin mahkam tishlar tishlari.
Bog‘larining shirin zabon qushlari —
Olqorlari ketib borar bilmaslar.
Otlari-ya, qorabayir otlari,
Gijingladi deb o‘ylasam, dodladi.
Yoli bo‘ron bo‘lganligin yodladi —
Shunqorlari ketib borar bilmaslar.
Kuzatib bu dunyoning o‘r, qirini,
Bilmay qoldim kelmak, ketmak sirini.
Yolg‘on yorlar yalashib bir-birini,
Chin yorlari ketib borar bilmaslar.
Charsillagan bir o‘t yonar ichimda,
Men she’r aytsam, aytmadim til uchinda.
Bu taloto‘p, quv-quv, chop-chop ichinda,
Halima ham o‘tib borar bilmaslar.
KEKSALARGA
Mahkam ushlang bir-biringizni,
Ayirmasin qishning qorlari.
Birodarlik asraydi sizni,
Asrar eski ishqning zorlari.
Hazir bo‘ling, ketmang toyinib,
Qattiq yerni qayirib bosing.
Ko‘nglingizning unut oyini
Tez-tez eslang. Xayoli bossin.
Bu maslahat yo emas bir dars,
Birga bo‘ling, bo‘lmay holi tang.
Jar labida keksaygan yo‘lbars,
Bir-bir bosib yuradi arang.
Mahkam ushlang bir-biringizni,
Bola-chaqa… baridan ortib.
Tishda tishlang bir-biringizni,
Toki ko‘proq olmasin tortib.
INJULAR
Tiklanishning asosin g‘am-hasrat beradi,
O‘ziga oson. U bersa qat-qat beradi.
Gar yukinsang Najmiddini Kubroga yukin,
Bayroq deb jon bermoq darsin hazrat beradi.
* * *
Ketgan ketaverar qator oldida,
Bor sozlar chekingay bir tor oldida.
Dunyoning bor attor, savdogarlari
Hech kim… Farididdin Attor oldida.
* * *
Ko‘karmoq ne, bilmasdim bu zumgacha,
Ko‘klab ketdi maysa qiyog‘imgacha.
Boshtin-oyoq suyib razm soldi yor,
Gullab ketdi boshtin-oyog‘imgacha.
* * *
Garchand yer yuzining qora-oqimiz,
Garchand ganj, guvala tomi, toqimiz.
Go‘zal dunyolarga boshlar yo‘l asli
Sizning bilan manim ittifoqimiz.
* * *
Ketgan ketgay qolganlarni yarolab,
O, buyuk ishq, bor inkorni qilur daf.
Qiz qabrida qizg‘aldoq ochilarmish,
Yigit o‘tsa qabrlarni oralab.
* * *
O‘ylamang, bozorda humo yo sor yo‘q,
Olibsotarlarda har ne bor, or yo‘q.
O‘marib ketardi agar bo‘lganda,
Yaxshiki, iymonni sotar bozor yo‘q.
* * *
Hozirlan, bir shiddat, shahd kelayotir,
Yo‘lda senmas. Ko‘k daraxt kelayotir.
Vatan deb atalmish qadrgohlarda,
Bayroqday hilpirar vaqt kelayotir!